Haaga sudi prokurori Netanyahuni hibsga olish uchun order so‘radi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri va mudofaa vaziri, shuningdek, AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan HAMAS guruhining uch nafar liderini hibsga olish uchun order talab qildi. Bu haqda Xalqaro jinoyat sudi (XJS) saytida ma’lum qilingan. Prokuror bu haqda CNN telekanaliga bergan intervyusida ham aytib o‘tgan.

XJS saytidagi bayonotda qayd etilishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant, HAMAS lideri Yahyo Sinvar, HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya va tashkilot harbiy qanoti qo‘mondoni Muhammad Deyf harbiy jinoyatlar va insoniylikka qarshi jinoyatlarda gumonlanmoqda.

Xalqaro jinoyat sudi dunyoning aksar mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan Rim statuti asosida ish ko‘radi. Qatliom, harbiy jinoyatlar va insoniylikka qarshi jinoyatlarda ayblanayotgan shaxslarni ta’qib qilish ham mazkur sud vakolatiga kiradi.

Rim statutini AQSH va Rossiya kabi Isroil ham ratifikatsiya qilgan emas va bu davlatlar sud yurisdiksiyasiga tobe emasligini aytib kelishadi.

Biroq Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlar Xalqaro jinoyat sudi bilan hamkorlik qilishga majbur, xususan, qidirilayotgan shaxs bo‘yicha XJS tomonidan hibsga olishga oid order berilgan taqdirda, ular bu ishni amalga oshirishlari shart bo‘ladi.

2022-yili XJS Ukraina hududida bolalarning noqonuniy deportatsiyasida aybdor ko‘rilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan. O‘shandan beri Putin Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga safar qilgan emas va bunday mamlakatlar orasida Rossiya uchun “do‘st” o‘lkalar ham bor.