Fransiya sudi Durovning hibs muddatini 48 soatga uzaytirdi

Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov

Fransiyadagi sud Telegram asoschisi Pavel Durovning hibsda qolish muddatini 48 soatga uzaytirdi. Bu haqda France-Presse agentligi tergovga yaqin manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Agentlik hibs muddati ko‘pi bilan 96 soat davom etishi mumkinligi, bu muddat o‘tganidan keyin esa sudya yo Durovni ozod qilishi, yoki tadbirkorga nisbatan ayblov e’lon qilishi lozim bo‘lishini qayd etgan.

Telegram asoschisining hibs muddati uzaytirilishi mumkinligi haqida Bloomberg agentligi ham yozib chiqqan. Qayd etilishicha, Fransiya qonunlariga muvofiq hibs muddati faqat bir martagina uzaytirilishi mumkin.

Telegram asoschisi Pavel Durov Parijdagi Le Burje aeroportida qo‘lga olingani haqida 24-avgust oqshomida ma’lum bo‘lgandi. Fransiya nashrlari xabariga ko‘ra, Durov o‘sha kuni so‘roq qilinib, hibsga olingan. Tadbirkor Fransiyaga xususiy uchoqda Ozarbayjondan uchib kelgan edi. Bu borada Fransiya rasmiylari hali biror rasmiy izoh berganicha yo‘q.

25-avgust kuni Telegram komandasi Parijda messenjer asoschisi Pavel Durov qo‘lga olinganidan keyin ilk bayonoti bilan chiqqandi.

Telegram blogi orqali yoyinlangan bayonotda shirkat bosh direktori Durovning yashiradigan narsasi yo‘qligi, u Yevropa bo‘ylab tez-tez sayohat qilishi, Telegram esa raqamli xizmatlar doxil Yevropa Ittifoqining qonunlariga rioya qilishi aytilgan.

“Platforma yoki uning sohibi bu platformadagi suiis’temol uchun javobgar ekanini iddao qilish bema’nilikdir”, deya urg‘ulangan yakshanba kuni tarqatilgan bayonotda. Unda dunyo bo‘ylab qariyb milliard nafar foydalanuvchi Telegram messenjeridan aloqa vositasi va muhim axborot manbai o‘laroq foydalanishi ham aytilgan.

Rossiyadagi davlatga qarashli TASS axborot agentligi yakshanba kuni Durov ishi topshirilgan Parij prokuraturasi matbuot uchun 26-avgust kuni bayonot berishni rejalayotganini xabar qilgan.

France-Presse agentligi esa o‘z manbalariga tayangan holda Pavel Durov tez orada sud qarshisiga chiqishi haqida xabar bergan. Agentlik Durovni hibsga olish uchun order Fransiyaning Voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi (OFMIN) tomonidan berilganini qayd etgan. Order tovlamachilik, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi, kiberxatar, uyushgan jinoyatchilik va terrorizm tashviqoti kabi muhtamal huquqbuzarliklar bo‘yicha dastlabki tergov doirasida berilgan. Durov o‘z platformasidan jinoyatchilik yo‘lida foydalanishning oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlikda ayblanmoqda. “Telegram'ning jazosiz qolishiga chek qo‘yilishi”, degan tergovchilardan biri France-Presse agentligiga. U Durovning o‘zi qidiruvga berilganini bila turib, Parijga uchib kelganidan hayron qolganini bildirgan.

TF1 manbalari ham Fransiya huquq-tartibot idoralari Durovni messenjer yaratuvchisi sifatida giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi, bolalarga qarshi jinoyatlar va tovlamachilikka ko‘maklashayotganlikda gumonlayotganini ma’lum qilishgan. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Durovga nisbatan avvalroq berilgan order tadbirkor Fransiya hududiga kirishi bilan kuchga kirgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakilasi Mariya Zaxarova 25-avgust kuni “RIA Novosti” agentligiga Rossiya tomoni Pavel Durov bilan uchrashish talabi bilan nota yo‘llagani, biroq Parij uning Fransiya fuqaroligini asosiy fuqarolik o‘laroq baholayotganini bildirgan.

Rossiyada tug‘ilgan Durov Fransiya fuqaroligini 2021-yilda olgan. So‘nggi paytlarda u asosan Birlashgan Arab Amirliklarida istiqomat qilib kelgan, Telegram ofisi ham shu mamlakatda joylashgan. Rossiyani esa tadbirkor taqriban 10 yil muqaddam tark etgan.

Durovning qo‘lga olinganiga oid xabar ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. “Agentstvo” nashri Rossiya propagandasi milliarderning hibsga olinishidan fe’lan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanganini qayd etgan. Durovning hibsga olinishi rossiyalik qator rasmiylar tomonidan tanqid qilingan. Ular Fransiya va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar rasmiylarini senzurada, “qo‘sh standartlar”da hamda rusofobiyada ayblashmoqda.