Gruziya ozarbayjonlik jurnalistni Bokuga topshirmoqchi

Afgan Sadigov

Tbilisi shahar sudi prokuraturaning Azel.TV yutub-kanali va mustaqil xabar agentligi rahbari Afgan Sadigovni Ozarbayjonga ekstraditsiya qilishga oid iltimosnomasini qanoatlantirdi. Bu haqda “Kavkazskiy uzel” nashri xabar qildi.

Sadigovning advokatlari sakkiz kun ichida shahar sudi qarori ustidan Gruziya Oliy sudiga shikoyat qilishlari mumkin.

Afgan Sadigov 2024-yilning 4- avgust kuni Tbilisida qo‘lga olingan. Jurnalist o‘zining hibsga olinishiga norozilik o‘laroq 20-sentyabr kuni ochlik e’lon qilgan. U sudga nogironlar aravasida olib kelingan.

Sadigov va oilasi 2023-yil dekabridan beri Gruziyada istiqomat qilib kelayotgan edi. Rights Georgia inson huquqlari tashkiloti advokati Dmitriy Nozadze Ozarbayjonda Sadigov ta’magirlikda ayblangan, uni ekstraditsiya qilish so‘rovi Gruziya rasmiylariga shu yil iyulida yo‘llangan.

Sadigov Gruziyadan boshpana so‘rab mamlakat migratsiya departamentiga murojaat qilgan, biroq 16-sentyabr kuni unga rad javobi berilgan. Sadigovning advokati departament qarori yuzasidan Tbilisi shahar sudiga murojaat qilgan, biroq sud boshpana berishni rad etish qarorini o‘z kuchida qoldirgan.

2024-yil iyulida jurnalist Turkiyaga ketishga chog‘langan, biroq uni Gruziyadan chiqarishmagan. Sadigov Ozarbayjonda ta’qib qilinayotgani o‘zining tanqidiy postlari va videoroliklari bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.

“Hozirda menga qarshi jinoyat ishi ochilgan emas, biroq Ozarbayjonga qaytishim bilan meni ham tanqidiy kayfiyatdagi boshqa jurnalistlar kabi hibsga olishlarini bilaman. Menga Gruziyada va qarindoshlarimga Ozarbayjonda tahdid qilishib, tanqidni to‘xtatishimni talab qilishmoqda”, degan edi o‘shanda Sadigov.

Afgan Sadigov 2020-yilda Ozarbayjonda ta’magirlik ayblovi bo‘yicha 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U o‘ziga bildirilgan ayblovlarni rad etgan, huquq faollari esa uni siyosiy mahbus deb tan olishgan. 2023-yil may oyida u afv etilgandi.