Farmon: Davlat korxonalaridan eksklyuziv huquqlar olib qo‘yiladi

O‘zbekistonda bir qator yirik davlat konxonalari iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha eksklyuziv huquqlardan mahrum etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 3-iyun kuni imzolangan “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda qayd etilgan.

Hujjat “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish” maqsadida qabul qilingan.

Matni O‘zA saytida yoyinlangan farmonga muvofiq, 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi, “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi,

“O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi, “O‘zkimyoimpeks” MCHJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi bekor qilinadi.

Shuningdek, hujjat bilan 2026-yil 1-iyulidan boshlab “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi hamda “O‘zenergosotish” AJning elektr energiyasi eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Farmonda 2025-yil 1-yanvaridan boshlab qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etilishi, mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish huquqi berilishi aytilgan. Ayni paytda mazkur sanadan boshlab budjet buyurtmachilari tomonidan, shu jumladan, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar tegishli tartibda G‘aznachilik xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan (hisobga olingandan) so‘ng amalga oshiriladi.

Hujjatda 2026-yil 1-iyulidan boshlab korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiyasi hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-avgustiga qadar bojxona bojlari Jahon savdo tashkiloti me’yorlariga muvofiq ravishda qayta ko‘rib chiqilishi lozim.