Eronda prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi

Eronda 30-may kuni prezidentlikka nomzodlarni rasman ro‘yxatga olish jarayoni boshlandi. Muddatdan ilgari saylov 19-may kuni vertolyot qulashi tufayli prezidentlik lavozimini egallab turgan Ibrohiy Raisiy vafot etgani munosabati bilan keyingi oyda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Ozodlikning fors xizmati xabariga ko‘ra, prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish besh kun davom etadi. Ovoz berishning o‘zi 28-iyunga belgilangan. IRNA davlat axborot agentligi shu paytgacha 25 chog‘li nomzodlikka da’vogar ariza topshirgani, biroq ularning hammasi rad etilganini xabar qilgan.

Nomzod o‘laroq tasdiqlangan da’vogarlarning yakuniy ro‘yxati 11-iyun kuni Konstitutsiya posbonlari kengashi tomonidan e’lon qilinadi, bu kengash a’zolari Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Xomanaiy tarafidan tayinlanadi yoki tasdiqlanadi.

Vertolyot qulashi chog‘ida vafot etgan Raisiy 85 yoshli Xomanaiyning muhtamal vorisi o‘laroq ko‘rilardi. Eronda prezident davlat rahbari bo‘lib hisoblanmaydi – oliy ruhoniy bo‘lmish oyatulloh boshqaradi.

Ibrohim Raisiy 63 yoshda edi. U prezident lavozimini 2021-yilda egallagan. Avvalroq Raisiy Eron bosh prokurori va sud hokimiyati rahbari lavozimlarida ishlagan. U tashqi siyosatda ham, ichki siyosatda ham qattiqqo‘l boshqaruv tarafdori bo‘lib hisoblanardi. Raisiyning mamlakat ichidagi va xorijdagi tanqidchilari uning o‘ta jiddiy jinoyatlar, xususan 1988-yildagi rejim muxoliflarining ommaviy qatl etilishi uchun mas’ul ekanini aytib kelishadi.