Dog‘istonda qurolli hujumlar: 6 politsiyachi halok bo‘ldi

Dog‘istonning Darband shahrida noma’lum qurollilar sinagoga va cherkovni o‘qqa tutgan. Hujum ortidan sinagogada yong‘in sodir bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida Maxachqal’ada noma’lum shaxslar YPX postiga hujum uyushtirgan. Kamida 6 nafar politsiya xodimlari halok bo‘lgan.

Maxachqal’adagi hujum oqibatida 16 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 13 nafari politsiya xodimlari. Respublika muftiyatining ma’lum qilishicha, Darband va Maxachqal’ada ja’mi 9 kishi halok bo‘lgan, ulardan 7 nafari politsiya xodimlari, yana 25 odam jabrlangan.

"Dahshatli terrorchilik hujumi oqibatida huquq-tartibot idoralari, ruhoniylar, oddiy fuqarolar halok bo‘ldi", deyiladi xabarda.

Hujum qilganlarning shaxsi hozircha noma’lum, ular oq rangdagi Volkswagen Polo rusumli avtomobilda hodisa joyidan yashirinishga muvaffaq bo‘lganlar. Shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Ahmad Quliyevning so‘zlariga ko‘ra, barcha xavfsizlik kuchlari shay holatga keltirilgan.

Dog‘iston Jamoatchilik kuzatuv komisiyasi raisi Shamil Xadulayevning bildirishicha, Darbandda bir ruhoniy o‘ldirilgan, shuningdek Maxachqal’adagi cherkov qo‘riqchisi halok bo‘lgan.

Milliy aksilterror qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Maxachqal’ada ikki pravoslav ibodatxonasi, shuningdek sinagoga va YPX postiga hujum uyushtirilgan. Tergov qo‘mitasi terrorchilik hujumi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Darband va Maxachqal’ada otishmalar davom etayotgani xabar qilinmoqda. Mintaqada aksilterror rejimi e’lon qilingan.

Milliy aksilterror qo‘mitasi Moskva vaqti bilan soat 23.00 holatiga aksilterror amaliyotining faol bosqichi nihoyasiga yetgani, ikki nafar hujumchi o‘ldirilganini ma’lum qilgan.