Fransiya parlamentining quyi palatasiga muddatidan oldin saylovning birinchi bosqichida o‘ta o‘ngchi qarashga ega bo‘lgan “Milliy birlashuv” oldinda bormoqda. Prezident Emmanuel Makron tarafdorlari so‘l qarashdagi “Yangi xalq jabhasi” koalitsiyasidan keyin uchinchi o‘rinda boryapti. 30-iyun oqshomida saylov uchastkalari yopilganidan keyin e’lon qilingan ekzit-pol natijalari ana shunday.
Ipsos, Ifop, OpinionWay and Elabe shirkatlari tomonidan olib borilgan so‘rov natijalariga muvofiq, Marin Le Pen bilan Jordan Bardell yetakchiligidagi “Milliy birlashuv” 34 foiz atrofida, “Yangi xalq jabhasi” 29 foiz atrofida, Makron tarafdori bo‘lgan markazchilar esa 23 foizgacha ovoz olishlari mumkin.
Bu raqamlarga munosabat bildirar ekan, Makron 7-iyul kuni bo‘lib o‘tajak ikkinchi bosqichda parlamentda o‘ta o‘ngchilar ko‘pchilikka aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “demokratik va respublikachi kuchlar”ning keng ko‘lamli koalitsiyasiga chaqirdi.
Fransiyada saylovlar majoritar tizim bo‘yicha ikki bosqichida o‘tkaziladi, ya’ni 577 ta okrug bo‘yicha nomzodlar partiya ro‘yxati bo‘yicha emas, balki yakka tartibda saylanadi. Birinchi bosqichda g‘alaba qozonish uchun 50 foizdan ko‘proq ovoz olish lozim. Ikkinchi bosqichga okrugdagi saylovchilar umumiy sonining 12,5 foizidan kam bo‘lmagan ovoz yiqqanlar chiqadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 577 ta okrug bo‘yicha birinchi bosqichdayoq 65 nafardan 85 nafargacha deputat (shu jumladan Marin Le Pen) saylanib bo‘lgan. Ikkinchi bosqichga o‘ng va so‘l qarashdagi 400 ga yaqin nomzod va Makron tarafdori bo‘lgan 300 ga yaqin nomzod hamda boshqa partiyalarning o‘nlab vakili chiqqan. Ikkinchi bosqichda aksariyat okruglarda uch nafardan nomzod bo‘ladi. Bunda ko‘p narsa o‘ta o‘ngchilarga qarshi turgan turli siyosiy kuchlar nomzodlarining bir-birlari bilan kelisha olishiga bog‘liq bo‘ladi. Hozircha esa so‘rovlar o‘ta o‘ngchilar parlamentda ko‘pchilikni tashkil etib, hukumatni shakllantirish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
“Demokratiya o‘z so‘zini aytdi hamda fransiyaliklar Makron lagerini fe’lan yer bilan yakson qilib, “Milliy birlashuv” va ittifoqchilarini birinchi o‘ringa qo‘ydilar”, deya bildirgan Marin Le Pen o‘z tarafdorlari oldida qilgan chiqishida.
“Bir haftadan keyin Jordan Bardell bosh vazir etib tayinlanishi uchun biz mutlaq ko‘pchilikka ega bo‘lishimiz kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Kechagi saylovda davomat so‘nggi 40 yil ichida eng yuqori bo‘lib, 60 foizdan oshgan.
Parlament saylovidan oldin o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar unda “Milliy birlashuv” liderlik qilishi mumkinligini ko‘rsatgan. Uch hafta muqaddam bu koalitsiya Fransiyada Yevroparlamentga saylovda g‘alaba qozongan edi. Aynan o‘sha paytda prezident Emmanuel Makron mamlakatda parlament saylovi o‘tkazilishini e’lon qilgan.
Makron o‘z qadamini mamlakatdagi siyosiy vaziyatni “aniqlashtirib olish” istagi bilan izohlagan.
“Prezident tanqidchilari Makron mamlakatni oqibati noma’lum bo‘lgan kuchli siyosiy inqirozga olib bordi, deb hisoblaydi”, deya qayd etgan Fransiya xalqaro radiosi.