Gruziya prezidenti G‘arbni hukmron partiyaga bosim o‘tkazishga chaqirdi

Salome Zurabishvili Ozodlikning gruzin xizmatiga intervyu chog‘ida, Tbilisi, 2024-yil 29-oktyabri

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda o‘tkazilgan parlament saylovi natijalari qayta ko‘rib chiqilishi uchun G‘arb mamlakatlarini “Gruziya orzusi” hukmron partiyasiga jiddiy bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Agar bosim o‘tkazilmasa, bu G‘arbning Gruziyani yevropacha istiqbol va g‘arb tomonida tutib turishga harakat yo‘lida qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmaganini anglatadi”, deya qayd etdi Zurabishvili Ozodlikning gruzin xizmatiga bergan intervyusida.

Gruziyada parlament saylovi 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan. MSK ma’lumotiga ko‘ra, unda 54 foizga yaqin ovoz bilan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi g‘alaba qozongan. Gruziya qonunlariga muvofiq, bu partiya bir o‘zi hukumatni shakllantirish huquqiga ega bo‘ladi. Parlamentga kirish uchun zarur bo‘lgan besh foizli to‘siqdan muxolifatdagi to‘rt partiya — “O‘zgarishlar uchun koalitsiya”, “Birdamlik – Milliy harakat”, “Kuchli Gruziya” va “Gaxariya Gruziya uchun” partiyalari o‘tgan.

Zurabishvili va muxolifat saylovda 300 mingga yaqin ovoz hukmron partiya foydasiga soxtalashtirilganini bildirishgan. Prezident “Gruziya orzusi” o‘z saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Rossiya narrativalaridan foydalanganini ham qayd etgan.

YXHT vakillari Gruziyadagi saylov jarayoni xalqaro demokratik standartlarga yetarli darajada muvofiq bo‘lmagani bildirishgan. Tashkilot saylov paytida ovoz sotib olish, ikki martalab ovoz berish, jismoniy zo‘ravonlik va qo‘rqitish kabi holatlarni qayd etgan. Ayni paytda YXHT ovoz berish chog‘ida to‘g‘ridan to‘g‘ri soxtalashtirish holatlarini tasdiqlagan emas.

Zurabishvili Ozodlikka bergan o‘z intervyusida mahalliy tashkilotlar saylovdagi qonunbuzarliklarga oid dalillarni ko‘rsatish uchun ma’lumot yig‘ish ustida ishlayotganini bildirgan.

Bu orada Gruziya Markaziy saylov komissiyasi 29-oktyabr kuni har bir saylov okrugidagi beshta uchastkada byulletenlar qayta sanalishini e’lon qilgan.

28-oktyabr kuni Tbilisida muxolifat tarafdorlarining ko‘p ming kishilik mitingi bo‘lib o‘tib, unda Zurabishvili g‘arb mamlakatlari liderlari bilan muloqot qilgani va ular ham saylovlarni nolegitim deb hisoblayotganlarini bildirgan.

2012-yildan buyon hokimiyat tepasida bo‘lgan “Gruziya orzusi” avvallari g‘arbcha siyosat yuritib kelayotgan edi, biroq so‘nggi ikki yil ichida partiya, iddaolarga ko‘ra, Rossiya o‘zaniga tushib olgan. Partiya bu iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda.

Rossiya ham Gruziya saylovlariga aralashganini rad etib kelyapti.