O‘zbekistonda noyabr oyining oxirgi o‘n kunligidan boshlangan energetika inqirozi hozirning o‘zida yosh bolalar doxil 30 dan ortiq insonning umriga zomin bo‘ldi.
Mahalliy matbuotda xabar qilingan qurbonlarning 15 nafari 3 oylikdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
Ularning aksari o‘tgan yillardagi kabi is gazidan nobud bo‘lgan.
Ayni paytda tarmoqlarda svet va gazdan uzilgan tug‘ruqxonalarda chaqaloqlar va onalar sovuqdan aziyat chekayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.
Ozodlik so‘roviga javob bergan Birlashgan Millatlarning bolalar jamg‘armasi - UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi yuzaga kelgan vaziyatda bolalar hayotidan tashvishda ekanini bildirdi.
“Har bir bolaning taqdiri biz uchun muhim. Butun dunyoda bo‘lgani kabi biz ham energetika inqirozi hukm surayotgan bir paytda qattiq qishning bolalarga ta’siridan xavotirdamiz. Xonalarni izolyatsiyalashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, bolalarni qarovsiz qoldirmaslik, is gazidan zaharlanishning oldini olish uchun oilalar va mahallalarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqiramiz”, - dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade Ozodlik bilan suhbatda.
O‘n kunda 30ga yaqin o‘lim
11-dekabr kuni Qashqadaryoda 13 yoshli bola is gazidan zaharlanib halok bo‘ldi, uning 9 va 11 yoshli ukalari shifoxonaga yotqizildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, hodisa Qarshi shahri Paxtazor mahallasida sodir bo‘lgan.
Rasmiy farazga ko‘ra, ushbu mahalladagi oilalardan birida gaz plitasidan chiqqan is gazidan oilaning uch farzandi zaharlangan. Bolalardan biri o‘lgan, ikki nafari kasalxonada davolanmoqda.
Holat yuzasidan shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
10-dekabr kuni ayni viloyatning Qarshi tumani, "Dasht" mahallasida bir oilaning uch a’zosi is gazidan nobud bo‘lgandi
Bosh prokuraturaga ko‘ra, qo‘lbola usulda yasalgan isitish pechidan chiqqan is gazidan 67 yashar ayol va uning 31 yashar kelini hamda 8 yashar nabirasi zaharlanib o‘lgan.
Bundan oldin 8-dekabr kuni Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida bir oilaning ikki a’zosi vafot etdi. Ularning o‘limiga ham is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgani bildirildi.
Kattaqo‘rg‘onda esa ota va uning voyaga yetmagan farzandi o‘z uyida zaharlanib vafot etgan bo‘lsa, 4-dekabr kuni Chinozda yosh er-xotin va ularning 3 oylik chaqalog‘i mazkur zahardan halok bo‘lishdi.
Is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq xolatlarning eng daxshatlisi 5-dekabr kuni Buxoroda sodir bo‘ldi.
Butun oila, ota, ona va ularning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi is gazidan nobud bo‘ldi.
Bular mahalliy matbuotda yoritilgan xabarlar. Is gazidan bu yilgi o‘lim holatlari haqida hozircha rasmiy statistika e’lon qilingani yo‘q.
O‘limlarga kim javobgar?
Buxoroda is gazidan nobud bo‘lgan uch go‘dakning bobosi Ochil Usmonov bo‘lgan voqeani "baxtsiz hodisa" deb ataydi, unda hech kimni ayblamasligini aytadi.
“Xudoning yozgani, kimni gunohkor qilasiz bu yerda? Bolalarni xonasiga elektropech qo‘yishgan, isinish kerak-da. Shundan gilamga o‘tib is gazi chiqib nobud bo‘lishdi”, - deydi Buxoroda is gazidan nobud bo‘lgan bolalarning bobosi Ochil Usmonov 13-dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.
Zaharlanish oqibatida oilaning yana ikki a’zosi shifoxonaga yotqizilgan edi.
O‘zbekistonlik jurnalist Anora Sodiqova gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab yuzaga kelayotgan o‘lim holatlarida hukumatni ayblaydi.
“Agar elektr, gaz bo‘lsa, bunaqa o‘limlar bo‘lmasdi. Hukumatning aybi bu deb o‘ylayman. Vazirlar byudjetdan pul yeb yotishibdi, bu yoqda go‘daklar o‘lib ketyapti. Is gazidan o‘limlarni odamlarning o‘ziga to‘nkashyapti. Aslida bitta-ikkita o‘limga rasmiylar oyoqqa turishi kerak. Lekin shuncha o‘lim bo‘lyapti, hamma jim.
Har yili bo‘ladi, hech kim javobgarlikka tortilmaydi. O‘lib ketaveradi bolalar. Bolalarning o‘limiga alohida urg‘u berishganini ko‘rmaymiz.
Yo‘l-transportdagi o‘limlarga qayg‘urgan odamlar, is gazi bilan bog‘liq o‘limlarga e’tibor berishmayapti”, - deydi jurnalist.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi tug‘ruqxonadagi vaziyat aks etgan video tarmoqlarda tarqalgach, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyatga e’tibor qaratdi:
Vazirlik o‘z bayonotida shifoxonada elektr ta’minoti tiklanlangani va muassasa qo‘shimcha elektr generatori bilan ta’minlangani qayd qilingan.
Jurnalist Anora Sodiqovaning aytishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotidan so‘ng ichki ishlar xodimlari sharoiti yo‘q tug‘ruqxonadagi ona-bolalarni chiqarib yuborish bilan muammoni hal etishgan.
Jurnalistga ko‘ra, IIB xodimlari tug‘ruqxonani yopish bilan tahdid qilgan va vaziyatni videoga olgan hamshiralardan boshqa bunday murojaat bilan chiqmaslik borasida tushuntirish olishgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ullariga ko‘ra, ular uyma-uy yurib, is gazi va nosoz isitish qurilmalari xavfidan odamlarni ogohlantirib, tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Ozodlik bolalar o‘limi bilan bog‘liq hodisalar yuzasidan Ombudsmanning bola huquqlari bo‘yicha vakili idorasiga murojaat qildi, ammo hozircha savollarga javob olgani yo‘q.