Gelenjikdan Shovvozsoygacha. Avtoritar rahbarlar va ularning hashamatli saroylari

Ukrainadagi “Mejigore”, Qozog‘istondagi Oq o‘rda qarorgohlari, Turkmanistondagi “O‘g‘uzxon” saroyi va Turkiyadagi prezident kompleksi o‘rtasida qanday umumiylik bor deb o‘ylaysiz? Umumiylik shuki, ularning barchasi ulkan hududlarni egallagan, juda katta mablag‘ sarflab qurilgan va nihoyatda hashamatli ko‘rinishga ega. Bir so‘z bilan aytganda, boylik va avtoritar hokimiyatga qo‘yilgan haykallar.

Quyida – dabdaba va siyosiy qudrat omixtasi bo‘lgan eng muhtasham prezident qarorgohlari bilan tanishamiz.

UKRAINA, Noviye Petrovsi: “Mejigorye” qarorgohi

“Mejigorye” Viktor Yanukovich Ukraina bosh vaziri va prezidenti bo‘lgan paytlarida uning qarorgohi edi. Yanukovich 2014-yilda Yevromaydon namoyishlari manzarasida Rossiyaga qochguniga qadar shu yerda yashagan. Ushbu “korrupsiya muzeyi”da avtomobillar kolleksiyasi, golf maydoni, hayvonot bog‘i, favvoralar, vertolyot maydonchasi va hatto cherkov ham bor – bu “eksponatlar” Yanukovich hashamatga qanchalik o‘ch bo‘lganini ko‘rsatadi.

BIRLASHGAN ARAB AMIRLIKLARI, Abu-Dabi: Qasr Al-Vatan

Birlashgan Arab Amirliklaridagi Qasr Al-Vatan prezident saroyi 2017-yilda qurib bitkazilgan, 2019 yildan boshlab esa u yerga ziyoratchilar kirishiga ruxsat berildi. Saroyga 490 million dollar mablag‘ sarflangani aytiladi. Binoda osori atiqalar va qo‘lyozmalar, shuningdek BAAga chet ellik diplomatlar tomonidan hadya qilingan buyumlar saqlanadi.

TURKIYA, Anqara: Prezident kompleksi

2014-yilda Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on uchun Oq saroy kompleksi qurildi. Saroy solish uchun katta hududdagi o‘rmon kesib tashlangan. 1100 tadan ziyod xonalardan iborat bino rasman qariyb 615 million dollarga tushgan, ammo tanqidchilar qurilishga aslida ancha ko‘p pul ketganini aytadilar. Kompleks hududida 3000 kishilik masjid va 4 million jilddan ortiq kitoblar kolleksiyasi bilan Turkiyada eng yirik sanaluvchi kutubxona ham joylashgan.

ROSSIYA, Gelenjik: “Putinning saroyi”

Qora dengiz bo‘yida, Gelenjik yaqinida joylashgan saroy majmuasi, aytishlaricha, Vladimir Putinning qarorgohi hisoblanadi. Saroyga oid ilk ma’lumotlar 2010-yilda paydo bo‘lgan edi. 2021-yilda esa rus muxolifatchisi, marhum Aleksey Navalniy hujjatli film-surishtiruv suratga olib, unda saroy Rossiya prezidenti uchun qariyb 1,4 milliard dollarga qurilganini ma’lum qildi. Surishtiruvchilarga ko‘ra, kompleksda yerosti xokkey stadioni, teatr, vinochilik korxonasi va cherkov bor. Saroy usti parvoz taqiqlangan hudud bo‘lib, uchoq va vertolyotlar u yerni aylanib o‘tishi kerak. Bu ma’lumotlar o‘rtaga chiqqach Putin saroyga biron aloqasi borligini inkor qildi. Keyinroq esa, rossiyalik oligarx va Putinning do‘sti Arkadiy Rotenberg kompleksni o‘z mulki deb iddao qildi.

ROSSIYA, Moskva viloyati: Novo-Ogaryovo

Novo-Ogaryovo – Vladimir Putinning davlat qarorgohi. U Moskva shahridan tashqarida joylashgan. Bino 1950-yillarda qurilgan, 2000-yillarda esa tubdan rekonstruksiya qilingan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, rekonstruksiya chog‘ida qarorgohga bir nechta sektor, jumladan Federal qo‘riqlash xizmati (FQX) uchun rekreatsiya kompleksi, vertolyot maydonchalari va hatto havo hujumidan mudofaa tizimlari qo‘shilgan. Yer ostida Putinning qarorgohini FQX komleksi bilan bog‘lovchi yashirin yo‘lak borligi taxmin qilinadi.

QOZOG‘ISTON, Ostona: Oq o‘rda

Oq o‘rda – Qozog‘iston prezidentining qarorgohi. U 2004-yilda, poytaxt Olmaotadan Ostonaga ko‘chirilishidan 7 yil keyin qurib bitkazilgan. Binoning birinchi egasi Nursulton Nazarboyev edi, 2019-yilda esa u yerga ikkinchi prezident Qasim-Jomart Toqayev o‘rnashdi.

Oq o‘rdaning yetti qavatidan ikkitasi yer ostida bo‘lib, texnik va xo‘jalik xonalari sifatida foydalaniladi. Yer ustidagi beshta qavatda kutubxona, xizmat xonalari va bir qancha zallar – Sharqiy, Marmari, Oltin, Oval, Qubba zallari, kengaytirilgan muzokaralar zali hamda Xavfsizlik kengashi zali joylashgan. Markaziy xoll 1800 kvadrat metr maydonni egallaydi, binoning umumiy maydoni esa 36 ming kvadrat metrga teng.

Prezident saytida Oq o‘rda “Bayterek” va “Qazaq yelі” yodgorliklari, Tinchlik va hamjihatlik saroyi, “Xon Shotir” savdo-ko‘ngilochar markazini o‘z ichiga oluvchi shaharsozlik ansamblining kompozitsion markazi deb atalgan.

Qarorgohning qiymati ochiqlanmagan. Prezident ishlari boshqarmasi Ozodlik so‘roviga javobida bu cheklangan ma’lumotlar sirasiga kirishini bildirdi.

TOJIKISTON, Dushanbe: Millat saroyi

2008-yilda qurilgan Millat saroyi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning rasmiy qarorgohi hisoblanadi. Uni qurish uchun 100 yillik sinagoga va boshqa ko‘plab tutash binolar buzib tashlanganida kattagina shov-shuv ko‘tarilgan edi. 300 million dollarlik saroy atrofini xiyobonlar, favvoralar, Mustaqillik monumenti, 165 metrli Dushanbe flagshtoki va boshqa diqqatga sazovor joylar qurshab turadi.

TURKMANISTON, Ashxobod: “O‘g‘uzxon” prezident saroyi

“O‘g‘uzxon” kompleksi Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedovning rasmiy qarorgohi va ish joyi hisoblanadi. Saroy qadimgi turkiy qabilalar sardori ismi bilan ataladi. Prezidentlar bu binoda 1990-yillardan beri ishlaydi. 2011-yilda esa 350 million dollar sarflab yangi saroy va qo‘shimcha inshootlar ham qurildi. Hozirda esa saroy oldida Qabullar uyi hamda paradlar va boshqa davlat tadbirlari uchun maydon qurilmoqda.

O‘ZBЕKISTON, Toshkent viloyati: “Shovvozsoy" kompleksi

Ozodlikning 2021-yil fevralida e’lon qilingan surishtiruvi Toshkent yaqinidagi tog‘lar bag‘rida prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oila a’zolari hordiq chiqarishi uchun maxfiy qarorgoh qurilganini o‘rtaga chiqargandi.

Toshkentdan taqriban 100 kilometr shimoli-sharqda, muhofaza ostidagi "Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i" hududida barpo etilgan qarorgoh qurilishidan xabardor manbalar unga davlat budjetidan qariyb 1 milliard dollar mablag‘ safrlanganini aytishgan.

Vertolyotlar qo‘nadigan maydonlarga ega va ustidan uchish taqiqlangan majmua qurilishi 2017-yilda boshlanib, 2018-yil oxiriga borib yakunlangan. Mahalliy aholi vakillari majmua yonida barpo etilgan yangi suv ombori suv ta’minotiga putur yetkazgani, oilalarning ko‘chishiga sabab bo‘lgani hamda atrof-muhitga zarar yetkazganidan shikoyat qilishgan.

Rasman “Shovvozsoy dam olish zonasi” deb atalgan majmua buyurtmachisi bo‘lgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" davlat shirkati avvaliga qarorgohning prezident Mirziyoyevga aloqasini rad etishga uringan, ammo keyinroq Mirziyoyevning o‘zi "Shovvozsoy"da xorijiy davlat rahbarlarini mehmon qilishini tan olgan edi.

Hozirga qadar Shovvozsoydagi hashamatli qarorgoh o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilarga qanchaga tushgani, uning maydoni va boshqa tafsilotlari haqida jamoatchilikka ochiqlangan rasmiy ma’lumot mavjud emas.

"Shovvozsoy" O‘zbekiston prezidentining yagona qarorgohi emasligi ma’lum.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиëевни Шоввозсой ҳақида гапиришга нима мажбур қилди?