Farg‘onada xot-dogdan zaharlangan 4 kishi kasalxonaga yotqizildi

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 6-noyabr kuni xot-dog iste’mol qilgani ortidan zaharlangan to‘rt kishi kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mita axborot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Sanepidqo‘mita vakillari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida bemorlarning 2 nafari 2024-yil 5-noyabr kuni tushlik vaqtida O‘zbekiston tumani "Yaypanbozorbosh" MFY, Ibn Sino ko‘chasida faoliyat olib borayotgan fastfut mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida, yana 2 nafar bemor esa mazkur tumanning "Oqtepa" MFY, "Turkiston" ko‘chasida faoliyat olib borayotgan “OQTEPA MINI FOOD” nomli fastfud mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini iste’mol qilganlari ma’lum bo‘lgan.

Vrachlar ko‘rigidan o‘tgan bu kishilar “oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi” tashxisi bilan tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgani, “bemorlarning umumiy holati qoniqarli” ekani aytilgan.

Holat o‘z mutaxassislari tomonidan to‘liq nazoratga olingani haqida bildirgan Sanepidqo‘mita zaharlanishga sabab bo‘lgani aytilayotgan fastfud mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchalari ayni paytda faoliyat yuritib-yuritmayotganiga aniqlik kiritgan emas.