O‘tgan mart oyida Falastin delegatsiyasi Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga bordi. Delegatsiya AQSH va Yevropa Ittifoqi terrorchi tashkilot deb tasniflagan HAMAS'dan edi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, uchrashuvda " Falastin muammosi adolatli yechimini qo‘llab-quvvatlashda Rossiyaning doimiy pozitsiyasi" haqida so‘z yuritilgan.
“Falastin milliy birligini tiklash masalasini ko‘rib chiqish chog‘ida Rossiya tomoni kelishmovchiliklarni bartaraf etish va Falastin Ozodlik tashkiloti atrofida yetakchi siyosiy kuchlar va harakatlarni birlashtirishda yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Rossiyaning HAMAS bilan aloqalari, HAMAS'ning esa asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi Eron bilan aloqalari ham ma’lum. Isroilda bo‘layotgan voqealarni kuzatuvchilar uchun shuning o‘zi Moskvani zo‘ravonliklarga bevosita aloqadorlikda ayblashga yetarli asosdir.
Bu to‘g‘ri emas, deydi Jeyms Martin nomidagi Yadro qurollarini tarqatmaslikni o‘rganish markazining Berlindagi tahlilchisi, Rossiyaning Yaqin Sharqdagi siyosati bo‘yicha ekspert Hanna Nott.
Rossiyaning Eron bilan yaqinligi Ukraina bilan urushda Moskvaga qo‘l keldi, Tehron Rossiyaga xudkush dronlar va boshqa qurollarni yetkazib berdi. Ammo bundan xulosa qilib, Rossiya HAMAS'ning ham qonli hujumini qo‘llab-quvvatlab, Isroil bilan aloqalariga raxna soladi deb o‘ylash xato bo‘ladi, deydi u.
9-oktabr kuni Ozodlik bilan telefon orqali suhbatda Nott Rossiyaning Yaqin Sharqdagi roliga oid ko‘proq nozik jihatlarni tushuntirdi.
Ozodlik: Rossiya bu hujumda qandaydir rol o‘ynagan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarga shubha qilasizmi? Ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita bunga aloqasi bormi?
Hanna Nott: E’tibor bersangiz, so‘nggi yillarda (Ukrainadagi urushdan oldin ham) Rossiyada ishlab chiqarilgan tizimlar HAMAS qo‘liga o‘tib ketgani haqida ba’zi xabarlar bor edi. Tankka qarshi raketalar, zenit raketalari va hk; bunga ko‘p yillar bo‘lgan va o‘sha paytda Isroil bu qurollar Eron orqali HAMAS qo‘liga tushgan deb taxmin qilgan. Shuning uchun, men Rossiyadan HAMAS'ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik qurol-yarog‘lar yuborilgani haqida hech qanday dalil ko‘rmaganman, HAMAS rus harbiylari tomonidan o‘qitilgani haqidaku, gapirmasa ham bo‘ladi. Bu so‘nggi hujum kontekstida men hali bu rus qurollari ekanligi yoki ruslar HAMAS'ni o‘qitganiga oid dalillarni ko‘rmadim. Shuning uchun bu yerda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ko‘rmayapman.
Menimcha, Rossiya Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlarini buzmoqchi emas.
Albatta, Rossiya va HAMAS o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga borib taqaladi. Aytmoqchimanki, ular, menimcha, 2006-yilda, Falastin hududidagi saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Moskvaga taklif qilingan va o‘shandan beri HAMAS delegatsiyalari u yerga borib turadi. Bilasizmi, ruslar so‘nggi yillarda Falastinning turli guruhlari o‘rtasida vositachilik qilishga ko‘p urinishdi. Albatta, ular HAMAS'ni hech qachon terrorchi tashkilot sifatida ko‘rishmagan. Ular doimo turli fraksiyalar birlikka intilishi kerak, deb ta’kidlab kelishgan.
Bu ruslar tinchlik jarayonida o‘z o‘rinlari bo‘lishini istashidandir, chunki so‘nggi bir necha yil ichida ular amerikaliklar tinchlik jarayonini monopoliya qilvolganidan tez-tez shikoyat qilishyapti, ayniqsa, Tramp ma’muriyati va "Asr bitimi" davrida. Shunday qilib, ular barcha Falastin guruhlari bilan aloqalaridan faxrlanib, bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilishdi.
Shunday qilib, ruslar Falastin tomonda faol bo‘lib kelgan. Sovet Ittifoqi Falastinni qo‘llardi. Shunday qilib, bu munosabatlar uzoq tarixga borib taqaladi. Bu to‘g‘ri. Ammo bundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam bor, degan xulosaga borish mumkin, deb o‘ylamayman.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Yana bir savol bor: bu yerda Rossiyaning roli bilvosita bo‘lishi mumkinmi? Men Ukrainadagi urush tufayli, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarning jiddiy yomonlashgani va shu bois Rossiya-Eron munosabatlarining geosiyosatdagi o‘zgarishi tufayli, umuman olganda, Rossiya Eronning mintaqadagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda, degan bo‘lardim. Shunday qilib, Eron o‘zini yanada dadil his qilmoqda. Eron Rossiyaga dronlar va boshqa yordam beryapti. Buning evaziga u Rossiyadan qandaydir yordam olsa kerak.
Ruslar 2015-yilgi Eron yadroviy kelishuvi tiklanishiga unchalik qiziqishmadi. Ular Eronga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘lishdi. Shunday qilib, Eronning ana shu «bardamlik» hissi hozir bo‘layotgan voqealarga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, bu yerda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush bilan bog‘liqlik bor, lekin men buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki bilvosita degan bo‘lardim.
Ozodlik: Xo‘p, sizga bermoqchi bo‘lganim uchta savolga yetib keldingiz. Xo‘sh, bularning barchasidan Rossiya qanday foyda oladi?
Hanna Nott: Menimcha, bir tomondan, hozir Yaqin Sharqda beqarorlik, keskinlik va zo‘ravonlikning kuchayishi, umuman olganda, Rossiya uchun foydali bo‘lishi bor gap. Agar ular boshqa joylarda inqirozlar va beqarorlikka hissa qo‘sha olsa va G‘arb davlatlari, xususan, AQSH, Ukraina va NATOning sharqiy qanotidan e’tiborni chalg‘ita olsa, kengroq geosiyosiy o‘yinda foydalidir. Agar yuz berayotgan hodisalar Isroil-Saudiya o‘rtasidagi normallashuv buzilishiga olib kelsa, menimcha, bu Moskvada ham mamnuniyat bilan qabul qilinadi, chunki Isroil-Saudiya munosabatlari Amerika o‘yinidir. Demak, bu qaysidir ma’noda Rossiya uchun foydali.
Ular uchun potensial salbiy tomoni shuki, men Rossiyaning Yaqin Sharqdagi tashqi siyosatini ehtiyotkorlik bilan sozlangan beqarorlik, bir maromda ushlab turilgan beqarorlikni rag‘batlantiruvchi siyosat deb bilaman. Agar bu kattaroq urushga aylansa, Livan va Suriyani ham qamrab oladigan Isroil-Eron qarama-qarshiligiga aylansa, bu Rossiyaga foyda keltiradi deb o‘ylamayman. Chunki Suriyada ruslarning muhim dengiz va havo bazalari bor; bu bazalardan ular O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga kuch beradi. Bu bazalar ruslarga Afrikada o‘z operatsiyalarini davom ettirish imkonini beruvchi logistik markaz vazifasini bajaradi va ... Vagner ham Afrikada o‘yinini davom ettirmoqda.
Shuning uchun Suriya muhim joy. Endi, agar Suriya kengroq urush sababli beqarorlashsa, ruslar hozirda bunday vaziyatni hal qilish uchun harbiy kuchga ega emas. Shuning uchun men katta urush ularning manfaatlariga mos kelishiga unchalik ishonmayman. Menimcha, bu ularga kerak emas – nazoratdagi eskalatsiya ular uchun foydaliroqdir.
Ozodlik: Rossiya hozir Ukrainadagi urushga ko‘proq kuch sarflasa, kengroq mintaqaviy urushga imkoniyatlari bormi: ular bir vaqtning o‘zida ikkita to‘pni o‘ynay olarmikan?
Hanna Nott: Yaxshi savol. Bu Rossiyaning qanchalik ishtirokiga bog‘liq bo‘ladi. Ular Suriyadagi bazalarini saqlab qolishgan. Suriyada harbiy texnikaning katta qismi turibdi. Bu Suriyadagi vaziyatni nazoratda ushlab turish uchun yetarli bo‘ldi va so‘nggi yillarda mamlakatda yirik janglar amalda to‘xtadi. Gap shundaki, Suriya shimoli-sharqida 800-900 amerikalik qo‘shin bor va ruslar so‘nggi olti oy ichida ularni yanada yaqindan kuzatmoqda. Chunki, menimcha, ular amerikaliklar Suriyani tezroq tark etishini istashadi. Shu xolos. Ammo katta urush boshqa masala.
Menimcha, Rossiya-Eron munosabatlari sifat jihatidan o‘zgarganiga shubha yo‘q. Ammo baribir, men Rossiya Isroil va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan munosabatlarini buzmoqchi emas, deb o‘ylamayman. Agar kattaroq urush boshlansa va amerikaliklar Isroil tomonda qattiq tursa, shunday bo‘ladi ham. Menimcha, bilasizmi, ular allaqachon O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga aviatashuvchi kemani jo‘natishgan. Amerikaliklar bu katta urushda qaysi tomonda turishi aniq.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Shunda savol tug‘iladi: Rossiya tomon tanlashi kerakmi? Agar kattaroq urush boshlansa, Rossiya uchun Eron orbitasiga tortilishdan boshqa yo‘l qolmaydimi? Shunday bo‘ladi. Ammo ular buni xohlayotganiga ishonchim komil emas. Shuning uchun menimcha, ruslar vaziyatning bunchalik keng ko‘lamli urushga qadar kuchayishini xohlashmaydi.
Ozodlik: Shu kunlarda Moskvaning Isroil bilan munosabatlari qanday? Issiqmi yoki sovuq? Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Isroil bilan birdamligini bildirdi. Bu munosabatlarni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
Hanna Nott: Ehtimol sust, lekin [Bosh vazir Benyamin] Netanyaxu dekabr oyida hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri yaxshilandi. Bucha hujumiga Isroilning javobini hisobga olsak, [oldin] sovuqroq edi; ular Rossiyani juda qattiq tanqid qilishdi. Ammo Isroil [hozirgacha] Ukrainaga halokatli qurol yetkazib bermagan. O‘ylaymanki, Moskva buni qadrlaydi va ular shunday qolishini xohlashadi.
Shunday qilib, keskinliklar bor edi, lekin hali ham juda muhim savdo aloqalari mavjud. Isroilda katta rus diasporasi yashaydi, u Ukrainadagi urushdan oldin ham bor edi, ammo urush boshlanishi bilan yanada ko‘paydi.
Isroil nuqtai nazaridan, eng muhimi, Suriya osmonida mojaro boshlamaslikdir. Bu isroilliklar Rossiyaga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlari va sanksiyalarga qo‘shilmasliklari va Ukrainaga yordam bermasliklarining asosiy sababidir.
Shunday qilib, ha, bu odatdagidan qiyinroq bo‘ldi, lekin Bibi [Netanyaxu] va Putin o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar ma’lum darajada yordam beradi. Ular kelisha oladi.
Netanyaxu lavozimga qaytganidan beri biroz qattiqqo‘l bo‘lib qoldi. Ammo menimcha, Rossiya nuqtai nazaridan isroilliklarning Kiyev tomoniga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Ana shu narsa ruslar HAMAS'ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlaganiga ishonmasligimning yana bir sababidir, chunki agar ular shunday qilishsa, isroilliklar bu haqda ertami-kechmi bilib oladi. Bunday vaziyatda Rossiya isroilliklarni butunlay yo‘qotadi va bunaqa vaziyatda tavakkal qilishlariga ishonish qiyin, chunki Isroilning Ukrainani qo‘llab-quvvatlamasligi Rossiya uchun juda muhim.