Erdo‘g‘on O‘zbekistonni o‘rtoq turkiy alifboga o‘tishga chaqirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Bishkek, 2024-yil 6-noyabri

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 6-noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitidagi nutqida o‘rtoq turkiy yozuvning ahamiyatini urg‘uladi, deya xabar qildi Qirg‘izistonning 24.kg agentligi.

“Bizning umumiy alifbomiz kelajakni birgalikda barpo etishimizning yana bir belgisi sanaladi. Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr o‘rtoq turkiy alifboga o‘tishga tayyor. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston ham yangi alifboga o‘tish yo‘lini tutsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi”, degan Turkiya prezidenti.

Ozodlik avvalroq TDT mamlakatlari harflar va diakritik belgilar borasidagi ko‘p yillik kelishmovchiliklarni yengib o‘tib, 34 harfdan iborat o‘rtoq lotin alifbosini qabul qilishga kelishgani haqida xabar qilgandi.

O‘rtoq alifbo bo‘yicha munozaralar 1990-yillar boshlarida, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Turkiya Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi turkiy davlatlar bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga intilgan paytda boshlangan.

34 harfli o‘rtoq yozuvning yakuniy variantini tayyorlagan olimlar bu alifbo ushbu mamlakatlarda qo‘llanadigan turkiy tillarning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirishini ta’kidlashadi. Ammo tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari “Kreml omili” tufayli umumiy alifboga o‘tishga hassos masala sifatida qarashlarini aytishadi.

TDT tarkibiga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon kiradi. Turkmaniston, Vengriya va tan olinmagan Shimoliy Kipr davlati mazkur tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.