Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan tergov to‘xtatildi

Alisher Usmonov

Germaniyada Gessen federal yeri bosh prokuraturasi asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish gumoni bilan ochilgan ish tergovini yopgan. Bu haqda Ozodlikning rus xizmati muxbiri xabar qildi.

Ozodlik jurnalisti bilan suhbatda bosh prokuror Georg Ungefuk “Rossiya Federatsiyasidan bo‘lgan 71 yoshli tadbirkorga nisbatan pul yuvish gumon bilan ochilgan ish bo‘yicha tergov ayblanuvchining roziligi bilan 2024-yil 11-oktyabrida to‘xtatilgan”ini qayd etgan.

Ayni paytda ayblanuvchi 4 million yevro mablag‘ to‘laydigan bo‘lgan. Buning 1,5 millioni jamoatchilik uchun manfaatli faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab muassasalar ehtiyojlariga ketadi, 2,5 million yevro esa davlat hisobiga o‘tkaziladi. Mablag‘ hisobraqamlarga kelib tushganidan keyin jarayon yopiladi.

GFR qonunchiligi, agar “yuklatilgan pul majburiyatlarini bajarish yo‘li bilan jinoiy ta’qib zarurati bartaraf qilingan bo‘lsa”, prokuratura va sudlarga jinoyat tergovini to‘xtatish imkonini beradi. Bildirilgan ayblov og‘irligi bunga monelik qilmasligi lozim.

Qaror qabul qilishda prokuratura Usmonovga ayblov bildirilayotgan xatti-harakatlar uchun GFRda ham, Gessen federal yerida ham tergov qilish imkonsizligi holatini hisobga olgan. Bundan tashqari, boshqa mamlakatda sodir etilgan jinoyatlar Germaniyadagi jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazmagan. Ayblanuvchining xatti-harakatlari oqibatida GFRda moliyaviy zarar yuzaga kelgan emas, jinoyat sodir etilganidan beri esa ancha vaqt o‘tib ketgan.

Jinoyat huquqi bo‘yicha berlinlik ekspert Ozodlikka Usmonovga nisbatan qo‘llanilgan qonunchilik paragrafi qo‘yilgan ayblovning o‘ta og‘ir ekani, biroq jinoyat ishi uni tergov qilish qariyb imkonsizligi uchun to‘xtatilganidan dalolat berishini aytgan.

Agar ish sudgacha yetib borganda, dalillar yetarli bo‘lmagani sababli hukmdan voz kechishga va Usmonovni oqlashga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. Huquqshunosga ko‘ra, rossiyalik tadbirkorning oqlanishi real vaziyat va jinoyatlarning og‘irligiga muvofiq bo‘lmasdi.

Aftidan, Gessen bosh prokuraturasi maksimal darajada yuqori bo‘lgan pul majburiyatlarini yuklab, tergovni to‘xtatishga qaror qilgan”, deya ta’kidlagan huquqshunos.