HAMAS va “Islomiy jihod” Tel-Avivdagi portlashga aloqadorliklarini bildirishdi

Tel-Avivdagi bomba portlagan joy, Isroil, 2024-yil 18-avgusti

Falastinning “Islomiy jihod” va HAMAS radikal guruhlari 18-avgust oqshomida Tel-Avivdagi sinagoga yaqinida bomba portlashi uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishdi. HAMAS AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, portlash oqibatida bombani olib ketayotgan erkak halok bo‘lgan, yana bir yo‘lovchi jarohatlangan. Isroil rasmiylari sodir bo‘lgan hodisani terror xuruji o‘laroq tasniflashgan.

Isroil xavfsizlik xizmati vakillari terrorchining shaxsini aniqlash bo‘yicha ish davom etayotganini bildirishgan — hozirgi paytda uning 50 yoshlar atrofidagi erkak ekani ma’lum, xolos.

Guruhlar “ommaviy qotilliklar ishg‘olchi siyosati davom etaverar ekan”, Isroil hududida o‘zlarining “shahodat amaliyotlari”ni davom ettirishlari haqida bayonot berishgan. Reuters agentligi qaydicha, bu Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti va HAMAS lideri Ismoil Haniyaning 31-iyul kuni Tehronda o‘ldirilganiga ishoradir. Isroil Haniyaning o‘limi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan emas.