Eurasianet nashrida keyingi paytlarda Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi shaxslarni jangari guruhlarga yollash urinishlari avj olgani haqida maqola chop etildi. Quyida ushbu maqolaning qisqartirilgan tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.
Jangari yollashga bag‘ishlangan Telegram guruhlarning birida yozilgan postda «Xurosonga hijrat ochiq», deyiladi. Post mualliflariga ko‘ra, «Xurosondagi xalifalik Xudoning inoyati bilan kengayib, o‘sib bormoqda».
«Islomiy davlat» ekstremistik guruhining Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lmish «Islomiy davlat – Xuroson» guruhiga aloqador Telegram-kanalda 15-avgust kuni yozilgan postda jangari guruh uchun jang qilib, shahid bo‘lganlarning oxirati obod bo‘lishi e’tirof etildi. Postga ilova qilingan suratda Markaziy Osiyoning zamonaviy xaritasi fonida qurol tutgan shaxslar tasvirlangan. Post ham o‘zbek lotin alifbosida, ham o‘zbek kirill alifbosida yozildi.
Postni «Xuroson ovozi» guruhi tarqatgan. Guruh joriy yilning bahorida Afg‘onistondan turib O‘zbekiston hududiga bir necha raketa otgan edi. Jangari guruh keyingi paytda O‘zbekistonda jangari yollashga qaratilgan sa’y-harakatlarini kuchaytirgan.
«Xuroson ovozi» hozirda «Islomiy davlat – Xuroson» guruhi tashviqotini tarqatib kelgan «Al-Azaim Media» bilan hamkorlik qilmoqda. «Al-Azaim Tojikiy» tojik tilida kontent yaratgani kabi, «Al-Azaim Media» o‘zbek tilida ham original, ham tarjima qilingan bosma, audio va video materiallarni hozirlamoqda.
Guruh kontenti nafaqat Tolibonga, balki Markaziy Osiyo hukumatlariga qaratilgan. Darhaqiqat, «Xuroson ovozi» guruhi tez-tez O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni nishonga oladi. «Al-Azaim Tojikiy» esa Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonni nishonga olib keladi.
Bir yil oldin Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatga egallab olganidan keyin, Markaziy Osiyo yetakchilariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Ayni damda O‘zbekiston Tolibonning Markaziy Osiyodagi yagona «do‘sti»dir. Iyul oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanga Tolibon yetakchilari va mintaqa rasmiylari jamlanib, xavfsizlik, rivojlanish va «Islomiy davlat» ochiqdan-ochiq tahdid solayotgan infratuzilma sarmoyalari haqida suhbatlashdilar.
«Islomiy davlat – Xuroson» guruhiga aloqadir yana bir Telegram kanal – «Tawhid News» O‘zbekiston Tolibonga o‘zini himoya qilish uchun pul to‘layotganini aytib, Tolibonning Toshkentga tashrifni tanqid qildi. «Islomiy davlat – Xuroson» guruhining ayrim tarafdorlari Tolibon o‘zini musulmonlardek ko‘rsatayotganini aytishdi.
Bir necha kundan keyin «Xuroson Ovozi» guruhi «Tushuning, ummatga sherlar kerak!» deb yozdi. Postga pichoq tutgan «Islomiy davlat» jangarisi surati ilova qilindi. Kanalda avvalroq ulashilgan audiomurojaatda Markaziy Osiyo musulmonlari «xalifalik safiga qo‘shilib, O‘zbekiston, Tolibon va ularning g‘arblik xo‘jayinlariga qarshi jihod qilishga» chaqirilgan edi.
«Xuroson ovozi» raketa hujumidan ko‘p o‘tmay «Tolibon va murtad O‘zbekiston hukumatiga qarshi jihodimiz davom etadi» deya post yozib, O‘zbekiston hukumatini «AQSh va Rossiyaning Islomni yo‘q qilish istagini amalga oshirayotgan qo‘g‘irchoqlar» deya qoralagandi.
Jangari yollashga qaratilgan harakatlar yaxshi tashkil etilganini xulosa qilish mumkin. «Xuroson ovozi» guruhi harbiy xizmatga kirish haqidagi savollarga javob berish va qiziqqan shaxslarni Afg‘onistonga chaqirib olish va tayyorlash bilan shug‘ullanadigan shaxslar bilan bog‘lanish uchun maxsus Telegram hisoblarni yaratgan.
«Xuroson ovozi» guruhi mavjud Telegram-kanallari bloklansa, tezda yangisini ochadi. Guruh O‘zbekistonni jangari yollash uchun qulay zamin deb biladi va Toshkentdagi hukumatni Islomga zid, Tolibon tuzumini esa global islom oilasi manfaatlariga putur yetkazuvchi millatchi pushtun harakati sifatida tanqid qilib keladi.
«Xuroson ovozi» tarafdorlarining fikricha, bunday vaziyatda Markaziy Osiyo musulmonlari Tolibonga va o‘zlarining dunyoviy hukumatlariga qarshi kurashishga majburlar.
«Xuroson ovozi» guruhi «Al-Azaim Media» bilan hamkorligi tufayli ko‘p sonli obunachi to‘plamoqda. Xulosa qilib aytganda, «Xuroson ovozi» o‘zbeklarni radikallashtirishda muhim o‘yinchiga aylanib bormoqda.