Dubay “sement qiroli”ni Toshkentga topshirdi

O‘tgan oy Dubayda hibsga olingan O‘zbekiston vatandoshi Ulug‘bek Shodmonov 8-yanvar kuni Toshkentga ekstraditsiya qilindi.

Toshkentdagi norasmiy “Ofis” bilan bog‘liq surishtiruvlarda nomi o‘rtaga chiqqan Shodmonov Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbarining endilikda sobiq o‘rinbosari Otabek Umarov atrofidagi muhim shaxs deb ishoniladi.

O‘zbekistondagi sement biznesining qariyb yarmini nazorat qilishi aytilgan Shodmonov Birlashgan Arab Amirliklarining “oltin viza"si asosida oilasi bilan Dubayga ko‘chib o‘tgan va bir necha yildan buyon u yerda yashayotgan edi.

Shodmonovning O‘zbekistonga topshirilishi Toshkentda Prezident Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd ishi bo‘yicha yopiq mahkama boshlangan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

39 yashar Shodmonovning amerikalik advokatlari uning ushbu suiqasd bilan bog‘liq jinoyat ishiga tortilishidan xavotir bildirishgan.

Dubaydan DXX hibsxonasiga

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalari ta’kidicha, 8-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklaridan O‘zbekictonga olib kelingan Ulug‘bek Shodmonov hozirda xalq tilida "Gvardeyskiy" deb ataladigan DXXning Toshkentdagi hibsxonasida saqlanmoqda.

Shodmonov aynan qanday jinoiy harakatlarda gumon qilinayotgani borasida rasmiy ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi eng yirik sement ishlab chiqaruvchi kompaniya - Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan United Cement Groupning 100 foiz ulushiga egalik qiluvchi Shodmonovning o‘tgan oy Dubayda ushlangani yuzasidan biron rasmiy izoh bermagan.

Shodmonovning O‘zbekistonga sudsiz ekstraditsiya qilingani haqida xabar bergan fuqarolik va jinoiy sudlov bo‘yicha ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Shodmonovga iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilmoqda.

Detained in Dubai saytidan skrinshot

Ulug‘bek Shodmonovning nomi Ozodlikning Toshkentda tadbirkorlar va mulozimlarga noqonuniy bosim o‘tkazib kelgani aytilgan norasmiy “Ofis” bilan bog‘liq surishtiruvlari jarayonida ham o‘rtaga chiqqan.

O‘zbekiston rasmiylari Otabek Umarovga bog‘langan “Ofis”ga oid iddaolarni biror ko‘rinishda sharhlamagan.

Ozodlik ixtiyorida Otabek Umarov yoki Ulug‘bek Shodmonovni Toshkentdagi norasmiy “Ofis”ga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lovchi hujjat mavjud emas.

Ammo “Ofis”dan jabr ko‘rganini iddao qilgan yirik tadbirkorlarning bu boradagi ko‘rsatmalari mavjud.

"Oltin viza"li mahbus

Oldinroq Ulug‘bek Shodmonovning Ozodlik so‘roviga javob bergan AQSHdagi advokatlari uning Dubayda ushlangani va hibsda qolayotganini qat’iyan rad etishgandi.

Endilikda Shodmonov himoyasi bilan shug‘ullanayotgan advokatlarga ko‘ra, o‘tgan oy boshida Birlashgan Arab Amirliklari maxsus kuchlari Shodmonovning Dubaydagi ko‘chmas mulkida maxsus reyd o‘tkazgan va uni hibsga olgan.

"United Cement Group rahbari "oltin viza" asosida Dubayda bir necha yildan beri yashab kelayotgan edi. O‘tgan yil dekabrida kutilmaganda o‘ndan ortiq maxsus kuchlar reyd uyushtirib, uni hibsga olishdi. U xuddi xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilganday. Vaholanki, unday emas edi. Hibs vaqtida advokatlar ham yonida bo‘lgan. Shodmonovning Amerika vatandoshi bo‘lgan advokatlariga mamlakatdan chiqib ketish va amalda shovqin ko‘tarmaslikni buyurishdi. Shodmonovning o‘zidan esa shundan buyon xabar bo‘lmagan. Bu Birlashgan Arab Amirliklarining nima qilayotgani borasida xavotirlar uyg‘otdi", deydi "Detained in Dubai" platformasi asoschisi Radxa Stirling.

"Siyosiy ayblovlar"

Shodmonovning Dubayda ushlanishi 26-oktyabr kuni prezident ma’muriyati sobiq mulozimi Komil Allamjonovga qarshi suiqasd yuzasidan tergov fonida yuz bergan.

Amerikalik advokat o‘tgan yilning 14-dekabr kuni Ozodlik bilan telefon suhbatida mijozi undan 26-oktyabr kuni Toshkentda yuz bergan suiqasd borasida atroflicha ma’lumot to‘plashni so‘raganini ma’lum qilgan edi.

Ozodlikning Allamjonovga suiqasd haqidagi ma’lumot nima uchun kerakligi haqidagi savoliga Shodmonovning advokati keyinroq javob berishini bildirgan, ammo keyingi so‘rovlarni javobsiz qoldirgandi.

Shodmonov himoyasiga e’lon qilingan maqolada uning Komil Allamjonovga suiqasd doirasidagi jinoyat ishiga jalb etilishi ehtimolidan xavotir bildirilgan.

"Bilishimcha, suiqasd urinishiga aloqadorlikda unga nisbatan hech qanday ayblov qo‘yilmagan. Ammo kelajakda qo‘yilishi mumkin. Bunday qilishga hech qanday huquqiy asos yo‘q. Shodmonov har qanday jinoiy harakatga aloqadorligini mutlaqo rad etadi. U o‘ziga qarshi ilgari surilayotgan va kelajakda ilgari surilishi mumkin bo‘lgan barcha iddaolarni uni yomonotliq qilish kampaniyasining bir qismi deb biladi", deydi "Detained in Dubai" platformasi asoschisi Radxa Stirling.

Advokatlari Shodmonovga qarshi ayblovlar siyosiy ekani va u O‘zbekiston hibsxonasida qiynoqqa tutilishini iddao qilishgan.

Shodmonov Prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbarining endilikda sobiq o‘rinbosari Otabek Umarov atrofidagi muhim shaxs deb ishoniladi.

Mkrtchyan da’vosi

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yilning dekabr oyi boshida Armaniston vatandoshi bo‘lgan tadbirkor Ovik Mkrtchyan Ulug‘bek Shodmonov va shuningdek, uning hamkori, tadbirkor Stanislav Satskin uning noqonuniy hibsga olingani va hatto qiynoq qo‘llanishiga aloqadorligini iddao qilib, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga shikoyat arizasi kiritgan.

Tadbirkor Ovik Mkrtchyan. (Rassom Martinsh Upitis)

Mkrtchyan, boshqa bizneslar qatorida, London va Toshkentda ofislarga ega Gor Investment Limited investitsiya kompaniyasining asoschilaridan bo‘lib, kompaniyaning maslahat kengashi a’zosi ham hisoblanadi.

Gor Investment Limited maslahat kengashi tarkibiga shuningdek, AQSH sobiq davlat kotibi va Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Mayk Pompeo, AQSH sobiq energetika vaziri va Texas gubernatori Rik Perri hamda sobiq AQSH diplomati Tomas Shennonlar ham o‘rin olgan.

Manbalarga ko‘ra, Mkrtchyan o‘z arizasida DXX xodimlari Ganchar Uzaqov va Timur Shorixsiyev hibsxonada unga qiynoq qo‘llaganini iddao qilgan.

23-noyabr kuni ishdan olingan bu ikki DXX xodimi, shuningdek, ularning hamkasblari Muzaffar Nurbayev va Akmal Kosboldiyevlar, Ozodlikning huquq tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, Toshkentdagi norasmiy “Ofis” bilan yaqindan hamkorlik qilganlikda gumonlanmoqda.

Oldinroq Mkrtchyanning prezident Mirziyoyevga video murojaati qator xalqaro jurnalistik tadqiqot guruhlariga sizdirilgandi.

“2024-yil 17-yanvarda meni DXX xodimlari hibsga olishdi. Qilmagan jinoyatlarimga iqror bo‘lishim uchun 85 kun mobaynida menga bosim qilindi, qiynoqlar qo‘llandi, meni va butun oila a’zolarimni Interpol qidiruviga berishdi… Hibsga olinishimning asl sababi shuki, 2023-yil boshlarida Ulug‘bek Shodmonov degan shaxs menga tanish bo‘lgan Stanislav Satskin orqali mendan maslahat kengashim a’zolari – janob Mayk Pompeo hamda Tom Shennon AQSH ma’muriyati tarafidan O‘zbekiston boshqaruvidagi ikki yuqori martabali mulozim – Li Dmitriy Romanovich va Allamjonov Komil Ismailovichga bosim o‘tkazib, keyinchalik ularning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini talab qildi. Shu maqsadda menga Li Dmitriy Romanovichning yo‘nalish varaqalari hamda Allamjonov Komil Ismailovichning pasporti nusxasi berildi. Men bu talabni bajarishdan bosh tortdim", deydi Ovik Mkrtchyan Mirziyoyevga murojaatida.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hozirga qadar Mkrtchyanning da’vo arizasi yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Uning videodagi iddaolari yuzasidan biron surishtiruv boshlangani Ozodlikka ma’lum emas.

"Shunday so‘ng, 3 mlrd dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish nazarda tutilgan loyihalar to‘xtab qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, avvalroq, sentyabr-oktyabr oylarida tadbirkor Stanislav Satskin, Tumasov Kamoga “bu loyihalar hech qachon amalga oshmaydi, chunki Shodmonov Ulug‘bek ularni yo‘q qiladi” deb aytgan ekan. Hozirgi jinoyat ishi to‘liq soxtalashtirilgan deb hisoblayman va bunda DXXning ikki xodimi – Abdumajidov Abror (ikkinchi ismi Ganchar) va Timur Shorixsiyevlarning qo‘li bor”, deydi Ovik Mkrtchyan Mirziyoyevga murojaatida.

"Sement qiroli" haqida nima ma’lum?

Ulug‘bek Mirrustamovich Shodmonov 1985-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirrustam Shodmonovning o‘g‘li.

Aftidan, Ulug‘bek Shodmonov katta mulozimning o‘g‘li sifatida tadbirkorlik

Ulug‘bek Shodmonov marhum prezident Islom Karimov bilan.

faoliyatini erta yoshlarda boshlagan.

U qariyb 100 foizlik ulushga ega "PARMA-SERVIS" MAS'ULIYATI CHEKLANGAN JAMIYATI tashkil qilingan payt uning yoshi atigi 14 yoshda bo‘lgan. Ushbu firmada u ta’sischi sifatida qayd qilingan.

Ulug‘bek Shodmonov Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetining Bank ishi fakultetini bitirgan.

Uning bank sohasida ishlagan, ishlamagani Ozodlikka ma’lum emas. Lekin u tadbirkorlik bilan keng shug‘ullangani ma’lum. Hozirda ochiq reyestrda Ulug‘bek Shodmonov va uning qarindoshlariga tegishli o‘nlab firmalarni topish mumkin.

“Toshkent haqiqati” gazetasining 2001-yil 20-oktyabrdagi sonida Ulug‘bekning otasi Mirrustam Shodmonovning O‘zbekistonda sement biznesini rivojlantirish uchun xorijlik sheriklar ishtiroki muhimligi haqidagi gaplari keltirilgan.

Oradan 6 yil o‘tib, uning o‘g‘li Ulug‘bek Shodmonov Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan United Cement Group kompaniyasiga asos soladi. O‘sha paytda Ulug‘bek 20 yoshda bo‘lgan.

Reyestrdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Shodmonov 100 foiz ulushlariga egalik qiladigan UCG yoki United Cement Group, ekspertlar fikricha, offshor kompaniyalardan sanaladi.

Hozirda UCG nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi sement ishlab chiqaruvchi eng yirik shirkat hisoblanadi.

Toshkent va Olmaotada bosh ofislariga ega shirkat mintaqadagi 6 ta yirik zavodga egalik qiladi.

Hozirda UCG yiliga 10 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega.

UCG ga qarshi da’volar

UCG 2021-yili O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlaridan biri «Qizilqumsement»ni sotib olgan. AQSH kongressmeni Uesli Xant UCG O‘zbekistonda yutgan o‘sha tenderni shaffof emas, deya tanqid qilgan.

"2022-yil boshida Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo O‘zbekiston va Rossiyada faoliyat yurituvchi UCG O‘zbekiston hukumatining mamlakatdagi eng yirik sement zavodlaridan biridagi ulushini "shaffof" deb nomlangan bitim asosida sotib oldi. Ammo bu "shaffof" bitimning rasmiy tendersiz va sezilarli chegirma bilan amalga oshirilgani ayniqsa shubhali. Buning natijasida UCG kompaniyasi O‘zbekistondagi sement ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 50 foizini nazorat paketiga ega bo‘ldi. Biz xususiylashtirish niqobi ostida Rossiya foydasiga monopollashuv guvohi bo‘lmoqdamiz," degan amerikalik kongressmen.

Kongressmen UCG kompaniyasini AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini buzganlikda aybladi va AQSH Moliya vazirligidan bu borada alohida tekshiruv o‘tkazishni so‘radi.

Ukrainaning "Mirotvores" tadqiqot markazi ham UCG kompaniyasini Rossiya bilan

hamkorlikda ayblab, kompaniya egasi Ulug‘bek Shodmonovga qarshi sanksiyalar kiritishga chaqirdi.

Biroq, Ulug‘bek Shodmonovning amerikalik advokati o‘z mijozi kompaniyasi yaxshi obro‘ga ega ekanligini ta’kidlaydi.

Ulug‘bek Shodmonovning nomi butun dunyo bo‘ylab yuzlab yuqori martabali siyosiy va ishbilarmon shaxslarning maxfiy offshor hisoblarini fosh etgan "Pandora hujjatlari"da ham tilga olingan.

Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi 2021-yilda oshkor qilgan ma’lumotlarda Shodmonovning O‘zbekiston sement biznesidagi hukmronligi ochiqlanadi.

Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi offshordagi AMANAT GROUP LIMITED shirkatini Ulug‘bek Shodmonovga bog‘lashgan.

Ushbu shirkat O‘zbekistonda 2013-yilda tashkil qilingan "BAZIS" mas'uliyati cheklangan jamiyatining 100 foizlik ta’sischisi hisoblanadi.

Ochiq reyestrda "BAZIS" jamiyati QIZILQUMSEMENTga bog‘langani qayd qilingan. O‘z navbatida QIZILQUMSEMENT - UCGga qarashli zavoddir.

Suiqasd ishi harbiy sudda ko‘rilmoqda

Ulug‘bek Shodmonovning Dubayda ushlanib, Toshkentga topshirilishi prezident ma’muriyatining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd ishi mahkamaga oshirilgan pallaga to‘g‘ri keldi.

Ozodlikning huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, Toshkent shahar harbiy sudida o‘tayotgan mahkamada DXX va IIVning sobiq tezkor xodimlari doxil o‘ndan ziyod sudlanuvchi bo‘lib, sud majlisi yopiq tarzda o‘tmoqda.

“Mahkama mutlaqo maxfiy: sudlanuvchilar soni ko‘pligi, qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay yana mavhumlik hukm surmoqda”, deya yozadi “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekistonning yaqin tarixidagi eng shov- shuvli siyosiy qotillik urinishiga oid mahkama borasida na Oliy sud va na Bosh prokuratura rasmiy ma’lumot e’lon qilganicha yo‘q. Hozircha panjara ortidagi sudlanuvchilar va ularga qo‘yilayotgan ayblovlar ma’lum emas.

Ozodlik surishtiruvlari davom etadi! Voqealar rivojini biz bilan birga kuzating!