"Hamma Xitoy bilan savdoni xohlaydi". Xitoy-O‘zbekiston-Qirg‘iziston temir yo‘li

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l shirkatining ochilish marosimi.

2007-yilda Shvetsiya konsalting guruhi Santa Klaus Qirg‘izistonda yashashi kerakligini e’lon qilgandi, chunki bu uning Iso Mavludi kechasidagi afsonaviy sayohati davomida dunyodagi har bir xonadonga yetib borishi uchun eng qulay joy ekan.

Biroq, dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan Qirg‘iziston o‘zining baland tog‘ cho‘qqilari, yomon yo‘llari va ko‘priklari yo‘qligi bilan hali ham logistik dahshatga o‘xshaydi.

Shunga qaramay, Xitoy Markaziy Osiyodagi ikkinchi eng kambag‘al davlatni Yevroosiyo transchegaraviy savdosi bo‘yicha navbatdagi yirik loyihasiga jalb etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Афғонистонни Марказий Осиë ва Европа билан боғловчи темир йўл қурилиши бошланди

4 mlrd dollarlik logistika markazi?

Oktyabr oyi ham Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘lida boshlangan va’da qilingan qurilish ishlari boshlanmay qoldi: uzoq muddatli, ko‘p milliard dollarlik mega-loyiha, optimistlar aytishicha, Sharq-G‘arb savdosini o‘zgartirib, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yetkazib berish vaqtini bir haftagacha qisqartirishi mumkin.

Ammo o‘tgan oyda Qirg‘izistonda boshqa muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi va ularning aksariyati u yoki bu tarzda Xitoy bilan bog‘liq edi.

Poytaxt Bishkekdan uncha uzoq bo‘lmagan Lenin qishlog‘ida "Manas" savdo-logistika shaharchasi qurilishi boshlanishi eng diqqatga sazovor va, ehtimol, sirli voqea bo‘ldi.

Savdo markazi loyihasi loyihani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan Hunan Construction Investment Group (HCIG) tomonidan nazorat qilinadi, uning birinchi bosqichi 700 million dollarga tushadi va umumiy qiymati 4 milliard dollarga yetadi.

700 gektar maydonda joylashgan ushbu loyihada saqlash, logistika, sotuv va savdo zonalari bo‘ladi.

Ushbu loyihaning kelajakdagi temir yo‘l bilan aloqasi bormi?

Ha, albatta, deyishadi qirg‘iz rasmiylari.

Bundan tashqari, hech kim hali buni qanday amalga oshirish kerakligini aniq tushuntirmagan va uchta ishtirokchi davlat tomonidan kelishilgan yo‘l Lenin qishlog‘i yaqinidan o‘tishi ham kutilmayapti, buning o‘rniga chuqur tog‘li hudud orqali eng qisqa yo‘lni tanlash kerak. Aslida Lenin Qozog‘iston bilan chegarada, Qirg‘izistonning mavjud shimoliy yo‘nalishdagi temir yo‘liga yaqin joyda joylashgan.

17-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan marosimda so‘zga chiqqan Xitoyning Qirg‘izistondagi elchisi Dyu Deven Qirg‘izistonni "nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Osiyo va Yevropa uchun muhim bo‘lgan bog‘lovchi davlat" sifatida yuqori baholadi.

Dyuning aytishicha, savdo markazi temir yo‘l uchun "alohida ahamiyatga ega" va unga "yaxshi bozorlar, omborlar va logistika markazlari" kerak bo‘ladi.

Kelajakdagi xabni rejalashtirish 2023-yil 8-dekabrda Qirg‘iziston hukumati Qirg‘iziston-Xitoy investitsiya xoldingi (QXIX) kompaniyasi bilan "Yevroosiyo savdo-logistika kompleksi"ni qurish bo‘yicha shartnoma imzolaganidan boshlangan.

Rebrendingga qaramay, Qirg‘iziston hukumati loyihada atigi 49 foiz ulushga ega bo‘ladi, qolgan qismini esa QXIX oladi.

Xitoyliklar asos solgan QXIX kompaniyasi 700 million dollarlik investitsiyalarning 482 million dollariga javobgar bo‘ladi.

Qurilish Xitoyning Hunan Construction Investment Group kompaniyasi bilan tuzilgan.

Raqobatga ahamiyat bermang

Poydevor qo‘yish marosimida so‘zga chiqqan Bosh vazir Aqilbek Japarov (prezident Sadir Japarovga aloqasi yo‘q-tahr.) logistika markazini "yirik dengiz portiga o‘xshatish mumkinligini" aytdi.

"Dunyodagi hamma Xitoy bilan savdo qilishni xohlaydi, chunki dunyo yalpi ichki mahsuloti hajmiga qarasangiz, Xitoy uning 26 foizigacha ishlab chiqaradi. Umid qilamizki, bu bizga dengiz yo‘nalishlariga kirish va dunyoning istalgan mamlakati bilan savdo qilish imkonini beradi, – dedi Japarov. – Bu bizning qishloq xo‘jaligimiz, ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati va yangi texnologiyalarning kirib kelishi uchun ajoyib sharoit yaratadi."

Ayni paytda Markaziy Osiyoning eng yirik va eng rivojlangan "quruqlik porti" – Xitoy-Qozog‘iston chegarasidagi Xorgosdir.

Xorgos Sharq-G‘arb poyezd qatnovining muhim bo‘g‘ini bo‘lib, tovarlar hali ham asosan Rossiya orqali Yevropaga yetib boradi.

Ukraina urushi va shunga muvofiq sanksiyalar ba’zi yuk tashuvchilarni Rossiya yo‘nalishidan uzoqlashtirdi.

Bu Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (TXTY) uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Qozog‘iston orqali o‘tadigan bu yo‘nalishda neftga boy mamlakatning Kaspiy dengizi portlari Kavkaz orqali Yevropaga boradigan tovarlar uchun o‘tish nuqtasi vazifasini bajarmoqda.

Agar TXTY Rossiyani chetlab o‘tsa, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li ham Qozog‘istonni chetlab o‘tishi mumkin. Bu yo‘l Turkmaniston va Erondagi mavjud temir yo‘llarga ulanib, Turkiya orqali Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradi.

Ilgari Rossiya bu loyihaga to‘siq sifatida qaralgan.

Biroq joriy yil boshida chop etilgan Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti maqolasida ta’kidlanganidek, Moskvaning bunday tashabbuslarga qarshilik ko‘rsatish imkoniyati Ukraina urushi tufayli cheklangan.

Muallif Feliks K. Chang yozishicha, bu "Pekinga Markaziy Osiyo savdo oqimlarini qayta shakllantirishda erkinroq harakat qilish imkonini berdi."

Shunday bo‘lsa-da, uch davlat temir yo‘li Xitoyning mintaqada amalga oshirgan barcha loyihalariga, jumladan, qurilishi atigi ikki yil davom etgan Turkmanistonga yetib boradigan 1800 kilometrlik Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvuriga raqobatlasha oladi.

Hech bir kuzatuvchi temir yo‘l qurilishining bu qadar sekin suratda borishini kutmagan bo‘lardi.

Yo‘lning 260 kilometrlik Qirg‘iziston qismi bir qator baland ko‘priklar va tonnellar qurilishini talab qilgani sababli, Bosh vazir Japarovning to‘rt-besh yil ichida qurib bitkazilishi haqidagi optimistik fikriga juda kam kishi qo‘shiladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Мирзиёев Сианда. Хитой ва Россия сиам эгизакларми?

Maxsus iqtisodiy zonalar, birlashing!

Qirg‘iziston hukumatining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu yo‘l uchun ajratilgan minimal 5 milliard dollarlik (hozirgi bahoda 8 milliard dollar) moliyaviy majburiyatning yarmidan ko‘prog‘ini Xitoy o‘z zimmasiga olganini hisobga olsak, agar geosiyosiy vaziyat yana o‘zgarsa, Pekin loyihadan voz kechishi mumkinmi?

Hozircha bunga ishonish qiyin.

Bosh vazir Japarovning temir yo‘l haqidagi so‘nggi bayonotida aytilishicha, prezident Japarov 22-24-oktyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti doirasida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan loyiha bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.

U qurilish noyabr oyida boshlanishi kutilayotganini qo‘shimcha qildi – bu Qirg‘iziston prezidenti may oyida bashorat qilgan muddatdan bir oy keyindir.

Qirg‘iziston bosh vaziri bu fikrlarni ish safari chog‘ida bildirdi.

Uning chiqishlaridan biri Norin shahrida Xitoy kompaniyasi tomonidan qurilayotgan turar-joy majmuasining poydevorini qo‘yish marosimida bo‘ldi.

Sanoat parki Norin maxsus iqtisodiy zonasi (MIZ) va Shinjondagi Qashqar shahridagi ancha yirik MIZ o‘rtasidagi uzoq muddatli, ammo faollashayotgan hamkorlikdan foyda ko‘rmoqda.

Bosh vazir Japarov mart oyida, ikki tomon har bir davlatdagi omborlardan birgalikda foydalanishni o‘z ichiga olgan kelishuvlarga erishganidan taxminan uch oy o‘tib, Qashqar MIZga tashrif buyurdi.

Narinda qurilayotgan to‘rtta zavodning asosiy qismini avtomobil yig‘ish zavodi tashkil etadi, qolgan uchtasida esa LЕD lampalar, hojatxona qog‘ozi va qishloq xo‘jaligi texnologiyalari ishlab chiqariladi.

To‘rt yildan sal ko‘proq vaqt oldin Norin viloyati Xitoyning yirik investitsiya rejalari barbod bo‘lishiga guvoh bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. O‘shanda mahalliy tartibsizliklar Chuyda qurilayotganidan ko‘ra kamtarroq logistika markazi rejalarini barbod qilgan edi.

Ammo bugungi kunda Qirg‘iziston hukumati va xitoylik sarmoyadorlar o‘zlariga ko‘proq ishonmoqda.