Firibgarlikda gumonlangan o‘zbekistonlik Turkiyadan deportatsiya qilindi

Illyustrativ surat

Firibgarlik va odam savdosida gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan 45 yoshli Ozod Rahimov 23-may kuni Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ma’lumot tarqatdi.

Samarqand viloyatida tug‘ilgan O. Rahimov joriy yilning 6-may kuni Turkiya va O‘zbekiston IIV vakillari hamkorligida Istanbul shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida qo‘lga olingan edi.

O‘sha paytda uning Samarqand viloyatida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda, shuningdek 2022-2023-yillar mobaynida Istanbulda bir qancha o‘zbekistonlik va tojikistonlikni Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi bo‘ylab AQSH ga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 10-15 ming AQSH dollari olib, va’dasini bajarmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlari uchun sarflab yuborganlikda ayblanayotgani ma’lum qilingan.

Bu shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan o‘zbekistonliklardan Istanbuldagi bosh konsulxonaga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga xabar berish so‘ralgan.

Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyining oxirlarida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning AQSHga Lotin Amerikasi davlatlari va Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi xususida so‘z borgan.

Surishtiruv qahramonlarining katta qismi Qo‘shma Shtatlarga O. Rahimov singari vositachilarga minglab dollar mablag‘ tutqazgan holda Turkiya orqali Meksika-AQSH chegarasigacha yetib borgani ma’lum.

Keyingi paytlarda AQSHga noqonuniy migrantlar oqimini to‘xtatish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar doirasida Turkiyada ham ayrim cheklov choralari ko‘rila boshlagan, xususan Meksika va Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlariga uchayotgan markaziy osiyolik, kavkazlik va rossiyalik o‘nlab yo‘lovchi “Turk havo yo‘llari” aviashirkati uchoqlaridan tushirib qolingan.