O‘zbekistonlik bloger Abduqodir Mo‘minov qamoqqa olinishi arafasida uni obro‘sizlantirish maqsadida ishlab chiqilgan kampaniya rejasi Ozodlikka kelib tushdi. Hujjat rus tilida tuzilgan bo‘lib, "Chora-tadbirlar rejasi" deb nomlanadi. Unda blogerni jamoatchilik oldida obro‘sizlantirish uchun maxsus xizmatlar ishlab chiqqan rejalarning ehtimoliy ssenariylari mavjud. Ozodlik bir oy davomidagi surishtiruvi orqali bu kabi sxema O‘zbekistondagi ko‘plab bloger, jurnalist va faollarga nisbatan qo‘llanilganini aniqladi.
Mirziyoyev va oilasining ashaddiy tanqidchisi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va birinchi oila a’zolarining ashaddiy tanqidchisi, 247 ming obunachiga ega "Ko‘zgu" Youtube kanali muallifi, bloger Abduqodir Mo‘minov 2023-yil 8-fevral kuni erta tongda bedarak yo‘qolgan. O‘sha kuni uning Toshkent shahar IIBB tergov hibsxonasida saqlanayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Unga ko‘plab ayblovlar qo‘yildi, jumladan, tovlamachilik, firibgarlik va pora berishda ishtirok etganlik kabi ayblovlar.
Abduqodir Mo‘minov hibsga olingandan keyin unga qarshi guvohlar soni kun sayin ko‘payib bordi. Ish bo‘yicha 14 kishi jabrlanuvchi bo‘lgan, yetkazilgan zarar miqdori 903,4 mln so‘m (77 ming dollardan ortiq) deb baholangan.
Oradan yarim yil o‘tib, 2023-yil 4-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi Abduqodir Mo‘minovni 3 yil davomida jurnalistlik faoliyatini taqiqlab, 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Sud uni Jinoyat kodeksining jami 6 ta moddasi bo‘yicha aybdor deb topdi.
Abduqodir Mo‘minov unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha o‘zini aybdor deb topganmi yoki yo‘q – hanuz ma’lum emas. Sud boshlangunga qadar bloger 5 nafar advokat xizmatidan voz kechgan.
Apellyatsiya sudida Abduqodir Mo‘minov tergov jarayonida organ xodimlari unga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar qo‘llagani, jumladan, elektr toki va rezina tayoq bilan zarba bergani, tepkilagani va qovurg‘asini sindirgani haqida gapirgan.
Deyarli ikki yil davomida bloger Navoiy shahridagi koloniyada saqlanadi. Xalqaro inson huquqlari va matbuot Mo‘minovga nisbatan chiqarilgan hukmni adolatsiz deb topib, uni ozod qilishni bir necha bor talab qilgan.
Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Abduqodir Mo‘minovga nisbatan shafqatsiz qiynoq qo‘llangani haqidagi iddaolarni tekshirishga chaqirgan.
Blogerni obro‘sizlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi
Bir oy oldin Ozodlikka bloger Abduqodir Mo‘minovni obro‘sizlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar batafsil yozilgan hujjat kelib tushdi. Hujjat rus tilida yozilgan bo‘lib, "Internet-bloger («Ko‘zgu» Youtube kanali muharriri) Abduqodir Mo‘minovga nisbatan chora-tadbirlar rejasi" deb nomlangan.
Bu "sxema" nima uchun kerak bo‘lgan? Ushbu savolga javobni hujjatning o‘zida topish mumkin:
"2022-yil mart, iyun, iyul, dekabr va 2023-yil yanvar oylarida A.Mo‘minov o‘zining Youtube kanalida davlat rahbari va boshqa Qo‘riqlanayotgan shaxslarni jamoatchilik oldida obro‘sizlantirishga qaratilgan tuhmat va yolg‘on ma’lumotlarni bir necha bor e’lon qilgan, shuningdek, 2022-yil dekabr oyidan boshlab yangi mustaqil siyosiy partiya tuzish zarurligi haqida shiorlarni ilgari surgan, agar uning bunday faoliyatiga chek qo‘yilmasa, vaqt o‘tishi bilan bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin."
Ushbu "salbiy oqibatlar"ni bartaraf etish uchun Abduqodir Mo‘minovga nisbatan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish uchun o‘nlab vazirlik, idora va davlat muassasalari, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, hatto maktab va bog‘chalar jalb etilgan.
Bu "chora-tadbirlar rejasi" qachon ishlab chiqilgani va kim tomonidan ma’qullangani noma’lum. Unda aniq sana va ishlarning bajarilish vaqti ko‘rsatilmagan. Biroq O‘zbekiston hukumati va huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi bir-biridan mustaqil manbalarning xabar berishicha, ushbu "sxema" prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) va Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan bloger Abduqodir Mo‘minovni obro‘sizlantirish uchun ishlab chiqilgan.
Ozodlik bu "sxema" yuzasidan O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov va AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Sayidjonovning elektron pochtasiga maktub yo‘lladi, ammo hozircha ulardan javob ololgani yo‘q.
"Sxema" tepasida turgani aytilayotgan Prezident davlat xavfsizlik xizmati va DXXdan esa biror rasmiy ma’lumot olish imkoni yo‘q. O‘zbekistondagi eng qudratli tuzilma bo‘lgan DXX Karimov davridan buyon yopiq idoraligicha qolmoqda.
To‘rt bosqichli "sxema"
Sxemaga ko‘ra, tadbirlar to‘rt bosqichda amalga oshirilgan. Dastlab Abduqodir Mo‘minovning qarindoshlari va yaqinlari aniqlanib, ularning har biri to‘g‘risida batafsil ma’lumot to‘plangan.
"A.Mo‘minov, uning PDXX, DXX, IIV tezkor hisoblari bo‘yicha qarindoshlari va yaqin aloqalari, shuningdek PDXX, DXX, IIV tegishli bo‘linmalarining mavjud tezkor imkoniyatlari orqali tekshirilsin, unga qarshi ehtimoliy obro‘sizlantiruvchi materiallar to‘planishi amalga oshirilsin," deyiladi hujjatda.
So‘ng to‘plangan barcha ma’lumotlardan qarindoshlari va yaqinlari orqali Abduqodir Mo‘minovni blogerlik faoliyatidan voz kechishga majburlash maqsadida foydalanish rejalangan.
Maxsus xizmatlarning asosiy maqsadi "obyekt"ni "sindirish"
39 yoshli Otabek Ahmadov, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi. Ikki yil avval Abduqodir Mo‘minovga bergan intervyusida u 19 yoshidan beri maxsus xizmatlar bilan hamkorlik qilganini, Qirg‘iziston, Ukraina va Turkiyadagi maxsus operatsiyalarda ishtirok etganini tan olgan.
Otabek Ahmadovning bu iqrorini DXX shu paytgacha inkor qilgan emas.
Keyinchalik Ahmadov O‘zbekistondan qochgan va hozirda xorijda yashirinib yuribdi.
2023-yilda tovlamachilikda ayblangan Ahmadov sudda ayblarni inkor etgan va DXXga ishlagani haqida ko‘rsatma bergan. Uy qamog‘iga hukm qilingan Ahmadov keyinroq O‘zbekistondan qochib ketgan va o‘zining so‘zlariga ko‘ra, hozirda xorijda yashiringan.
Ozodlik Otabek Ahmadovni topib, bloger Abduqodir Mo‘minovga qarshi "sxema" mexanizmini aniqlash uchun u bilan muloqot qilishga muvaffaq bo‘ldi.
"Bunday tadbirlar maxsus xizmatlar tomonidan har doim o‘tkazilgan va bundan keyin ham o‘tkaziladi. Chunki maxsus xizmatlar bu jurnalistlar, blogerlar va faollar kimlar bilan aloqada ekanligini nazorat qilish va bilishni istaydi. Bu keyingi harakatlar taktikasini oldindan ishlab chiqish uchun amalga oshiriladi. Agar jurnalistlar, blogerlar yoki faollar qarshilik ko‘rsata boshlasalar, maxsus xizmatlar ularga noqonuniy narsalarni, masalan, giyohvand moddalarni tashlashadi. Natijada, "itoatsiz"lar qamoqqa olinadi. Ular o‘zlarini dushman deb hisoblaydigan odamlarni "obyekt" deb atashadi. Maxsus xizmatlarning asosiy maqsadi – bu "obyekt"ni "sindirish", – deydi sobiq chekist.
2022-yilning 23-dekabr kuni Abduqodir Mo‘minovga qilingan hujum esingizdami?
Abduqodirning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda bu hujumni o‘ziga qilingan “suiqasd” deb atagandi.
Sobiq DXX xodimi Otabek Ahmadovning iddaosicha, ikki yil oldin Abduqodir Mo‘minovga qilingan o‘sha hujum ham, ushbu "sxema" asosida amalga oshirilgan.
O‘sha paytda Toshkent shahar IIBB hodisa yuzasidan JKning 164-moddasi (“talonchilik”) bo‘yicha jinoyat ishi ochgani haqida xabar bergan, ammo uning natijasi haqida jamoatchilikka hech qanday ma’lumot berilmagan.
"OITSga tekshirish"
Abduqodir Mo‘minovga qarshi "chora-tadbirlar rejasi"da uni ishlab chiquvchilar turli tibbiyot muassasalariga alohida o‘rin bergan. Poytaxtdagi deyarli barcha tibbiy dispanserlar bu "sxema"ni amalga oshirishda ishtirok etgan, degan xulosaga kelish mumkin.
"Teri-tanosil kasalliklari dispanseri pozitsiyasidan kelib chiqib, A.Mo‘minovning turmush o‘rtog‘i, shuningdek, uning ayol jinsidagi ayrim qarindoshlari va yaqinlari, go‘yoki ularning OIV yoki OITS bilan kasallanganligi haqida ma’lumotga ega ekanliklariga asoslanib, tekshirilsin. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati nuqtayi nazaridan A.Mo‘minov, uning qarindoshlari va yaqinlariga nisbatan xavfli epidemiyalar va boshqa yuqumli kasalliklar yuqtirganligini bahona qilib, ularga nisbatan tibbiy yo‘sindagi choralar ko‘rilsin," deyiladi hujjatda.
"Gey qilib ko‘rsatish"
O‘zbekiston maxsus xizmatlari Abduqodir Mo‘minovning auditoriyasini qisqartirish va aholida unga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish maqsadida uni internet makonida aniq yo‘naltirilgan tarzda obro‘sizlantirish rejalagan.
"A.Mo‘minovning noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyasi (o‘ziga juda o‘xshash shaxsdan foydalangan holda), uning erkaklar bilan intim aloqalari, parikdan foydalangan holda ayol qiyofasiga kirishi, shuningdek, A.Mo‘minovning gomoseksual xarakterini aniq ko‘rsatuvchi boshqa holatlarni aks ettiruvchi videolarni tayyorlash va internet tarmog‘ida (shu jumladan turli messenjerlar orqali) tarqatish", deyiladi hujjatda.
Ozodlik bir oy davomida o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik blogerlar bilan suhbatlashib, tahririyat ixtiyoridagi "sxema" ularning ko‘pchiligiga qo‘llanganini aniqladi. Xususan, maxsus xizmatlar rejim tanqidchilarini jim bo‘lishga majbur qilish uchun ko‘pincha soxta porno-videolardan foydalangan. Bunday soxta kompromat nishoniga aylangan o‘zbekistonlik jurnalist maxsus xizmatlar tomonidan uning ishtirokidagi soxta pornografik videoni tarqatish bilan tahdid qilingandan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlardagi ba’zi postlarini o‘chirib tashlashga majbur bo‘lganini tan oldi.
O‘zbekiston hukumati o‘z muxoliflari va tanqidchilariga qarshi noqonuniy usullardan foydalanayotgani yangilik emas. O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan soxta kompromatlardan foydalanish dalillari ko‘plab sud jarayonlarida tinglandi va advokatlar va huquq himoyachilari tomonidan hujjatlashtirildi. Rasmiylar va huquq-tartibot idoralari vakillari hech qachon bu bayonotlarga izoh bermaydi. Ammo shunday holatlar ham bo‘lganki, rasmiylar jurnalistlarni qo‘rqitish uchun bunday shantaj usullaridan foydalanganliklarini tan olishgan.
2019-yil noyabrda O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahrining o‘sha paytdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mahalliy jurnalistlarni gey deb atab, ularni sharmanda qilish bilan tahdid qilgani aks etgan audiolavha tarqaldi.
"Men shunday qilishim mumkinki, butun mahalla sizlardan yuz o‘giradi, qo‘ni-qo‘shnilaringiz siz bilan salomlashishdan or qiladi. Buni olti soniyada amalga oshira olaman. Ishonmayapsizmi? Sizlarni osongina gey qilib ko‘rsatishim mumkin. Bu juda oson! Bizda so‘z erkinligi bor-ku. Sizlarni geyning taksisiga o‘tqazib, suratga olaman. Tamom. Gey bo‘lasiz qolasiz," deya tahdid qilgandi Ortiqxo‘jayev jurnalistlarga.
Keyinchalik hokim jurnalistlardan uzr so‘radi, biroq O‘zbekiston sudi ham, prokuraturasi ham ijro hokimiyatining yuqori lavozimli amaldorining bu kabi tahdidlariga huquqiy baho bergani yo‘q.
"Sxema" tepasida "Ofis" turganmi?
"Ozodlik" o‘tkazgan surishtiruv davomida Abduqodir Mo‘minovni obro‘sizlantirish kampaniyasiga uning hamkasblari ham jalb etilgani aniqlandi. Hujjatda jalb qilingan blogerlarning ismlari oshkor qilinmagan.
Ozodlik o‘z surishtiruvi jarayonida, Abduqodir Mo‘minovga qarshi feyk kompromatlarni tarqatishda ishtirok etgan blogerlar haqidagi ma’lumotning bir uchi Darxondagi norasmiy “ofis”ga borib taqalishini aniqladi.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga ko‘ra, prezidentning Davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan, Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovning ko‘rsatmasiga binoan faoliyat yuritgan, deb taxmin qilinayotgan Toshkentdagi nufuzli "ofis" yollanma blogerlar xizmatidan keng foydalangan.
Hukumatdagi manbalar blogerlarni qo‘rqitish va qalam haqi evaziga ishlatilgan ushbu "sxema" tepasida ham aynan Otabek Umarov turganini iddao qilmoqda.
Ozodlik tasarrufida bu iddaoga ilova qilingan skrinshotlar mavjud, ammo hozircha ushbu skrinshotlarning haqqoniyligini tekshirish imkoni yo‘q.
Ozodlik videosurishtiruvining to‘liq versiyasi bilan mana bu havola orqali tanishishingiz mumkin.