Misr o‘zining barcha aviashirkatlariga 8-avgust tongida uch soat mobaynida Eron havo hududidan uchib o‘tmaslik haqida topshiriq berdi. Mazkur buyruq Eron bilan Isroil o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgani bilan bog‘liq, deya xabar qildi Reuters agentligi.
Uchuvchilarga 7-avgust kuni yo‘llangan xavfsizlik to‘g‘risidagi ogohlantiruvda cheklov Grinvich bo‘yicha soat 01:00 dan 04:00 gacha amal qilishi aytilgan. Unda ogohlantiruvga oid qo‘shimcha tafsilotlar keltirilmagan.
“Misrning barcha aviashirkatlari Tehron uzra parvoz qilishdan qochishi kerak. Mazkur hudud uchra uzib o‘tishga oid parvoz rejalarining birontasi qabul qilinmaydi”, deyilgan ogohlantiruv xatida.
Misr Fuqaro aviatsiyasi vazirligi chorshanba oqshomida ogohlantiruv Eron rasmiylarining parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalarini e’tiborga olish zarurati bilan bog‘liqligini tasdiqlagan.
“Eron havo hududidagi harbiy mashqlar 7-avgust kuni Tehron vaqti bo‘yicha soat 11:30 dan 14:30 gacha hamda 8-avgust kuni soat 4:30 dan 7:30 gacha o‘tkaziladi”, deyilgan Fuqaro aviatsiyasi vazirligi bayonotida.
Yakshanba kuni Iordaniya rasmiylari uchoqlari qirollik aeroportlariga qo‘nishi kerak bo‘lgan aviashirkatlarning barchasidan uchoqlarga parvozlar qo‘shimcha 45 daqiqa davom etishi mumkinligini hisobga olgan holda yonilg‘i quyishni so‘ragan.
Iordaniya doxil mintaqa mamlakatlari avvalroq Eron Isroil bo‘ylab raketa zarbalari berishi ehtimolidan kelib chiqqan holda o‘z havo hududlarini yopgan edi.