Dushanbeda “davlat to‘ntarishiga urinish” ishi bo‘yicha yopiq sud boshlandi

Hamroxon Zarifiy, Akbarshoh Iskandarov, Saidja’far Usmonzoda, Ahmadshoh Komilzoda va Shokirjon Hakimov

Tojikiston Oliy sudi 14-noyabr kuni “davlat to‘ntarishiga urinish”ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Mazkur ish bo‘yicha, Ozodlikning tojik xizmati xabariga ko‘ra, mamlakatda taniqli bo‘lgan bir necha arbob sudlanmoqda.

Ko‘chma sud Dushanbedagi tergov hibsxonasi binosida yopiq eshiklar ortida o‘tkazilyapti. Mahkama jarayoniga faqat sudlanuvchilarning advokatlari qo‘yilgan, qarindoshlarning sudda ishtirok etishiga ruxsat berilgan emas.

Oliy sud matbuot xizmati mazkur sud jarayoni yuzasidan biror-bir izoh berishdan bosh tortgan. Ozodlikning tojik xizmati sudga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Shavkat Lutfullozoda raislik qilayotganini yozgan.

Sudlanuvchilar kursisida qancha odam o‘tirgani hozircha noma’lum. Tergov hibsxonasi binosiga kelgan Ozodlik jurnalistlari sudga kamida olti nafar advokat kirib ketganiga guvoh bo‘lishgan. Advokatlar matbuot bilan muloqot qilishdan bosh tortishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Saidja’far Usmonzoda, Akbarshoh Iskandarov, Ahmadshoh Komilzoda va Shokirjon Hakimov hokimiyatni kuch bilan egallab olishga uringanlikda (Tojikiston Jinoyat kodeksining 306-moddasi) ayblanishmoqda. Bundan tashqari, bu taniqli arboblarning ayrimlariga qarshi milliy va diniy nizo qo‘zg‘aganlik (JKning 189-moddasi) ayblovi bo‘yicha ham ish ochilgan. Har ikki modda bo‘yicha ham uzoq yillik qamoq jazolari ko‘zda tutilgan.

Shokirjon Hakimov barcha ayblovlarni rad etgani ma’lum. Jurnalistlar hozircha qo‘lga olinganlar va ularning qarindoshlari fikrini olishga imkon topolmagan. Tojikiston Bosh prokuraturasi mazkur ishga maxfiylik muhrini bosgan va OAVga hech qanaqa ma’lumot taqdim etayotgani yo‘q.