Fransiyadan O‘zbekiston qamog‘iga - Muhsinjon Ahmedov ishi

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘tgan yil kuzida Fransiyadan Farg‘onaga deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik 40 yashar qochqin Muhsinjon Ahmedov 5 yil qamoqqa hukm qilindi.

Fransiya Konstitutsion sudi deportatsiya qarorini noqonuniy deb topgan va qochqinni Fransiyaga qaytarishga hukm qilgan.

Ammo O‘zbekiston tomoni bu hukmga hech qanday munosabat bildirmagan, Ahmedov ham o‘shandan buyon hibsda qolayotgandi.

U Fransiyada paytida Ozodlikka intervyu bergan va o‘shanda ham, keyinchalik Farg‘onada yopiq o‘tgan mahkamada ham ayblovni tan olmagan.

Diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq qator og‘ir jinoyatlarda ayblangan Muhsinjon Ahmedov - O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon Fransiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Ozolikka ma’lum ilk qochqindir.
---------------------------------------
Hukm

Fransiyadan Farg‘ona qamoqxonasiga tushgan qochqin Muhsinjon Ahmedov 5 yilga qamaldi. Sud Ahmedovni o‘ta og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topdi.
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan 40 yashar Muhsinjon Ahmedov 2023-yilning 14-noyabr kuni Fransiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi.

O‘tgan yilning 7-dekabrida - Ahmedov O‘zbekistonga berib yuborilganidan 3 hafta o‘tib, Fransiya Konstitutsiyaviy sudi uning deportatsiyasini noqonuniy deb topgan va Fransiyaga qaytarish to‘g‘risida hukm chiqargan edi.

O‘zbekiston tomoni hech bir shaklda bu hukmga munosabat bildirmagan. Shu paytgacha, uning taqdiriga oid biror ma’lumot bermay kelayotgan, ayni paytda Ahmedovning oilasi va advokati bilan ham aloqa kesilgan edi.
Ammo Ozodlik shu kunlarda Ahmedovga nisbatan 2 ta sud hukmini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Birinchi hukm joriy yilning 4-yanvaridayoq Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida o‘qilgan va unda Ahmedov 5 yil-u 2 oyga qamoqqa hukm qilingan.

Ikkinchi hukm esa, 2024-yilning 12-martida Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida o‘qilgan va unda sudlanuvchining himoyasi kiritgan shikoyat arizasi qondirilmagan.

Har ikki hukmda keltirilishicha, Ahmedov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining eng og‘ir moddalari - 159-modda 1-qismi, 244-1-moddasining 2-qismi, 246-moddasining 1-qismi, 59-moddaning 3-qismi bilan ayblangan.

Quyida Ahmedovga nisbatan 1-273/16-jinoyat ishi hukmidan parchalar:

“Sudlanuvchi Ahmedov Muhsinjon To‘lqinovich o‘zining yuqoridagi jinoiy harakatlari bilan, yani "SONY XPERIA ZI COMPAKT" rusumli uyali telefon apparatini Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga kontrabanda, ya’ni bojxona nazoratidan yashirib, MR3 Quron Uzbek papkasida "ahdigavafo" nomli fayldagi, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga xizmat qiladigan, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazib, tarqatish maqsadida saqlab, tarqatib, da’vat qilib O‘zbekiston Respublikasi JKning 159-moddasi 1-qismi, 2441-moddasi 2-qismi va 246-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni qasddan sodir etgan”.

Bundan tashqari, hukmda qayd etilishicha Ahmedov:

"Tohir Yo‘ldosh ahdigavafo" nomli videofaylini turmush o‘rtog‘i D.Ahmedovaga namoyish qilish yo‘li bilan tarqatib, uni O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlashtishga ochiqdan-ochiq davat qilgan”.

Ozodlikda Ahmedovga nisbatan ilgari surilgan bu ayblovlarni mustaqil ravishda tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi ma’lumotlar yo‘q. Ammo, hukmda keltirilgan ayblov va uning sudda tasdiqlanishi jarayoni qator savollarni o‘rtaga chiqaradi.

Tohir Yo‘ldoshning "ahdigavafo"si

Ahmedovning telefonidan topilgani aytilgan "ahdigavafo" nomli faylda topilgan taqiqlangan diniy materiallar, hukmda yozilishicha, “Turkiston islom harakati” diniy ekstremistik tashkiloti yetakchisi Tohir Yo‘ldoshning ma’ruzalaridir.

Tohir Yo‘ldosh o‘zi 1996-yilda tuzgan va O‘zbekiston, AQSHda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan “O‘zbekiston islomiy harakati” yetakchisi sifatida bilinadi. Tohir Yo‘ldosh 2009-yili 27-avgust kuni Vaziristonda AQSHning uchuvchisiz boshqariladigan uchqichi otgan raketa hujumida o‘ldirilgan.

Qo‘qon shahar sudi hukmida, go‘yoki Ahmedovga tegishli telefondan chiqqan Tohir Yo‘ldosh ma’ruzalari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi tomonidan davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga xizmat qiluvchi, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi, deb topilgani aytilgan.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, sud ishidagi yana bir e’tiborli jihat, garchi Ahmedov go‘yoki sodir etgan jinoyatlarning yagona guvohi bo‘lgan - sobiq turmush o‘rtog‘i D.Ahmedova (Abduazizova) sud jarayonida tergovga bergan ko‘rsatmasini o‘zgartirgan bo‘lsa-da, sud aynan tergovda berilgan ko‘rsatmani inobatga olishni ma’qul ko‘rgani hukmda qayd etilgan.

Bundan tashqari, hukmda Ahmedovning sudda ayblovni tan olmagani, uni himoya qilgan 3 advokat mahkamada ayblov tasdig‘ini topmagan, degan xulosani bildirgani ham aytilgan.

Ammo, sudya Po‘latjon Mamatusmonov himoyaning e’tirozlarini ham inobatga olmagan.

“Sudya inobatga olmadi”

Muhsinjon Ahmedovning Fransiyadan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda berib yuborilishi - O‘zbekiston va Yevropadagi inson huquqlari tashkilotlari tomonidan prezidentlar Mirziyoyev va Makron boshqaruvidagi eng jiddiy qonun buzilishi sifatida e’tirof etilgan.

“Sudda advokatlar, terrorchi Tohir Yo‘ldoshevning ma’ruzasi topilgan mobil telefonning Muhsinjon Ahmedovga hech qanday aloqasi yo‘qligi, uning o‘z telefoni tergovchilar tomonidan yo‘qotilgani va o‘rniga begona telefonni tiqib qo‘yishgani hamda bu harakat - dalilni soxtalashtirish ekanini isbotlovchi barcha dalillarni taqdim qilishdi. Bundan tashqari, 2024-yilda Muhsinjonning sobiq turmush o‘rtog‘ining 2014-yilda tergovchilarning bosimi ostida Ahmedovga tuhmat qilgani haqida sudda bergan iqrorlik ko‘rsatmasini ham sud rad etdi”, deydi Ahmedov himoyasi bilan shug‘ullanib kelayotgan - Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva.

Fransiya sudi qarori

Muhsinjon Ahmedov 2019-yildan buyon Fransiyada yashayotgan va bu davlatdan siyosiy boshpana so‘ragan edi.

Fransiya Konstitutsion sudining o‘tgan yilning 7-dekabridagi qarorida uning deportatsiyasi noqonuniy ekani aytilib, uni tezlikda Fransiyaga qaytarishga hukm qilingan.

--------------------------------------------------------------

Fransiya Konstitutsion sudi kengashining N° 489817 ish bo‘yicha qarori:

1- band: Parij Ma’muriy sudining 2023-yil, 16-noyabrdagi qarori bekor qilinsin.

2-band: Ichki ishlar vazirligi va Yevropa hamda Tashqi ishlar vazirligi janob Ahmedovni imkon qadar tez davlat hisobidan Fransiyaga qaytarish uchun zarur barcha chora-tadbirlarni ko‘rish buyurilsin.

3-band: Ma’muriy yustitsiya kodeksining L.761-1 moddasi asosida, janob Ahmedovga 3 ming yevro miqdorida tovon puli to‘lash majburiyati davlat zimmasiga yuklansin.

4-band: Talabnomadagi boshqa so‘rovlar rad etilsin.

5-band: Bu qaror janob Muhsinjon Ahmedovga yetkazilsin.

--------------------------------------------------------------

Ahmedov ayblovni tan olmagan

Ahmedov, 2022-yil mayda Fransiyada turib Ozodlikka bergan intervyusida, O‘zbekistonga qaytarilsa, albatta qamoqqa tashlanishini aytgan va vatanini nega tark etganini so‘zlab bergandi:

“Yoz edi. Ro‘za oyi. Soat ertalabki 5 da uchta melisa uyimga keldi. Qo‘lida tintuvga hujjati yo‘q. Lekin tintuv qilishdi, hech narsa chiqmadi. Baribir olib ketishdi, qiynashdi. 3 kundan keyin qo‘yvorganda, hamma yog‘i toza deb ekspertiza, berishdi. Keyin men bularning ustidan yuqoriga ariza yozib, haqqimni talab qilishni boshladim”.

Iddao qilishicha, hibsdan chiqqach Muhsinjon qiynoqqa solinganidan shikoyat qilib IIV, Ombudsman, DXX va boshqa tashkilotlarga murojaat qilgan.

“Shundan keyin o‘ch olish niyatida mahalliy huquq-tartibot idoralari, o‘ch olish uchun yanada katta jinoyatlarni bo‘ynimga ilishdi. Men ayblovni bo‘ynimga olmayman, men hech narsa qilmaganman. Hunarmand, ishda bo‘lsam. Men ustidan yozganimga terrorchi qilib qo‘yishdi”.

Asli uy jihozlari yasovchi hunarmand usta ekanini aytgan Ahmedov, qisqa muddatli hibs ortidan 2016-yilda O‘zbekistonda noqonuniy ayblovlar bilan qidiruvga berilganini da’vo qilgandi.

Quyidagi videoda uning hikoyasini to‘liq tomosha qilishingiz mumkin:

Endilikda tahririyat qo‘lga kiritgan sud hujjatlariga ko‘ra, Muhsinjon Ahmedov 2016-yil 20-aprel kuni Qo‘qon shahar sudi chiqargan qaror bilan qidiruvga berilgan. Ahmedov Ozodlikka bergan intervyusida o‘ziga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etgandi:

“Men ayblovni bo‘ynimga olmayman, men hech narsa qilmaganman. Hunarmand, ishchi bo‘lsam. Men ustidan yozganimga terrorchi qilib qo‘yishdi. Havodan olib yozaverasizlarmi? Odamning hayoti o‘yinchoqmi?” degandi Muhsinjon Ahmedov, 2022-yilda Ozodlikka bergan intervyusida.

Ahmedovning onasi 60 yashar, oliy ma’lumotli pedagog Hakimaxon Yunusaliyeva ham uning aybsizligini da’vo qilgan.

Ayolning aytishicha, o‘tgan yili 15-noyabr kuni Toshkent aeroportiga tushishi bilan o‘g‘lining qo‘liga kishan solib, Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahar IIBga olib borishgan va o‘shandayoq hibsga olishgan:

“15-noyabr kuni ertalab qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Olsam o‘g‘lim ekan: "Men aeroportdaman ayajon. Mendan xavotir olmang, yaxshiman" dedi. Keyin bir notanish telefondan bittasi qo‘ng‘iroq qilib: "O‘g‘lingiz Qo‘qonga ketyapti xola, Toshkentga kelib ovora bo‘lmang ekan", deb telefonni qo‘yib qo‘ydi. Qo‘qondagi IIBga borib kutdim, qo‘liga kishan solib olib kelishdi. Men uzoqdan ko‘rib, oldiga bordim, lekin gaplashtirishmadi. "Xolajon, mumkinmas" deyishdi, o‘g‘limni ichkariga olib kirib ketishdi".

Yaqinlari Muhsinjon Ahmedov O‘zbekistonga qaytarilganidan so‘ng faqat bir kez Ozodlik bilan muloqotga chiqdi, so‘ngra aloqani tamoman uzdi. Ayni paytda ularning Ahemdovga nisbatan sud hukmiga munosabati qanday hamda uni ko‘rib turishibdimi - bu haqda Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

“Fransiyadan qaytarilgan ilk o‘zbek”

Ahmedov Fransiyada ustachilik qilgan, o‘tgan yili oilasi uning ish vaqtida olingan videolarini Ozodlikka taqdim qilgandi. Bundan tashqari, u Fransiyada qahramon sifatida ham matbuot tiliga tushgan.

2020-yil aprelida Fransiyaning Il-de Frans mintaqasidagi Montero shahrida sodir bo‘lgan kuchli yong‘inda, yana 3 qochqin bilan birga u, bir keksaning hayotini saqlab qolgandi.

Bu voqea o‘sha paytda Fransiya matbuotida katta shov-shuv bo‘di. 4 qahramonga Montero meri Jeyms Sheron “Montero faxriy medali”ni ham taqdim qilgan. Bu 4 qochqinga siyosiy boshpana berish so‘rovi bilan e’lon qilingan petitsiyani qariyb 30 mingga yaqin odam imzolagan.

Fransiyadan siyosiy boshpana kutarkan, Ahmedovning kutilmaganda O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi, uning himoyasi bilan shug‘ullangan Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra, xalqaro huquq normalarining qo‘pol ravishda buzilishidir.

Boisi, aynan Ahdemovni yurtiga qaytarmaslik haqida Yevropa sudining 2 ta qarori bor, chunki O‘zbekiston hanuz mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llaniladigan davlatdir.

Ahmedov o‘tgan yilning 14-noyabrida, prezidentlar Emmanuel Makron va Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda o‘tgan ikki kunlik tantanali uchrashuvidan hech qancha o‘tmay, Fransiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Faollar, yurtida diniy motivlarda ayblangan qochqinning Fransiyadan, qiynoq qo‘llanadigan O‘zbekistonga qaytarilishini - xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi demoqda hamda buning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirib keladi.

Hozirda Yevropadagi inson huquqlarini himoya qiluvchi 4 tashkilot, jumladan Inson huquqlari xalqaro hamkorlik tashkiloti, Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi Ahmedov ishini kuzatmoqda.

Tez orada ular, bu ishni BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga taqdim qilish harakatida, deydi Nadejda Atayeva:

“Muhsinjon Ahmedov ishi - Interpol mexanizmining suiiste’mol qilinayotganiga yaqqol misoldir. Bu ishda, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari boshqa davlatlardagi hamkasblariga yolg‘on ma’lumot berayotganini isbotlovchi dalillar yetarli. Bu ish doirasida fransuz, nemis va eston maxsus xizmatlari yanglish yo‘lga solindi. Bu holatdan Ahmedovning Fransiyadagi advokati, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi va BMTning terrorga qarshi kurashda inson huquqlari himoyasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi albatta xabardor qilinishi kerak”.

Nadejda Atayeva hozir Fransiyada boshpana so‘rovi rad etilgan va taqdiri mavhum qolayotgan Muhsinjon Ahmedov kabi dindor qochqinlar talay ekanini aytadi.

2016-yilda prezidentlikka kelgach, o‘zini islohotchi sifatida dunyoga taqdim qilgan prezident Shavkat Mirziyoyevning va’dalari avvaliga G‘arbda ham olqishlar bilan qarshi olindi. Xususan, Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida bordi-keldi quyuqlashdi. Shavkat Mirziyoyev 2018, 2023-yillarda Fransiyaga bordi. Emmanuel Makron esa 2023-yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘ldi.

Bu uchrashuvlar asnosida ikki davlat o‘rtasida energetika sohasida, rasmiy raqamlarga ko‘ra, qiymati 10 milliard yevrodan ortiq kelishuvlar imzolangan. Fransiyaning muqobil energiya ishlab chiqaruvchi korxonalari O‘zbekistonga kirmoqda. Fransiya esa O‘zbekistonning uraniga xaridor bo‘lmoqda.

Faollarga ko‘ra, bunday siyosiy-iqtisodiy muloqotlar iliqlashuvi fonida, inson huquqlari, so‘z erkinligi, sudlov tizimi, hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlaridagi korrupsiya kabi qator muammolarga G‘arb hukumatlari asta-sekin ko‘z yumayotgani kuzatilmoqda. O‘zbekistonda hanuz sudlovning odil bo‘lishiga ishonmaganlar esa ko‘paymoqda. Buni vaqtida Muhsinjon ham Ozodlikka aytgan.

Muhsinjon Ahmedov kabi yurtga qaytishga qo‘rqib yurgan, O‘zbekistonda esa turli jinoyatlarda ayblanib, qidiruvga berilgan o‘zbekistonliklar aniq soni Ozodlikka ma’lum emas.

O‘zbekistonni qariyb 30 yil boshqargan Islom Karimov davrida, diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ko‘p bo‘ldi va ularning aksari hanuz xorijda, ko‘proq Yevropa davlatlarida.

Bunday fuqarolar odatan, Jinoyat kodeksining terrorizm, davlat tuzumini ag‘darish, taqiqlangan diniy tashkilotlarga a’zolik, kontrabanda, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinadi. Ularga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari hanuz mahalliy huquq-tartibot idoralarining stollarida turibdi.

“Muhsinjon Ahmedov hikoyasi jamoatchilik orasida katta rezonans qo‘zg‘atgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston prokuraturasi va sudi 2015-yilning 4 dan 6-iyuliga qadar bo‘lgan so‘roqlar paytida qiynoq qo‘llanganiga oid arizalarni inobatga olmadi. Bu fakt O‘zbekiston hanuz qiynoqlardan huquqiy himoyani ta’minlovchi milliy samarali mexanizmni ishlab chiqmaganini ko‘rsatadi. Qiynoqlarga oid ishlar O‘zbekistonda tanlangan holatlardagina qayta ko‘riladi, bu muammoga sistemali yondashuv yo‘q. Qiynoqlarga oid ishlarning esa muddati bo‘lmaydi”, deydi Nadejda Atayeva.

Yevropadagi fuqarolik jamiyati vakillari va inson huquqlari himoyachilari, O‘zbekistonning inson huquqlari borasida katta islohotlarni va’da qilgan prezidenti Shavkat Mirziyoyev, vataniga qaytolmayotgan minglab o‘zbekistonlik taqdirini zudlik bilan hal qilishi lozim, demoqda.

Faollar, ketma-ket ikki urushga guvoh bo‘layotgan dunyodagi vaziyat qanchalik taranglashmasin, G‘arb hukumatlari O‘zbekiston kabi davlatlar bilan muloqotda inson huquqlari va so‘z erkinligi pritsiplardan toymasligi kerak, aks holda bu aynan O‘zbekiston misolida, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb ogohlantirmoqda.