Guterrish Toshkentda orden bilan taqdirlandi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning O‘zbekistonga tashrifi doirasida 1-iyul kuni Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida unga O‘zbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri — "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur orden Guterrishga “jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish” hamda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun topshirilgan.

Marosimda BMT bosh kotibining xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, global boshqaruv institutlarini isloh qilish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, "yashil" va raqamli taraqqiyot, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlari qayd etilgan.

Kunning birinchi yarmida Antoniu Guterrish O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib borgan.

Muzokaralar chog‘ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashishgan, shuningdek, Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlangan.