Dog‘istonda antisemit aksiyasi: Aeroport bosib olindi. O‘zbek vrach “yahudiy” emasligini isbotlashga majbur bo‘ldi

Aksiya ishtirokchilari “yahudiylarni topish va shaharga kirgizmaslik” maqsadida Maxachqala aeroportini bosib olgan.

Dog‘iston poytaxti Maxachqalada 29-oktabr kuni kechqurun antisemit aksiyasi o‘tkazildi. Xabarlarda aksiyada bir necha yuzdan ming nafargacha norozi ishtirok etgani aytilmoqda. Aksiya ishtirokchilari Tel-Avivdan uchib kelgan samolyotda “yahudiylarni topish va shaharga kirgizmaslik” maqsadida Maxachqala aeroportini bosib olgan. 30-oktabr tongga yaqin kuchishlatar tuzilmalar tartibsizliklar ishtirokchilarini tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilindi. Rossiya Tergov qo‘mitasi mazkur voqea yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

Maxachqalada "Smart Vings" aviashirkatining Tel-Avivdan uchib keladigan samolyotini “kutib olish”ga chaqiriqlar yakshanba kuni ertalabdan mahalliy telegram kanallarda paydo bo‘la boshladi. Buning ortidan aeroport OMON tomonidan qurshab olindi. Biroq ular aeroportga “yurish qilgan” yuzlab odamlarni ushlab qololmadi.

Aeroportdan chiqish joylarida aksiya ishtirokchilari “yahudiylarni aniqlash maqsadida” yo‘lovchilarning hujjatlarini tekshirganlar. Olomon hatto OMON avtobusini ham tekshirgan. Ozodlikning “Kavkaz.realii” loyihasi mana shunday “tekshiruv”ga O‘zbekiston fuqarosi ham tushib qolgani to‘g‘risida xabar berdi.

“Agressiv olomon Moskvadan Dog‘istonga uchib kelgan erkakni Isroil fuqarosi deb tahmin qilib, ushlab oldi. U olomonga yahudiy emasligini, Isroildan kelmaganini tushuntirishga harakat qildi. Uni fuqarolik kiyimidagi politsiyachilar olomon ichidan olib chiqib ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u -Dilshod Mamadaliyev, millati o‘zbek va Moskvada vrach bo‘lib ishlaydi”,
deb yozdi “Kavkaz.realii”.

Yakshanba kuni kechki soat 9 larda olomon aeroportning uchish-qo‘nish maydonchasiga bostirib kirgan va Tel-Avivdan kelgan samolyot bortiga chiqishga harakat qilgan.

30-oktabr soat ikki holatiga ko‘ra, tartibsizliklar paytida kamida 20 kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Tartibsizliklar paytida politsiyachilar toshbo‘ron qilingan. Kamida ikki politsiyachi boshidan yaralangan. Maxachqalaga uchib kelgan samolyotning ayol yo‘lovchilaridan biri qon bosimi oshib kasalxonaga yotqizilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Dog‘iston boshqarmasi Jinoyat kodeksining 212-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Politsiya tartibsizliklarda ishtirok etganlarning barchasi videokameralardagi tasvirlar vositasida aniqlanishini va qo‘lga olinishini va’da qilmoqda.

Mahalliy hukumat aeroport ustidan nazorat qo‘ldan chiqarilgani haqida ancha vaqt sukut saqladi. Hukumatga qarashli OAVlarda ham bu voqea haqida kechikib xabar berildi.

Dam olish kunlari antisemit aksiyalar Shimoliy Kavkazning boshqa shaharlarida ham o‘tkazildi. 28-oktabrda Qorachoy-Cherkes respublikasi poytaxti Cherkesskda Isroil fuqarolarini mamlakat hududiga kiritmaslik talab qilingan namoyish o‘tkazildi. Namoyishchilardan kamida 30 nafari qo‘lga olindi. 29-oktabrda Dog‘istonning Derbent shahrida Isroildan kelgan qochqinlarni go‘yoki mahalliy mehmonxonalarga joylashtirish rejasi mavjudligi to‘g‘risidagi mish-mishlar ortidan namoyish bo‘lib o‘tdi.

Kabardin-Balkar respublikasi poytaxti Nalchik shahrida qurilayotgan yahudiy madaniy markazi binosi oldida norozilar avtomobil pokrishkalarini yoqib yubordilar. Bino devorlariga “Yahudlarga o‘lim” degan so‘zlar yozib ketildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Уруш анатомияси: Араб-Исроил урушлари, Исроил-Фаластин зиддияти тарихи

Mahalliy hukumatlar norozilik namoyishlari «Rossiya dushmanlari» tomonidan tashkillashtirilganini iddao qilayotir. Shimoliy Kavkaz muftiylari esa antisemit aksiyalariga qarshi fikr bildirdilar va bu namoyishlarni “fitnachilar uyushtirmoqda” deb hisoblashlarini aytdilar.

Rossiya bosh ravvinligining Dog‘istondagi vakili Ovadya Isakov respublikadagi yahudiy aholi evakuatsiya qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hozirda Dog‘istonda 600 - 800 yahudiy oilasi yashamoqda. Isakovning aytishicha, Derbentdagi yahudiy jamoasi, turli ma’lumotlarga qaraganda, bu yerga IV va VII asrlar oralig‘ida ko‘chib kelgan.

Amerika Antidiffamatsiya ligasi Yevropa Ittifoqi, Britaniya, Kanada, AQSH, Lotin Amerikasi davlatlari va Turkiyada yahudiylarga qarshi o‘nlab norozilik chiqishlari bo‘lganini qayd etgan.