4 - iyun kuni Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokatlari François ZIMERAY, Grégoire MANGEAT va Fanny MARGAIRAZ BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhiga rasman shikoyat qildi.
Advokatlar BMTdan Gulnora Karimovaning qamoqda ushlab turilishini mohiyatan noqonuniy deb tan olishni so‘ramoqda.
Gulnora Karimovaning 7 yildan ko‘proq vaqt davomida hibs va qamoqda ushlab turilgani ta’kidlangan rasmiy kommyunikeda qamoqxonada uning fundamental huquqlari muntazam ravishda buzilayotgani aytilgan.
“Gulnora Karimova 2014 - yil fevral oyida o‘g‘irlab ketilgandan so‘ng, birinchi marta sud boshlanishini 18 oydan ko‘proq vaqt kutdi. Uchta soxta sud jarayoni bo‘lib o‘tdi, ularning hammasi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi, u advokatlar bilan erkin suhbatlashish yoki o‘zi ustidan ochilgan ish bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmadi”¸ deyiladi advokatlar murojaatida.
"Biz hibsga olingan odamning oshxonada qurollangan odamlar qurshovida sud qilinganiga o‘z tajribamizda birinchi marta duch keldik! O‘zbekiston rejimi Gulnora Karimovaga qarshi shafqatsiz va vahshiy usullarni qo‘llamoqda. Adolatlar sud jarayonining barcha tamoyillariga zid ravishda Gulnora Karimova mutlaq izolyatsiya qilingan. O‘zbekiston rasmiylarini o‘z xalqaro majburiyatlariga amal qilgan holda Gulnora Karimovani zudlik bilan¸ so‘zsiz ozod qilishga chaqiramiz»¸ deyiladi shveysariyalik uch advokat yozgan murojaatda.
Shveysariyalik advokatlar G‘arb¸ xususan¸ Shveysariya adliya tizimini O‘zbekiston sudlari chiqargan "asossiz" hukmlarni qabul qilish orqali adolatsizlikni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.
BMTga yo‘llangan murojaatda G‘arbning O‘zbekistondagi inson haqlari toptalishini qoralanish o‘rniga ularni legitimlashtirish harakatlari Gulnora Karimova kabi tutqunlarga nisbatan ham jismoniy¸ ham ruhiy bosimning oshishiga xizmat qilayotgani ta’kidlanadi.
Toshkentdagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan 49 yashar Gulnora Karimova joriy yil mart otida maktub chiqarib, o‘zining “muntazam qiynoqqa tutilgani"ni she’riy misralarda bayon qilgan edi.
Aprelda onasini ko‘rish uchun Londondan Toshkentga uchib kelgan Imon Karimova Instagram sahifasida ayollar qamoqxonasi boshlig‘i Gulruh Karimova 13 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan onasi bilan uchrashuvga izn bermaganligi haqida yozdi.
Karimovaning Shveysariyadagi advokati Grégoire MANGEAT O‘zbekiston hukumati tomonidan istalmagan shaxs deb e’lon qilinib¸ uning mamlakatga kirishi taqiqlangan.
O‘zbekistonga 2019 - yil qilgan safari davomida Karimova bilan uchrashtirilmagan MANGEAT nafaqat Karimova¸ balki Zangiota koloniyasida saqlanayotgan boshqa mahkumlarning og‘ir ahvoli¸ huquqsizligi haqidagi tvitlari ortidan Toshkent g‘azabiga duchor bo‘ldi.
Gulnora Karimova O‘zbekistonda 13 yilu 4 oylik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi 2020 - yil 18 - mart kuni Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolari ustidan hukmni e’lon qilgan edi.
Sud G. Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, uni 13 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.
Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda, jazo muddatini 2015 - yil 21 - avgustidan boshlab hisoblash belgilangan.
Karimovaning shveysariyalik advokati hamda farzandlari tergov va jazo muassasasida uning huquqlari poymol etilganini iddao qilishgan, ammo O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu iddaolarni rad etgan.