Eronda «axloq politsiyasi» tarqatib yuborildi. Bu haqda mamlakat bosh prokurori ma’lum qildi. Eronda sentabr oyida 22 yoshli Mahsa Aminiy politsiya hibsxonasida vafot etganidan keyin boshlanib ketgan norozilik namoyishlari hanuz davom etmoqda.
4-dekabr kuni IRNA Eron davlat axborot agentligida chop etilgan maqolada e’tirof etilishicha, bosh prokuror Muhammad Jafar Muntazariydan nima sababdan axloq politsiyasi yopilgani haqida so‘rashganda, «axloq politsiyasining sud tizimiga aloqasi yo‘qligini» ta’kidlagan.
Munozarali axloq politsiyasi patrullari 2006-yilda radikal prezident Mahmud Ahmadinajod davrida ta’sis qilingan. Bu politsiya mamlakatda islomiy kiyinish qoidalarini, xususan, ayollar hijob o‘rashini nazorat qilish uchun tashkil etilgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Erkak a’zolari yashil formalari, ayol a’zolari esa chodiri bilan tanilgan axloq politsiyasi dastlab qoidabuzarlarga ogohlantirish bergan, biroq tez orada qoidalarni buzgani iddao qilingan ayollarni hibsga ola boshlagan.
Bir kun oldin Muntazariy parlament va sud tizimi ayollar jamoat joylarida hijob o‘rashini talab qiluvchi qonunni o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi. Prokuror muzokaralar natijasi «bir-ikki hafta ichida ma’lum» bo‘lishini aytgan.
3-dekabr kuni Eron hukumati Aminiyning o‘limidan beri tinchimayotgan namoyishlarda 200 dan ortiq odam halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Eron huquq tashkilotlariga ko‘ra, o‘lganlar soni aslida 300 dan yuqoridir. Hozirgi norozilik namoyishlari Eronda 1979-yil sodir bo‘lgan islomiy inqilobdan beri yuzaga kelgan eng yirik norozilik to‘lqinlaridan biridir.
Xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Majid Mirahmadiy 4-dekabr kuni Eron davlat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida noroziliklarning «asosiy sababi» iqtisodiy emasligini ta’kidladi.
«Bu muammo, lekin asosiy sabab emas», - dedi Mirahmadiy.
«Bu adolatsizlikka qarshi norozilikdir».
Tehron Eron dushmanlarini mamlakatda fuqarolar urushini qo‘zg‘atish maqsadida atayin tartibsizlik keltirib chiqarishda ayblamoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16-noyabr kuni Xuziston viloyatining Eza va Isfahon shaharlarida mototsikl minib olgan qurolli shaxslar xavfsizlik kuchlari va tinch aholiga qarata o‘t ochgan, natijada Ezada yetti, Isfahonda esa ikki kishi nobud bo‘lgan. Rasmiylar bu hujumlarni «terrorchilik» deb atashmoqda.
26-oktabr kuni Sherozdagi Shoh Cherag maqbarasiga uyushtirilgan hujumda 13 kishi halok bo‘lgan edi. Hujum uchun mas’uliyatni «Islomiy davlat» ekstremistik guruhi o‘z zimmasiga oldi.
Eronning iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Muhsin Rizoiy 18-noyabr kuni so‘zlagan nutqida «achchiq» voqealarda Tehron dushmanlarini aybladi va ular mamlakatda fuqarolar urushini keltirib chiqarishga urinayotganliklarini da’vo qildi.
«Shoh Cherag, Isfahon va Ezadagi kabi zo‘ravonliklarni amalga oshirib, Eronni Suriya yoki Livanga aylantirib bo‘lmaydi», - dedi u.
Bundan bir kun oldin Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir-Abullohyon Isroil va G‘arb davlatlarini Eronda «fuqarolar urushini boshlash» hamda mamlakatni «parchalab yuborishga» fitna qilishda aybladi.
Amir-Abdullohyon Twitterda «Xavfsizlik xizmatlari, (Isroil) va Eronni vayron qilish va parchalash rejalarini tuzgan G‘arb siyosatchilari Eron Liviya yoki Sudan emasligini bilishlari kerak», deb yozdi, ammo o‘z da’volarini tasdiqlovchi biror dalil keltirmadi.