Germaniya o‘z fuqarosini qatl etgan Eron konsulxonalarini yopmoqchi

Shamshid Sharmahd (arxiv surati)

Germaniya GFR va Eron fuqarosi Shamshid Sharmahdning qatl etilganiga javoban o‘z hududidagi Eronning barcha bosh konsulxonalarini yopadi. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ma’lum qildi, deya xabar qildi Tagesschau.

Qayd etilishicha, Eronning Frankfurt, Myunxen va Hamburgdagi konsulxonalari yopiladi. Tagesschau xabariga ko‘ra, konsulxonalarning 32 nafar xodimi, agar ularda Germaniya fuqaroligi bo‘lmasa, mamlakatni tark etishlari lozim bo‘ladi.

Eronning Berlindagi elchixonasi esa o‘z ishini davom ettiradi.

Sharmahd Germaniya va Eron fuqaroligiga, AQSHda esa yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan. Eron rasmiylari uning qo‘lga olingani haqida 2020-yil avgustida e’lon qilishgan. U 2008-yil 12-aprelida Sherozdagi masjidda sodir bo‘lgan portlashga aloqadorlikda ayblangan. O‘sha portlashda 14 kishi nobud bo‘lgan, 200 dan ziyod odam yaralangan edi. 2023-yili Eron Oliy sudi uni o‘lim jazosiga hukm qilgan, 2024-yil 28-oktyabrida esa hukm ijro etilgan.

Qatl ortidan Eron elchisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. U yerda germaniyalik diplomatlar Eron rejimi xatti-harakatlariga qarshi qat’iy norozilik izhor qilib, buning oqibatlari bo‘lishidan ogohlantirishgan.

Sharmahdning AQSHda yashovchi qizi Berlin va Vashingtonni “garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha barcha muzokaralarda” uning otasini tashlab qo‘yganlikda ayblagan. U yaqinlari Sharmahd bilan xo‘shlashish imkoniga ega bo‘lishlari uchun otasining jasadini AQSHga qaytarishni talab qilgan.