AQSHda 5-noyabr kuniga belgilangan prezident sayloviga ikki kun qolar ekan, yakshanba kuni Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris Michigan shtatidagi saylovoldi tadbirlarida qatnashdi, uning raqibi bo‘lgan respublikachi Donald Tramp esa hali kimga ovoz berishi ma’lum bo‘lmagan Pensilvaniya, Shimoliy Karolina va Jorjiya shtatlariga bordi.
Ijtimoiy so‘rovlar, avvalda bo‘lgani kabi, nomzodlar reytingida farq juda kichik ekanini ko‘rsatmoqda. New York Times va Siyena kolleji tomonidan 3-noyabr kuni yoyinlangan tadqiqotlar vitse-prezident Harris va sobiq prezident Tramp ovoz berish natijasi uchun muhim bo‘lgan yetti shtatda yonma-yon ketayotganini ko‘rsatgan.
Joriy yilning 24-oktyabridan 2-noyabrigacha yetti shtatdagi 7800 dan ziyod muhtamal saylovchi orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga muvofiq, Kamala Harris kichik farq bilan Nevada, Shimoliy Karolina va Viskonsinda, Donald Tramp esa Arizona, Michigan, Jorjiya va Pensilvaniyada oldinda boryapti. Yetti shtatning barchasida ovozlar nisbati taqriban 3,5 foiz atrofida bo‘lib turibdi, deya qayd etilgan “Amerika ovozi” maqolasida.
So‘rovga ko‘ra, saylovchilarning 40 foizga yaqini shu kungacha ovoz berib bo‘lgan va bu saylovchilar orasida Harris 8 foizga oldinda bormoqda, Tramp esa endi ovoz berishini aytayotgan saylovchilar orasida peshqadamlik qilyapti.
Pensilvaniyada har ikki nomzodning g‘alaba imkoniyatlari tenglashgan. New York Times nashrining avvalgi so‘rovlarida Harris to‘rt foizlik farq bilan oldinda borayotgan bu shtatda Tramp raqibini quvib yetib olgan.