Germaniyada hukmron koalitsiya tarqab ketgani bildirildi

GFR kansleri Olaf Shols

Germaniya kansleri Olaf Shols moliya vaziri Kristian Lindnerni ishdan oldi. Lindner ayni paytda Germaniya Erkin demokratik partiyasi (GEDP) raisi bo‘lib hisoblanadi. Mazkur partiya Shols rahbarligidagi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi hamda “Ittifoq-90/“yashillar” bilan koalitsiya tuzgan. Bu haqda Germaniyaning Bild nashri xabar qildi.

Kristian Lindner iste’fosini hukumat matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt ham tasdiqlagan.

Bild nashri o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda Olaf Shols GEDPdan oldinroq harakat qilgani haqida yozmoqda: ular 6-noyabr oqshomida devonxonada koalitsion qo‘mita tark etishni, 7-noyabr kuni esa koalitsiya shartnomasini bekor qilib, o‘z vazirlarini chaqirib olishni rejalagandilar.

Deutsche Welle (“Nemis to‘lqini”) xabariga ko‘ra, 6-noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan koalitsion qo‘mita majlisida GFR moliya vaziri va GEDP raisi Kristian Lindner koalitsiyadagi hamkorlarga 2025-yil boshida mamlakatda muddatidan ilgari parlament saylovi o‘tkazishga rozilik berishni taklif qilgan.

Ular bu taklifga rozi bo‘lishsa, Lindner 2024-yil uchun Germaniyaning qo‘shimcha budjetini qabul qilishga hamda parlament saylovi o‘tgunicha o‘tish davri hukumati tarkibida qolishga tayyor ekanini bildirgan. Bunga javoban GFR kansleri Olaf Shols Lindner ishdan bo‘shatilganini e’lon qilgan.