Postsovet hududidagi biron mamlakatda diktator o‘limidan so‘ng nima bo‘ladi? Demokratik evrilishlarmi? Iliqlashuv va yengillikmi? Yoki o‘lgan diktator o‘rniga boshqasi keladimi? Quyida – so‘nggi paytlarda bir necha avtoritar rahbar vafot etgan mintaqa, ya’ni Markaziy Osiyo misolida shu savolga javob izlanadi.
O‘lguncha mamlakatni boshqarish – nafaqat monarxiyalarga xos. SSSRda buni “mansab kursisida jon berish”, deyishardi. Misollar ko‘p: Lenin, Stalin, Brejnev, Andropov, Chernenko.
Yangi tarixda ham bo‘ldi bunaqa voqealar. Masalan, Saparmurod Niyozov va Islom Karimovlar o‘limini eslash mumkin.
Karimov mustaqil O‘zbekistonni 25 yil boshqardi va 2016- yilda Mustaqillik bayramidan bir kun o‘tib vafot etdi. Har holda rasmiy Toshkent aynan 2-sentabrni uning vafot etgan kuni deb e’lon qilgan. Aslida Karimovning o‘limi haqidagi xabarlar hukumat bu haqda rasmiy bayonot berishidan bir necha kun oldin tarqala boshlagandi.
“Karimovning o‘limi biz uchun kutilmagan ish bo‘ldi, – deydi o‘zbek dissidenti Muhammad Solih. – Chunki u soppa-sog‘ edi, har holda uning salomatligida biron muammo borligini hech kim bilmagan.
2016-yilning avgust oyi oxiri edi. Bizga, ya’ni “Erk” partiyasi saytiga “Karimov og‘ir kasal, o‘lgan bo‘lsa ham ajab emas”, degan xabar keldi. Uch kun o‘tgach esa... Darvoqe, uchinchi kuni bayram edi, chamasi. Ha, Mustaqillik kuni. Bayramda uning tabrigini o‘qib berishdi. Prezident nomidan uning tabrigi o‘qib eshittirildi. Ya’ni Karimov vafot etganini bir necha kun sir saqladilar”.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zini Turkmanistonning umrbod prezidenti va turkman xalqi yetakchisi – “Turkmanboshi” deb e’lon qilib ulgurgan Saparmurod Niyozov o‘limini ham hukumat shunaqa yashirgan edi.
“Niyozov hayotining so‘nggi yillarida jiddiy xasta edi, – deydi muhozirlikda yashayotgan turkman muxolifatchisi Nurmuhammad Xanamov. – Qand kasali zo‘rayib ketgan, qon bosimi juda yuqori edi. Maxsus uchoqda olib kelinadigan nemis vrachlari uni tekshirib, tavsiya berib turishardi. Ammo Niyozov shifokorlar aytganini qilmasdi. Ovqatga xo‘ra edi, konyakni yaxshi ko‘rardi. Maishatdan kecholmay, sog‘lig‘ini boy berdi oqibat.
Niyozov o‘lganini eshitganim bilan Ashxoboddagi tanishlarga telefon qildim. “Xabarimiz yo‘q, hozir, televizorni yoqaylik-chi”, deyishdi. Televizorda shunchaki musiqa qo‘yilayotgan ekan, boshqa hech narsa yo‘q. “Odatda kunning bu paytida biron ko‘rsatuv, yangiliklar yoki konsert bo‘lardi”, deb hayron bo‘lishdi ular ham. Sovet Ittifoqi davridan yaxshi bilamiz: bosh kotiblar o‘lganida hamisha qanaqadir musiqa qo‘yilardi. Masala ravshan bo‘ldi. Bir necha kun o‘tib hammaga ma’lum narsani rasman tasdiqladilar”.
2006-yil 21-dekabr kuni Turkmaniston teleekranlarida Niyozov portreti ko‘rsatilib, uning fonida mashhur turkman mumtoz bastakorining hazin bir kuyi fortepianoda chalindi – bu sovet TVsidagi “Oqqush ko‘li”ning analogi edi, go‘yo.
Yangilikni e’lon qilish o‘rniga musiqa qo‘yib berish, o‘lik nomidan xalqni tabriklash va hokazo mantiqqa zid ishlar nega kerak? Gap shundaki, diktaturalarda davlat rahbari o‘lganda qanday harakat qilish bo‘yicha aniq bir algoritm bo‘lmaydi ko‘pincha. To‘g‘rirog‘i, rasman bo‘ladi, albatta, tegishli tartib-taomillar hatto Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi ham mumkin. Biroq amalda ularga hech kim rioya qilmaydi.
Ikkinchi odam
Diktatura va avtoritarizm “hozirgi rahbarimizdan boshqa hech kim oliy hokimiyatning og‘ir yukini ko‘tara olmaydi”, degan fikr ustiga quriladi. Ko‘p diktatorlar ko‘zlari ochiqligidayoq barcha raqiblaridan qutulishga urinadilar. Ammo siyosiy istibleshmentda potensial vorislar har doim topiladi.
Ayni chog‘da voris – qonun bo‘yicha davlat rahbari lavozimiga haqli odam bo‘lmasligi ham mumkin. Masalan, Turkmanistonda Niyozov vafotidan so‘ng uning vazifasini parlament raisi Ovazgeldi Atayev bajarishi lozim edi. Lekin hokimiyat o‘sha paytgacha olti yil bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Gurbanguli Berdimuhamedov qo‘liga o‘tdi.
“Parlament raisiga o‘tmishdagi gunohlarini darrov eslatib qo‘yishdi, – deydi Nurmuhammad Xanamov. – Bu ishda Gurbanguli Berdimuhamedovga prezident qo‘riqchilarining boshlig‘i Rejebov yordam berdi. Atayevning eski jinoyat ishi qaytadan qo‘zg‘atildi, uni qamoqqa tashlashdi. Berdimuhamedovga yo‘l ochildi. Shu tariqa davlat to‘ntarishi amalga oshirildi”.
Atayev 2006-yil dekabrda qamalgan edi, o‘shandan beri undan dom-darak yo‘q. 2012-yilda Turkmaniston IIV “Atayev ozodlikka chiqdi” deya bayonot berdi, biroq Ozodlik ushbu ma’lumotni mustaqil manbalardan tasdiqlashga yoki loaqal siyosatchi tirikligini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lmadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zbekistonda diktator o‘lganidan so‘ng hokimiyat tranziti ancha tinch o‘tgan.
“Nig‘matulla Yo‘ldoshev parlament raisi edi, – hikoya qiladi Muhammad Solih, – va u Respublika Konstitutsiyasiga muvofiq prezident lavozimini egallashi kerak edi. Ammo u rad etdi. Davlat ishlarini tushunmasligini, siyosat bilan shug‘ullanmasligini va yana qandaydir bo‘lmag‘ur gaplarni aytib, [prezident v.b.] lavozimini bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirdi”.
Shunday qilib, prezident o‘lgan taqdirda hokimiyat almashuvini belgilab beruvchi mexanizm ishlamayapti. Diktator o‘ladi, parlament spikeri esa o‘z burchini bajarmaydi – nazariy jihatdan, muxolifat o‘zining muqobil yagona nomzodi bilan maydonga chiqadigan payt keladi. Biroq muxolifat siyosiy kurashga kirganini na O‘zbekistonda ko‘rdik, na Turkmanistonda.
Qani muxolifat?
“Karimov o‘lgan paytda muxolifatda hokimiyatni egallash imkoni yo‘q edi mutlaqo, – hikoya qiladi Muhammad Solih. – Chunki o‘shangacha, Karimovning 27 yillik boshqaruvi davrida muxolifatning barcha tuzilmalari qatag‘onlar va davlat terrori natijasida falaj qilingandi. Batamom. Muxolifatchilar qamoqqa tashlandi. Yo‘q qilindi. Chet elga quvildi.
Biz hatto yashirincha to‘plana olmasdik. Bir uyda 10 kishini yig‘ib bo‘lmasdi. Birpasda yetib kelib, hammani ushlashardi. O‘zbekistonda siyosiy qatag‘onlar shu qadar shafqatsiz edi”.
O‘zbekistonda bo‘lgani kabi, Turkmanistonda ham muxolifat qattiq ta’qib etilgan. Saparmurod Niyozov vafot etgan paytda turkman muxolifatining barcha faollari yo qamoqda, yo majburiy muhojirlikda edi.
“Biz harakatga kechdik, muxolifat prezident saylovida ishtirok etishga tayyorligini e’lon qildik. Bu yerda tadbirlar o‘tkazdik. Xalqaro inson haqlari tashkilotlari yordam berdi, – deydi Nurmuhammad Xanamov. – So‘ngra ushbu masala bilan Yevropa Ittifoqiga murojaat qildik.
YI bizni muxolifat o‘laroq qo‘llab-quvvatlashini va kafil bo‘lishini bildirdi, chunki O‘razov va men 2002-yilda “davlat to‘ntarishiga urindi va Niyozovga suiqasd qildi” degan soxta ayblov bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edik. Shu bois, Turkmaniston prezidenti saylovida nomzodimizni qo‘yish uchun respublikaga qaytgudek bo‘lsak, bizni darhol ushlab, qamoqqa tiqishardi”.
Demak, hukumat nomzodiga muqobil yo‘q. Yagona savol shuki, hukumatning yagona nomzodi aynan kim bo‘ladi?
Hokimiyat nomzodi
Karimov o‘lgan paytda Shavkat Mirziyoyev 13 yildan beri O‘zbekiston bosh vaziri bo‘lib ishlab kelayotgandi. Ammo Karimov tirikligida u yagona potensial voris bo‘lmagan.
Bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziri Rustam Azimov hamda Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatovlar ham bor edi. Ularni uch asosiy da’vogar, deb aytishardi. Biroq Karimov o‘lgach ular hokimiyat uchun o‘zaro kurashganini ko‘rmadik, har holda sirtdan qaraganda shunday edi.
Muhammad Solihga ko‘ra, Karimovning joni uzilgan chog‘da Toshkentda keyingi voqealar ssenariysi allaqachon yozib qo‘yilgan bo‘lgan:
“Rollar taqsimlab qo‘yilgandi va barcha chekiga tushgan rolni o‘ynadi. Har bir kishi. Nig‘matulla Yo‘ldoshev birinchi kuni va ilk qadamidayoq qo‘liga tutqazilgan matnni so‘zma-so‘z o‘qib berdi. Ortiqcha bitta ham so‘z aytmadi. Hech qanaqa muhtamal nomzod bo‘lgani yo‘q. Nomzod Karimov o‘lishidan ancha oldin belgilab qo‘yilgandi. Men shunday deb o‘ylayman”.
Turkmanistonda vaziyat birmuncha chalkash bo‘lgan, Berdimuhamedov iqtidorga kelishini ko‘pchilik kutmagandi. Uni omadi chopgan deb hisoblashadi. Chunki Niyozov atrofini tozalagan, ya’ni barcha potensial raqiblarni supurib tushlagandi. Shu bois siyosiy elitada muvozanat tez-tez o‘zgarib turardi.
“Berdimuhamedov to Niyozov o‘lgunicha panada yurgan, – izoh beradi Xanamov. – Niyozov yana ozgina yashaganida u bosh vazir o‘rinbosari lavozimida qolish-qolmasligi ham noma’lum edi. Chunki so‘nggi paytlarda prezident uni qattiq tanqid qilardi. Ko‘pchilik erta-indin uning taqdiri hal bo‘lishini taxmin qilishardi. Lekin pirovardida ishlar chappasiga ketdi. Niyozov o‘ldi, Berdimuhamedov esa bundan foydalanib qoldi.
Berdimuhamedovdan oldin kuchli da’vogarlar bo‘lgan. Masalan, Rajab Saparov. U Niyozovga juda yaqin odam edi. Ikkinchisi – Yolli Qurbonmurodov. Lekin Niyozov hayotining so‘nggi yillarida ularning ikkisini ham sud qilib, qamoqqa tiqqani Berdimuhamedov uchun juda foydali bo‘ldi. Uning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladigan odam qolmadi”.
Diktatorlar janozasi
Xullas, diktator o‘ldi. Yangi favorit, ya’ni bo‘lg‘usi prezident – aniq. Nima ish qolyapti? Qari diktatorni ko‘mishu saylov o‘tkazish. Ikkisi ham xo‘jako‘rsin marosim bo‘ladi. Biroq sovet davridan meros muhim qonuniyat bor: yangi favorit dohiyning dafn marosimiga kayvonilik qiladi.
Lenin o‘lganida uning dafn marosimiga Stalin rahbarlik qilgandi va pirovardida aynan u Kompartiya tepasiga keldi – birdaniga emas, dafn marosimidan keyinoq boshlangan siyosiy kurashda raqobatchilarni bartaraf etgach.
Stalinni dafn etish marosimini tashkil etish komissiyasiga Xrushchyov rais bo‘lgan edi. Xrushchyovni, darvoqe, tirikligida lavozimdan olishdi. Uning o‘rnini egallagan Brejnev esa joni uzilgunicha bosh kotiblikda qolib, an’anani davom ettirdi: Brejnevni Andropov ko‘mdi, Andropovni – Chernenko, Chernenkoni esa Mixail Gorbachyov so‘nggi manzilga kuzatdi.
Turkmanistonda rahbarlarni dafn qilishning sovetlardan qolgan udumi Niyozov o‘lganida juda asqatdi. Gurbanguli Berdimuhamedovni mamlakatda tanishardi, biroq diktator tirikligida muhtamal voris sifatida o‘rtaga chiqish juda xatarli bo‘lur edi. Dafn komissiyasi raisligi esa elitaga va xalqqa muhim signal berib, parda ortidagi kurash natijasini anglatdi.
Keyinroq, O‘zbekistonda Islom Karimov vafot etganida Shavkat Mirziyoyev ham dafn komissiyasiga boshchilik qildi va bo‘sh qolgan prezident kursisiga o‘tirdi. Jamoatchilikka ochiq-oydin mujda berildi: biz o‘zaro kelishdik, mana shu odam davlatni boshqaradi. Boshqa kim ham bo‘lardi? Boz ustiga Mirziyoyev v.b. vaqtidayoq “katta o‘zgarishlar” qiladigandek ko‘ringan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Diktatura 2.0
“Yodingizda bo‘lsa, Turkmanistonda Niyozov ta’lim tizimini dabdala qilgandi – o‘rta ta’limni ham, oliy ta’limni ham, – deydi yana Nurmuhammad Xanamov. – Ikki yil o‘qitadigan OTMni tasavvur qila olasizmi? Tibbiyot instituti yetti yil o‘qitishi kerak, yana ikki yil amaliyot bor, shundan keyingina diplom beradi. Niyozov shu 9 yillik ta’lim davrini ikki yilga “jo qildi”. 11 yillik maktablar 9 yillik bo‘ldi, ko‘plab muhim fanlar olib tashlandi, u yozgan “Ruhnoma” asosiy darslardan biri sifatida maktab dasturiga kirdi.
Ikkinchidan, u pensionerlarning pensiyalarini bekor qildi. Oylar, hafta kunlari nomlarini o‘zgartirdi va yana ko‘p bo‘lmag‘ur ishlarni qildi.
Berdimuhamedov prezident bo‘lgach birinchi yili biz uni hatto tanqid qilishdan o‘zimizni tiydik. Chunki u pensiyalarni tikladi, ta’lim tizimini o‘zgartirdi, oylar va kunlar nomlarini qaytardi. Ana shu ilk qadamlarida biz uning mamlakat uchun islohotchi bo‘lishiga ishondik.
Biroq u dastlabki qadamlarni qo‘ydi-yu keyin Niyozov usullariga o‘tib ketdi: xalqni qo‘rquvda ushlashga harakat qila boshladi, muxolifatni ta’qib qildi. Niyozov yetimxonada katta bo‘lgan, qarindosh-urug‘lari yo‘q edi, Berdimuhamedovning esa singillari bor va ularning farzandlari – jiyanlar allaqachon voyaga yetib qolishgan edi. Shunday qilib biznesda barcha “yog‘li” joylar uning urug‘-aymoqlari qo‘l ostiga o‘ta boshladi, bu hol hanuz davom etmoqda.
Biz avval Berdimuhamedov, hozirda esa o‘g‘li tepasida turgan rejimga qarshi kurashni to‘xtatmadik. O‘g‘li kelganidan so‘ng ham deyarli hech nima o‘zgarmadi. Qilayotgan ishlariga qarang. Ayollarga soch, lab va tirnoq bo‘yashni, atir-upa ishlatishni taqiqlab qo‘ydi. Nima bu, o‘rta asrlarga qaytishmi? Lekin hatto o‘rta asrlarda ham osiyolik ayollar xino bilan soch bo‘yaganlar, ko‘zlariga surma surganlar. Kichik Berdimuhamedov esa otasidan o‘tib tushdi”.
Niyozov davridagi va Berdimuhamedov davridagi Turkmaniston, Karimov davridagi va Mirziyoyev davridagi O‘zbekiston sirtdan qaraganda bir-biridan ancha farq qiladi. Biroq amaliyot ko‘rsatmoqdaki, ushbu yorqin o‘zgarishlar – “xo‘jako‘rsin islohotlar” – mamlakat siyosiy tizimini chetlab o‘tmoqda.
Muhammad Solih prezident almashganidan so‘ng O‘zbekistonda ham o‘zgarishlar shamoli esganini, ammo bu siyosiy tizimda real o‘zgarishlarga olib kelmaganini aytadi:
“Mirziyoyev ijtimoiy-siyosiy hayotni, ayniqsa iqtisodiy soha va tashqi siyosatda liberallashuv tomon ilk odimlarni otdi. Chunonchi, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegaralarni ochdi, bojxona tizimini yumshatdi. Qardosh mamlakatlar bilan savdo jonlandi, valyuta operatsiyalari yengillashdi. Biroq to‘laqonli siyosiy islohotlardan darak bo‘lmadi, hanuz yo‘q –umidlarimiz puchga chiqdi.
Nafaqat rejim o‘zgarmadi – asosiy kadrlar ham joyida qoldi. Bugun O‘zbekiston siyosatida rasman amaldan ketgan "kagebeshnik", general Rustam Inoyatovning ta’siri borligiga aminman. O‘zi ko‘rinmagani bilan siyosati hamon davom etmoqda, chunki maxsus xizmatlarda uning kadrlari – KGB, FSB va Moskvaga aloqador kimsalar o‘tiribdi. Huquq-tartibot idoralari eski, sovet chekistlaridan butkul tozalanishi kerak. O‘shandagina islohot qilish mumkin, chunki islohotlar uchun eng katta to‘siq – KGBdan qolgan tizim va Karimov davri qoldiqlaridir.
Men gapirmay qo‘ydim, jim yuribman, chunki foydasi yo‘q. Gapiradigan bo‘lsam, 25 yil avvalgi gaplarimni takrorlashim kerak. Nega yana o‘sha so‘zlarimni takrorlay, men 25 yil bitta gapni aytishdan uyalaman, shuning uchun ham sukut qilyapman. Bu sukutim – mening eng og‘ir protestim bo‘ldi”.
Berdimuhamedov ham, Mirziyoyev ham asosan, o‘z o‘tmishdoshlaridan qolgan eski davlat apparatiga tayanishmoqda. Deputatlar, siyosatchilar, kuchishlatar idoralar – hammasi eskicha ishlayapti. Shu bois ushbu mamlakatlarda ular iqtidorga kelganidan so‘ng rejim mohiyati o‘zgarmayapti va amalda eski rejim 2.0 versiyada saqlanib qolmoqda. Mirziyoyev, Karimovga o‘xshab qonuniy ikkinchi muddatidan keyin ham iqtidorda qolish maqsadida Konstitutsiyani qaytadan yozdi. Berdimuhamedov esa undan o‘tib tushdi – o‘g‘lini prezident qilib qo‘ydi.