Gruziya parlamenti 1-may kuni “Tashqi ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Muxolifat bu loyihani Rossiyadagi “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunning muqobili deb atamoqda.
Qayd etilishicha, “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi vakillari va ularning ittifoqchilari bo‘lgan 150 deputatdan 83 nafari hujjat qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan. Muxolifatchi deputatlar ovoz berishda ishtirok etishmagan. Shu tariqa, ovoz berish natijasi birinchi o‘qishdagi ovoz berish natijasi bilan bir xil bo‘lgan.
Qonun loyihasi to‘la ma’qullanishi uchun u uchinchi o‘qishda ham qabul qilinishi zarur. Uchinchi o‘qish bo‘yicha ovoz berish 17-may kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.
Tbilisidagi parlament binosi oldida 1-may oqshomida yana qonun loyihasiga qarshi chiqayotgan odamlar yig‘ilgan. Parlament binosi oldidagi butun hudud mitingchilar bilan to‘lgan. Ular binoga kirish yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. Guvohlarga ko‘ra, politsiya mitingni tarqatishni boshlab, namoyishchilarga qarshi achchiq gaz va suvotarlarni ishga solgan.
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonun loyihasiga qarshi ekanini aytarkan, namoyishchilarni parlament eshigi oldidan chekinishga chaqirgan.
Tbilisidagi namoyishlar rasmiylar qonun loyihasini qabul qilish niyatini ochiqlagani ortidan bir necha haftadan buyon davom etmoqda.
Ikkinchi o‘qishda qonun loyihasiga oid munozaralar ikki kun davom etgan va ancha keskin kechgan. Parlament spikeri Shalva Papuashvili muxolifatdagi deputatlardan to‘rt nafarini zaldan chiqarib yuborgan. Deputatlar o‘rtasida to‘qnashuv ham kuzatilgan.
Tbilisida 1-mayga o‘tar kechasi ham politsiya namoyishchilarga qarshi maxsus vositalardan foydalangan edi. Mitingni tarqatish uchun politsiya suvotarlar, ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlarni ishga solgani ortidan 20 dan ziyod muxolifat faoli Rustaveli shohko‘chasida navbatchilik qilayotgan “tez yordam” vrachlariga murojaat qilgandi. Rasmiylar o‘shanda politsiyachilardan olti nafari jarohat olgani haqida ma’lum qilishgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, mitingni tarqatish chog‘ida namoyishchilardan 63 nafari qo‘lga olingan. Vazirlik aksiya ishtirokchilari “politsiyachilarga qarshi kuch qo‘llanib, so‘z va fikr erkinligini ifoda qilish me’yorlaridan tashqariga chiqishgan”ini bildirgan.
Qonun loyihasi tanqidchilari Kreml bu kabi hujjatdan o‘z muxoliflarining unini o‘chirish uchun foydalanayotganini urg‘ulaganlar. G‘arb mamlakatlari Gruziya parlamentida muhokama qilinayotgan chora fuqarolik jamiyatini nazorat qilishga qaratilganidan ogohlantirmoqda. Mixail Saakashvilining “Birlashgan milliy harakat” partiyasi tarafdorlari qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolik jamiyatiga qarshi qatag‘onlar mashru’lashtirilishiga, Gruziyani G‘arb tomon yo‘ldan boshqa yoqqa burib yuborilishiga va “Rossiya tomonidan yutib yuborilishi”ga sabab bo‘lishi mumkinligini iddao qilishmoqda.
Qonun loyihasining birinchi o‘qishi bo‘yicha ovoz berish 17-aprel kuni bo‘lib o‘tgan. Hukmron partiya siyosatini yoqlamayotgan prezident Salome Zurabishvili, qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ham qabul qilingan taqdirda, unga veto qo‘yishini bildirgan. Biroq hukumatda prezident vetosini rad qilish uchun yetarlicha ovoz mavjud.
Bahsli qonun loyihasi o‘z moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan olayotgan tashkilotlar va fuqarolar guruhidan “xorijiy agent” o‘laroq ro‘yxatdan o‘tishni talab qiladi.
O‘tgan yil dekabrida Gruziyaga Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod o‘lka maqomini bergan YI “Tashqi ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi Yevroittifoq qadriyatlariga uyg‘un emasligi va mamlakatning YIga a’zo bo‘lish umidlarini puchga chiqarishini bildirgan.