FVV: Agrar universitetdagi yong‘inni o‘chirish uchun 2 soat vaqt sarflandi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonlik o‘t o‘chiruvchilar Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent Davlat agrar universiteti hududida 30-sentyabr oqshomida sodir bo‘lgan yirik yong‘inni o‘chirish uchun taqriban ikki soat vaqt sarflashgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, universitet hududida yong‘in chiqqaniga oid ma’lumot FVBga dushanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:10 da kelib tushgan.

Buning ortidan yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 20:17da hodisa joyiga yetib borishgan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni soat 21:36 da qurshab olishga, soat 22:10 da esa batamom o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmadi”, deyilgan FVV xabarnomasida yong‘inni bartaraf etish jarayonini favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev bevosita joyidan boshqarib borgani qo‘shimcha qilingan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Agrar universitetda chiqqan yong‘inda OTMga qarashli kamida to‘rtta bino alanga ichida qolganiga oid ma’lumotlar va videolar tarqalgan edi.

Yong‘in chiqishiga nima sabab bo‘lganiga rasmiylar tomonidan aniqlik kiritilgan emas.

Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, universitet hududida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan mamlakat Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov ishlari olib borilmoqda.