DXX uchta tumanda hokim muovinlarini pora bilan qo‘lga oldi

Illyustrativ surat

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh, Andijon viloyatining Bo‘ston va Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tuman hokimlari o‘rinbosarlarini pora bilan qo‘lga olishgan.

DXX qaydicha, Taxiatoshda hokim muovini 32 million so‘m, Bo‘stonda hokim o‘rinbosari 10 ming dollar, Bo‘kada esa hokim muovini 1200 dollar olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda uchala holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deyilgan xabarnomada holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda turli darajadagi mulozimlar tomonidan o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda sodir etilgan korrupsion jinoyatlar fosh etilganiga oid xabarlar ko‘paygan. Pora bilan qo‘lga olinganlar orasida IIV, sud, prokuratura, Milliy Gvardiya va boshqa tashkilotlar mas’ullari bor.