Farzand tug‘ilganda otaga ham ta’til berish taklif etilmoqda

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda ishlayotgan erkaklar farzandli bo‘lganda turmush o‘rtog‘iga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli ta’til berilishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ana shu me’yor taklif etilgan.

O‘zA xabariga ko‘ra, milliy qonunchilikda bunday ta’til nazarda tutilmagani sababli erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarini uyg‘un tarzda amalga oshirishga qiynalgan yoki o‘z hisobidan ta’til olishga majbur bo‘lgan.

Deputat Nodir Tilavoldiyev qaydicha, bir oy ichida besh kunlik ta’til mobaynida erkakning maoshi saqlanib qoladi.

Yangi loyiha orqali mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish, tazyiq va zo‘ravonlikni taqiqlash prinsiplari takomillashtirilmoqda.

Bundan tashqari, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarning ehtiyojmand toifaga kiritilishi va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha davlat tomonidan qo‘shimcha kafolatlar berilishi belgilanmoqda.

Quyi palata matbuot xizmati muhokama jarayonida qonun loyihasidagi ayrim normalar e’tirozlarga sabab bo‘lgani, ularni saylovchilar huquq va manfaatlaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish tavsiya etilganini bildirgan.