G‘azo sektorida “Furqon” batalyoni komandiri Jobir Aziz o‘ldirildi

G‘azo turg‘unlari Isroil zarbasi tufayli yakson bo‘lgan maktab vayronalari oldida

Isroil armiyasi 4-avgust kuni HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) vakili Jobir Aziz yashiringan binoga zarba bergan. So‘nggi yillarda u “Al-Furqon” bataloniga boshchilik qilgan. Bu haqda The Jerusalem Post nashri xabar qildi.
Isroil zarbasidan HAMAS qo‘mondonlik-nazorat markazida bo‘lgan boshqa yana bir necha kishi o‘lgan. Markaz G‘azodagi “Hasan Salama” va “Nosir” maktablarida joylashgan, deya ma’lumot tarqatdi Isroil armiyasi 5-avgust oqshomida.

Jobir Aziz “Al-Furqon” bataloniga 2020-yildan beri yetakchilik qilib kelgan, avvalroq u mazkur batalon komandirining o‘rinbosari bo‘lgan. Undan ham avvalroq u “Zaytun” batalyoni komandirining o‘rinbosari, keyin esa komandiri ham bo‘lgan.

Jobir Aziz o‘tgan yilning 7-oktyabrida Isroilga hujumni rejalashtirishda sezilarli rol o‘ynagan hamda “Al-Furqon” batalyonini jangga hozirlash ishiga rahbarlik qilgan. Isroilga hujum arafasida u G‘azo chegarasiga yaqin joydagi hududlarda bo‘lgan.

The Jerusalem Post nashrining yozishicha, Jobir Aziz Isroil armiyasiga qarshi ko‘plab terror zarbalari va hujumlariga hamda Isroil obyektlariga qarshi boshqa hujumlarga boshchilik qilgan.

“Al-Furqon” batalyoni komandirining yo‘q qilinishi HAMAS terror tashkilotining jangovarligini sezilarli darajada pasaytiradi”, deya ta’kidlangan Isroil armiyasi bayonotida.

Shu yilning 31-iyul kuni Tehronda raketa zarbasi natijasida HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilgan edi. Bu haqda Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi ma’lum qilgan. Isroil armiyasi vakillari Ismoil Haniya o‘limi yuzasidan izoh berishmagan.

Eron rahbariyati Haniya o‘limiga javob berilishini bildirgan. The New York Times nashrining eronlik uch mulozim so‘zlariga tayangan holda iddao qilishicha, Eron rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berishga hozirlik ko‘rish haqida buyruq bergan.