Aksil‑Tolibon qarshilik kuchlari toliblar bilan muzokara besamar tugaganini tasdiqladi. Ahmad Ma’sud toliblarning Afg‘oniston yangi hukumati tarkibiga kirish taklifini rad etdi, deya ma’lum qildi Ozodlik radiosi afg‘on xizmatiga qarshilik kuchlari rasmiy vakili Fahim Dashtiy.
Unga ko‘ra, mazkur taklif Ma’sudga Tolibon harakati rahbariyati a’zosi Amir Xon Muttaqiy bilan telefon orqali suhbat chog‘ida bildirilgan.
“Muzokaralarda qarshilik kuchlari barcha afg‘onistonliklar muammolarini hal qilish, jumladan, mamlakatda yashovchi barcha etnik guruhlar vakillari ishtirokida inklyuziv hukumat tuzilishiga erishish uchun harakat qilmoqda. Toliblar esa Ahmad Ma’sudga hukumatda lavozim taklif qilib, Kobuldagi mol-mulki daxlsiz saqlanishiga va’da berishgan. Milliy qarshilik fronti kuchlari qo‘mondoni esa bunga javoban o‘zi uchun hukumatda yuqori lavozim talab qilmasligini, qolaversa, poytaxtda mol-mulki yo‘qligini bildirgan”, deb ta’kidlaydi Fahim Dashtiy.
Mashhur afg‘on dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Ma’sudning o‘g‘li Ahmad Ma’sud avvalroq Bi-bi-si fors xizmatiga intervyusida toliblar tuzayotgan totalitar hukumat turli inqirozlarga olib kelishini aytgan edi. Uning nazarida Afg‘onistonga barcha xalqlar va etnik guruhlarning vakillaridan iborat inklyuziv hukumat zarur.
Ma’sudning fikricha, faqat shunaqa hukumat jahon hamjamiyati tomonidan tan olinadi. Afg‘onlarga mamlakat ichida va undan tashqarida boshqalar bilan tinch-totuv yashashga imkon beradigan hukumat kerak, deb urg‘ulagan Panjshir yetakchisi.
Milliy qarshilik kuchlari rasmiy vakiliga ko‘ra, Panjshir vodiysida to‘rt kun davom etgan qurolli to‘qnashuvlar ushbu muammoni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini isbotlaydi. Uning aytishicha, toliblar Panjshirga hujum chog‘ida katta talafot ko‘rganlar: 350 dan ziyod jangari o‘ldirilgan, yana 280 nafari yarador.
Tolibon vakillari bu ma’lumotni na tasdiqlagan, na inkor etgan.
Avvalroq Tolibon rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid Panjshirning ayrim hududlari bosib olinganini va qarshilik kuchlari askarlari orasida qurbonlar borligini bildirgan edi.
Amir Xon Muttaqiy ikki kun oldingi chiqishida Panjshirdagi qarshilik harakati yetakchilari bilan muzokaralardan natija bo‘lmaganini va endilikda toliblar viloyatni kuch bilan egallashini aytgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, toliblar Ahmad Ma’sud bilan muzokarani davom ettirishdan voz kechish niyatida emas.
Muttaqiy, shuningdek, jangarilar Panjshirni to‘rt tarafdan qurshab olganini ma’lum qilgan. Aksil‑Tolibon qarshilik kuchlari esa ushbu ma’lumotni rad etgan.
Panjshir viloyati Kobuldan shimol tarafda joylashgan bo‘lib, aholisining mutlaq katta qismini tojiklar tashkil qiladi. Bu – mamlakatning toliblar nazoratida bo‘lmagan so‘nggi hududlaridan biridir.
Bu orada Tolibon ichida turli etnik-siyosiy guruhlar o‘rtasida Afg‘onistonning bo‘lajak yangi hukumatida ta’sir kuchiga ega bo‘lish uchun kurash boshlangani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. “Hindustan Times” gazetasi yozishicha, ushbu jarayonda “Haqqoniy tarmog‘i” fraksiyasi yetakchisi Sirojiddin Haqqoniy hamda Tolibon asoschisining o‘g‘li mulla Muhammad Yoqub asosiy shaxslar bo‘lib turishibdi.
Oldinroq Tolibon mamlakatning yangi hukumati borasida maslahatlashuv yakunlanganini ma’lum qilgan edi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, hukumatga harakat yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda rahbarlik qiladi. Tolibonning Dohadagi siyosiy ofisi boshlig‘ining o‘rinbosari Sher Muhammad Abbos Stanikzay Bi-bi-si fors xizmatiga ayollar vazir va undan yuqori lavozimlarga tayinlanmasligini aytgan.