Eron, Ukraina va Gruziyada koronavirusga qarshi emlash jarayoni tezlashdi

COVAX dasturi doirasida Ukrainaga 170 ming doza Pfizer-BioNTech vaksinasi yuborilgan.

Eron, Ukraina va Gruziyada koronavirusga qarshi aholini emlashda siljish qayd etildi. Ushbu mamlakatlarning sog‘liqni saqlash mutasaddilari e’lon qilishicha, COVID-19 vaksinalash dasturi ancha tezlashgan.

Ukraina sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Viktor Lyashko COVAX dasturi doirasida Ukrainaga 170 ming doza Pfizer-BioNTech vaksinasi yuborilganini 30 - yanvarda aytgan.
COVAX Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining past daromadli davlatlarni vaksinalar bilan ta’minlash dasturidir.

«Vaksinalar bilan avvalo COVID-19 bilan kasallanganlarni davolayotgan shifokorlar emlanadi»,- degan Lyashko Facebook sahifasida.

Ukrainaga, shuningdek, 2021 - yilning birinchi yarmida 2,2 – 3,7 million doza AstraZeneca vaksinasi ham yetkaziladi.

Gruziya Bosh vaziri Giorgiy Gaxariya 30 - yanvar kuni o‘z Facebook sahifasida ma’lum qilishicha, fevral oyining oxirigacha Gruziyaga Pfizer vaksinasining birinchi partiyasi yetib keladi.

Gaxariya aynan qancha vaksina Gruziyaga yetkazilishini aytmagan, lekin uning bildirishicha, ilk dozalar bilan tibbiyot xodimlarini emlash rejalashtirilgan.

Gaxariya buni o‘nlab umumiy ovqatlanish muassasalari hamda sog‘lomlashtirish markazlar egalari Tbilisida COVID-19 qarshi cheklov choralarini bekor qilish talabi bilan namoyishlarga chiqqan bir paytda e’lon qilgan, deb xabar beradi Ozodlik radiosining gruzin xizmati.

Gruziya rasmiylarining bildirishicha, vaziyat o‘nglanmaguncha, cheklovlar kuchda qoladi.

Eronga Rossiyaning Sputnik V vaksinasining birinchi partiyasi 4 - fevralgacha keltirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi IRNA davlat axborot agentligi.

“Eron va Rossiya vaktsinani sotib olish hamda birgalikda ishlab chiqarish kelishuvini kecha imzolagan”,- degan 30 - yanvar kuni Tehronning Moskvadagi elchisi Kazem Jaloli IRNA agentligiga.

Sputnik V vaksinasining yana ikki partiyasi fevral oyi mobaynida keltiriladi.

Vaksina sinovlari borasidagi e’tirozlarga qaramay, Sputnik V Rossiya, Belarus, Argentina, Boliviya, Serbiya, Falastin, Venesuela, Paragvay, Turkmaniston, BAA va Gvineya respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Sputnik V shuningdek favqulodda holatlarda foydalanish uchun YeI a’zosi bo‘lmish Vengriyada ham davlat ro‘yxatidan o‘tgan, ammo bu qaror hali Yevropa Dori-darmonlar Agentligi (EMA) tomonidan ma’qullanishi lozim.

Yevropa va boshqa davlatlar hukumatlari COVID-19 virusining yangi mutatsiyalari paydo bo‘lgani ortidan xalqaro sayohatga doir joriy etilgan cheklovlarni yanada kuchaytirmoqda.

Sog‘liqni saqlash mutasaddilari vaksinalar virusdan, ayniqsa uning Janubiy Afrika va Braziliyada aniqlangan mutatsiyalaridan etarli darajada himoya qilishidan shubhalanmoqda.