Fermerlar G‘aniyevni prezident farmonini sabotaj qilishda ayblamoqda

"Sangzor tekstil" MChJ binosi.

Joriy yilning 17-mart kuni O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev fermerlarni o‘zlarining tumanidagi klasterdan boshqa klaster bilan shartnoma tuzishini taqiqlovchi bayonnomani imzoladi.

Fermerlarning aytishlaricha, Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasining yig‘ilishida e’lon qilingan ushbu qaror fermerlarning o‘z viloyatidagi xohlagan klasterni tanlash haqidagi prezident farmoniga zid.

Fermerlar G‘aniyevni prezident farmonini sabotaj qilishda ayblashmoqda.

Andijon viloyat, Bo‘ston tumanidagi 11 nafar fermer “Sayyora favvorasi” MChJ klaster korxonasi paxtaga Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilab bergan eng minimal narxdan ham kam haq to‘laganiga norozilik bildirib, Baliqchi tumanidagi “Skorton tekstil” MChJ bilan shartnoma qilishga kelishgan edi.

Ammo fermerlarning aytishlaricha, viloyat va tuman hokimi ularni faqat “Sayyora favvorasi” klasteri bilan shartnoma qilishga majburlamoqda.

Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirova, “Sayyora favvorasi” klasteri fermerlarga minimal narxdan kam haq to‘laganini tasdiqlar ekan, fermerlarni bu klasterda qoldirish Shuhrat G‘aniyevning qarori asosida bo‘layotganini aytdi.

Shuhrat G‘aniyev o‘tkazgan majlis bayonnomasi

“Sayyora favvorasi” klasteri Bo‘ston tumanidagi 108 fermerning 2021-yilgi paxtasini Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilagan minimal narxdan past narxda sotib oldi.

Fermerlar bunga qattiq norozilik bildirishgan. Ammo ularni hech kim eshitmagan, tuman hokimi ham, viloyat hokimi ham klasterning noqonuniy bu xatti-harakatiga baho bermagan.

Tumandagi 11 fermer Baliqchi tumanida yangi tashkil etilgan “Skorton tekstil” MChJ bilan shartnoma qilishga kelishdi. Bu klaster fermerlarga paxtani bozorda shakllangan narx asosida sotib olishga va’da berdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan bo‘stonlik fermerning aytishicha, viloyat va tuman hokimi ularga boshqa klaster bilan shartnoma imzolashga to‘sqinlik qilmoqda:

Ular ham viloyat hokimining g‘azabidan cho‘chib turishibdi.

“Faqat “Sayyora favvorasi” bilan shartnoma qilasizlar, bu viloyat hokimining topshirig‘i deb, tuman hokimi Sanobar Nosirova aytmoqda. Biz shartnoma qilishga kelishgan “Skorton tekstil” vakillari bilan gaplashganimizda ham, ular afsus sizlar bilan shartnoma qilolmaymiz ekan, viloyat hokimi Bo‘stonga tegma deb aytgan, dedi. Ular ham viloyat hokimining g‘azabidan cho‘chib turishibdi. Bo‘lmasa ular ham jon deb bizlar bilan ishlashga rozi. Prezidentga yozganimiz bilan undan javob kelguncha bir oy o‘tib ketadi. Ekin-tikin vaqti keldi. Shunga boshimiz qotib turibdi”.

Fermerning aytishicha, “Sayyora favvorasi” bilan uch yilgi hamkorlik ularga faqat zarar keltirgan:

Yuzdan ortiq fermerlarning yo‘qotgan pulini hisoblasak millardlarga qarab ketyapti.

“Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘tgan yili paxta xarid narxining eng minimalini 7030 so‘m deb e’lon qilgan edi. Bundan yuqori to‘lash mumkin, ammo past to‘lash mumkin emas edi. Lekin klaster 6550 so‘mdan haq berdi. Yuzdan ortiq fermerlarning yo‘qotgan pulini hisoblasak millardlarga qarab ketyapti. Shunday qilib, fermerlar haqini urib qoldi. Klaster rahbarlari ham fermerlarga xuddi qulday, qo‘pol muomala qiladi. Bosim o‘tkazish, do‘q-po‘pisa bilan ishlaydi. Biz mustaqil subyektmiz, bizga bunaqa muomala , bunaqa talonchi klaster kerak emas”.

Respublika komissiyasi yig‘ilishi qarori.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bo‘stonlik fermerning aytishicha, O‘zbekiston Bosh vaziri Shuhrat G‘aniyev prezident qarorini ham nazar-pisand qilmay, hamma fermerlarni o‘zlarining tumanidagi klasterlarga bog‘lab qo‘ydi:

G‘aniyevning bu bayonnomasi esa mutlaqo prezident farmoniga zid.

Bosh vazir o‘rinbosari respublika komissiyasining raisi bo‘lib yig‘ilish bayonini chiqarib qo‘ydi. Bu bayonga ko‘ra, har bir tumandagi fermer boshqa tumandagi klaster bilan shartnoma qilolmaydi. Biz ”Sayyora favvorasi”dan bezib, boshqa tumandagi klaster bilan shartnoma qilmoqchimiz. U klaster boshida xursand bo‘lib, endi esa bizga viloyat hokimi taqiqlab qo‘ydi, deb unamay turibdi. Prezidentning o‘tgan yil noyabrda chiqargan farmoniga ko‘ra, biz viloyatimida istalgan klaster bilan shartnoma qilishga haqqimiz bor. Bu farmon bilan tasdiqlangan. G‘aniyevning bu qarori esa mutlaqo prezident farmoniga zid. Aksiga olib, viloyat va tuman hokimliklari ham, qonun himoyachisi bo‘lgan prokurorlar ham klaster tomon. Agar korrupsiya aralashmasa bunaqa ish bo‘lmas edi”.

Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev o‘tkazgan yig‘ilish bayonnomasidagi ilovaga ko‘ra, har bir tumandagi klaster nomi, unga qancha yer biriktirilgani aniq yozib qo‘yilgan.

Qaror ilovasiga ko‘ra klasterlarga yerlar birkitilib bo‘lingan.

Ilovaning kirish qismida esa fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida biriktirilgan yer maydonlari, deb ko‘rsatilgan.

Ammo bo‘stonlik 11 fermer hali “Sayyora favvorasi” bilan shartnoma imzolamagan bo‘lsa-da, ularning yer maydonlari allaqachon klasterga biriktirib qo‘ygani ko‘riladi.

Jizzax tumanidagi 156 nafar fermer “Sangzor tekstil” MChJ bilan shartnoma imzolashdan bosh tortib turgan bo‘lsa ham, 17900 gektar yer bu klasterga biriktirilgani qayd etilgan.

Fermerlar dekabr-yanvar oylarida viloyatidagi o‘zi istagan fermer bilan shartnoma tuzishni yakunlashi va shunga qarab klaster tashkilotlarga kredit ajratilishi lozim edi.

Aftidan, prezidentning farmoni bu safar ham bajarilmaydi.

Andijon viloyatida agrosanoat kompleksida ishlaydigan mulozimning aytishicha, Shuhrat G‘aniyevning fermerlarni klasterlarni ixtiyoriy tanlash huquqidan mahrum qilayotgani prezident farmoniga nisbatan sabotajdir:

Bu, fermerlardan mustaqillikni yana tortib olish, yana eskicha tuzumga qaytish.

“Prezident farmoniga ko‘ra, 2022-yil paxta hosili rejallashtirilayotgan paytda fermerlar o‘z viloyatidagi istalgan klaster bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fyuchers shartnomasi qilish huquqiga ega. Lekin bunga qaramasdan Shuhrat G‘aniyev tumanlarga alohida-alohida qilib fermerlarni klasterlarga biriktirib qo‘ydi. Fermer avvalgi klasterdan jabr ko‘rganiga qaramasdan yana o‘sha bilan shartnoma qilishga majburlanyapti. Buni nima deb atash mumkin? Bu, prezidentning qarorini sabotaj qilishdan boshqa narsa emas. Bu, fermerlardan mustaqillikni yana tortib olish, yana eskicha tuzumga qaytish. Yana hokimlarning, prokurorlarning aralashuvi, yana tazyiq, yana bosim! Bu ahvolda yuz yilda ham qishloq xo‘jaligida o‘zgarish bo‘lmaydi!”

Bo‘ston tumani hokimi Sanobar Nosirova Ozodlik bilan suhbatda fermerlar “Sayyora favvorasi” klasteri bilan shartnoma qilishi belgilanganini tasdiqladi:

“Bizning tumanda “Sayyora favvorasi” MChJ respublikda birinchi bo‘lib paxtaning pulini 6550 so‘mdan fermerlarga to‘lab berdi. O‘rtadagi farqni o‘zaro nizolar kelib chiqqan bo‘lsa sudga berib undirib olishyapti. Endi, respublika bo‘ylab birinchi pul to‘lagan klaster tursayu, fermerlar boshqa klasterni tanlamoqchi bo‘lsa, endi bu yog‘ini bilmadim. Lekin, bizning tumandagi 5169 gektar shu klaster bilan shartnoma qilish Bosh vazir bayonnomasi bilan belgilangan”.

Ozodlikning, bu holat prezidentning farmoniga zid emasmi, degan savoliga hokim:

“Men buni bilmayman, u tomonlarini fermer bilan klaster o‘zaro hal qilaveradi. Uzr, majlisga kirib ketyapman”, deb aloqani uzib qo‘ydi.

Andijon viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng aloqani uzib qo‘ydi.

“Ozodlikning “Sayyora favvorasi” MChJ rahbarlari bilan bog‘lanish harakatlari natija bermadi.

O‘zbekiston Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev bundan avval, 2021-yilning 17-noyabrida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, respublika g‘allakorlari oldiga har gektar yerdan kamida 80 sentnerdan bug‘doy yetishtirish vazifasini qo‘ygan edi.

Ozodlikka taqdim etilgan selektor yig‘ilishi videosida Shuhrat G‘aniyev bu prezident topshirig‘i ekanligini aytar ekan, fermerlar va klasterlar hamda donni qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarning barchasini bekor qilib, yangi shartnoma tuzish haqida topshiriq beradi.

Fermerlar O‘zbekistonda g‘allachilik sohasida bozor mexanizmiga o‘tish haqida prezidentning bir necha farmonlari chiqarilganiga qaramay, bu holatni yana hokimiyatning fermerlar ishiga aralashuvchi sifatida baholagan edilar.