Estoniyada “til patrullari” paydo bo‘ldi, rusiyzabonlar bundan norozi

Eston tilida yozilgan ko‘cha ishoratlaridan biri (arxiv surati)

Joriy yil kuzida Estoniyada Keelemalev deb atalgan yangi xalq harakati paydo bo‘ldi: eston tilida bu so‘z “til qo‘shini” yoki “til patruli” degan ma’noni anglatadi.

Harakatni siyosatchi Indrek Luberg tuzgan. U odamlarni jamoat joylarida rus tilidan foydalanilayotganiga oid barcha holatlar bo‘yicha o‘ziga Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali xabar berishga chaqirgan. Bu kabi “qonunbuzarliklar”ga, Lubergga ko‘ra, do‘konlarning bukletlari, teatr afishalari, shirkat va muassasalarning veb-saytlarida duch kelish mumkin.

Estoniyada auditoriyaga davlat tilidan boshqa tilda murojaat qilgan barcha “til patrullari” vakillari tomonidan rus tilidan voz kechishga chaqirilmoqda. Masalan, bir nechta savdo tarmog‘i rus tilida buklet chiqarganlari uchun Indrek Lubergdan rasmiy maktub olishgan.

Estoniyada rus tilida so‘zlashuvchilarning bir qismi mazkur tashabbusdan o‘ta norozi. Ular “til qo‘shini” sahifasi yuzasidan Facebook moderatorlariga shikoyat qilishga chaqirishgan va bu tashabbus millatlararo adovat qo‘zg‘atayotganini iddao qilishmoqda.

Bunday ish ustidan Yevroparlamentga shikoyat qilish, petitsiyalar topshirish mumkin va kerak. Bular misli ko‘rilmagan narsalar”, deb yozgan Luberg xatti-harakatlaridan norozilardan biri.

Jamoat joylarida rus tilidan foydalanishga qarshi kurash Latviyada anchadan buyon davom etmoqda. Biroq Estoniyada siyosiy arboblar haligacha “til qo‘shini” tashabbusiga e’tibor qaratgan emaslar. Shunga qaramay, eston tili to‘g‘risidagi qonun ijrosi ustidan nazorat olib boradigan Til departamenti rahbari “til patrullari” tashabbusini yaxshi g‘oya, deb hisoblaydi.

Urush tufayli jamiyatdagi kayfiyat o‘zgardi. Men o‘zim ham ommaga taqdim etiladigan barcha ma’lumotni, deylik, iste’molchilar uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarni rus tiliga tarjima qilishga hojat yo‘q, deb hisoblayman. Rus tilida so‘zlashuvchi ko‘pchilik eston tilini tushunadi, ular eston tilidagi reklama bukletlarini ham tushuna olishlari mumkin”, degan Estoniya Til departamenti direktor Ilmar Tomusk.

So‘nggi paytlarda Estoniyada birdaniga bir necha muassasa mijozlar bilan aloqadan rus tili olib tashlanishi haqida ma’lum qilgan. Masalan, Politsiya va Chegarani qo‘riqlash departamenti avvallari avtomatik ogohlantiruv xabarlarini uch tilda – eston, rus va ingliz tillarida tarqatishar edi. Biroq Estoniyada yashovchi kishilardan biri bunga Til departamenti e’tiborini qaratganidan keyin bu ikki tashkilot xabar tarqatishda bundan buyon rus tilidan foydalanilmasligini bildirishgan.