Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzodlikka da’vogarlik qilayotgan AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris noyabr oyidagi saylovda vitse-prezidentlikka nomzod o‘laroq Minnesota gubernatori Tim Uolzni tanladi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi. Oltmish yoshli Uolz AQSH Milliy gvardiya armiyasida bir necha yil xizmat qilgan sobiq o‘qituvchidir. U 2018-yilda Minnesota shtati gubernatori etib saylangan. Qayd etilishicha, u ayollar huquqlari va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda progressiv yondashuvi bilan tanilgan. Kamala Harris 5-noyabrdagi prezident saylovida nomzod o‘laroq ishtirok etish uchun Demokratik partiya delegatlaridan zarur ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. U mazkur nominatsiyani 19-avgust kuni ochilajak partiya qurultoyida rasman qabul qilishi kutilmoqda. Harris shtabi vakillari u tomonidan vitse-prezidentlikka tanlangan shaxs u bilan birgalikda yetti shtat bo‘ylab birgalikda turnega yo‘l olishini bildirishgan. Bu ro‘yxatda birinchi o‘rinni Pensilvaniya egallagan bo‘lib, bu shtatni Kamala Harris ham, respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp ham saylov natijasiga katta ta’sir ko‘rsatadigan shtatlardan biri deb bilishadi.