Samarqand shahrida 2-oktyabrga o‘tar kechasi Arxitektura-qurilish instituti hududida chiqqan yong‘in o‘chirilgan. Bu haqda Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumot tarqatdi.
Xabarnomaga muvofiq, Samarqand shahar Lolazor ko‘chasida joylashgan Samarqand Davlat Arxitektura-qurilish instituti hududida qurilishi tugallanmagan faollar zalida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumot viloyat FVBga 1-oktyabr kuni soat 23:45 da kelib tushgan.
Buning ortidan jalb qilingan oltita yong‘in qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 23:54 da yetib borgan, soat 00:30 da esa o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni to‘liq bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishgan.
“Yong‘in natijasida eski qurilish maxsulotlari yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q”, deyilgan FVB xabarnomasida ayni paytda hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilib, yong‘inning kelib chiqish sababi aniqlanayotgani qo‘shimcha qilingan.
Samarqanddagi Arxitektura-qurilish instituti hududida chiqqan yong‘in aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgan edi.
Avvalroq Ozodlik 30-sentyabr oqshomida Toshkent Davlat agrar universiteti hududida yirik yong‘in sodir bo‘lgani, o‘t o‘chiruvchilar mazkur yong‘inni o‘chirish uchun 2 soat vaqt sarflashgani haqida xabar qilgandi.