Harris yoki Tramp: AQSH prezident saylovining Ukrainaga ta’siri

Prezident Vladimir Zelenskiy AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris bilan. Vashington, 26-sentyabr, 2024.

5-noyabr kuni amerikaliklar prezident saylovida beradigan ovozi butun dunyoga ta’sir ko‘rsatadi. AQSHning harbiy, moliyaviy va diplomatik yordamiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lgan Ukraina boshqa har qanday xorijiy davlatdan ko‘ra ko‘proq bu ta’sirni his qilishi mumkin.

Amaldagi prezident Jo Bayden davrida Qo‘shma Shtatlar 2022-yil fevral oyida Rossiya keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri Ukrainaga xavfsizlik yordami uchun 56 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. U moliyaviy va gumanitar yordam uchun yana o‘nlab milliard dollar ajratdi.

"Mening fikrimcha, urush natijalariga va, shubhasiz, keyingi bir necha oyda sodir bo‘ladigan voqealarga ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omil – bu AQSH saylovlari," deydi London qirollik kollejining Urush tadqiqotlari kafedrasi katta o‘qituvchisi Rut Deyermond.

Ovoz berish natijasi "Ukrainani Qo‘shma Shtatlar qo‘llab-quvvatlashda davom etishi yoki uni qay darajada qo‘llab-quvvatlashini belgilaydi," dedi Deyermond Ozodlik radiosiga.

Respublikachi sobiq prezident Donald Tramp va Demokratik partiya vitse-prezidenti Kamala Harris Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha butunlay boshqacha pozitsiyalarni bildirishdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Камала: Прокурордан президентгача?

Harris Baydenning Ukrainaga yordam siyosatini davom ettirishini va Rossiyaning mag‘lubiyatini aniq ko‘rish istagini bildirdi.

Tramp AQSHning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga shubha bildirib, Kiyevni Rossiya bosqiniga qarshi qo‘llab-quvvatlash yukining asosiy qismini Yevropa ko‘tarishi kerakligini aytdi va NATOning kelajagini shubha ostida qoldirdi. U Ukraina g‘alaba qozonishini istaysizmi degan savolga javob berishdan bosh tortdi va agar u saylansa, urushni juda tez, hatto lavozimga kirishishidan oldin tugatishini qayta-qayta ta’kidladi.

"Garchi biz Harris Oq uyi, ehtimol, Bayden Oq uyi kabi harakat qilishda davom etishini kutishimiz mumkin bo‘lsa-da, albatta Ukrainadan keskin chekinish bo‘lmaydi. Donald Tramp esa urushning tezroq tugashini xohlashini juda aniq aytdi," dedi Deyermond.

"Uning uzoq muddatli tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri, 2016-yilda saylanganidan beri u egallagan kam sonli barqaror tashqi siyosat pozitsiyalaridan biridir, ya’ni, Rossiya bilan murosa qilish edi, – dedi u. – Demak, u urushning tezroq tugashini istaydi, menimcha, Rossiya shartlari asosida."

Tramp Putinning tinchlik muzokaralari uchun shartlari "maqbul emasligini" aytdi, u Rossiyaga nisbatan avvalgi prezidentlarga qaraganda qattiqroq bo‘lganini ta’kidladi va Putin men Oq uyda bo‘lganimda Ukrainaga bostirib kirmagan bo‘lardi, deb da’vo qildi. 2017-yilda u Qo‘shma Shtatlarga Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun ruxsat bergandi. Uning o‘tmishdoshi demokrat Barak Obama esa Moskvani provokatsiya qilishdan xavotirlanib, buni rad etgandi.

"Boshqa yo‘q"

Aprel oyida Tramp yordam grantlariga muqobil sifatida Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchilarga yordam berish uchun Qo‘shma Shtatlar tomonidan boshlangan lend-liz dasturiga o‘xshash narsaga ochiq bo‘lishini aytdi.

Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qanday qilib yakun yasash haqida kam gapirdi.

2023-yil iyul oyida Fox News telekanaliga bergan intervyusida u Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga yordam ko‘rsatish oqimini ochish bilan qo‘rqitib, muzokaralar olib borishga undashga harakat qilishini aytdi. Boshqa tomondan, u Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilib, bosim o‘tkazishini aytdi.

"Men Zelenskiyga: "Endi yo‘q. Bitim tuzish kerak," deyman. Putinga esa: "Agar bitim tuzmasangiz, biz [Zelenskiyga] ko‘proq beramiz. Agar kerak bo‘lsa, biz [Ukrainaga] har qachongidan ham ko‘proq beramiz," deyman, – dedi Tramp. – Bir kunda bitimni tuzaman. Bir kun."

Ukrainaliklar tinchlik bitimiga tezda erishish uchun har qanday harakat Rossiya manfaatlariga xizmat qilishidan, o‘z mamlakatining beshdan bir qismini Moskva nazorati ostida qoldirishidan qo‘rqishadi. Shu bilan birga, bundan Putin harbiy harakatlarni to‘xtatish orqali kelajakdagi hujum uchun kuch to‘plash imkoniyati sifatida foydalanib qoladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Доналд Трампнинг сайловолди митингида ўқ овозлари эшитилди. Трамп эвакуация қилинди

So‘zlar va harakatlar

Har qanday holatda ham, g‘olib hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng nima qilishi aniq emas va keyingi prezidentning harakatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bir qator omillar bor.

Zelenskiy hukumati Bayden ma’muriyatidan norozi bo‘lib, AQSH harbiy yordami juda sekin va haddan tashqari ko‘p cheklovlar bilan kelayotganini bildirdi. Qat’iy iltimoslarga qaramay, Bayden Ukrainaga Rossiyaning ichkarisiga zarba berish uchun AQSHning uzoq masofali raketalaridan foydalanishga ruxsat bermadi.

Ukraina hali ham havo mudofaasi va o‘q-dorilarga muhtoj, bu esa Rossiyaga Ukraina shaharlari va muhim infratuzilmasiga havodan zarba berib, Donetsk viloyatiga chuqurroq kirib borish imkonini bermoqda. Shu oyda Rossiya 2022-yilning mart oyidan, ya’ni keng ko‘lamli bosqindan bir oy o‘tgandan keyingi eng katta hududiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Harris yordam yetkazib berishda yanada faol bo‘lishi yoki cheklovlarni yumshatishi haqida aniq aytmadi. Bu Zelenskiy tomonidan G‘arb yetakchilariga taqdim etilayotgan va iliq qabul qilinmagan "g‘alaba rejasi"dagi nuqtalardan biridir. U rejaning boshqa muhim jihati – Ukrainaga NATOga qo‘shilish uchun tezkor taklif berish haqida izoh bermadi.

Trampning prezidentligi Ukrainaga va Rossiya bosqiniga qanday ta’sir qilishi mumkinligi omillaridan biri uning hukumati tarkibi bo‘ladi.

Xabar qilinishicha, Trampning saylovoldi kampaniyasi sobiq davlat kotibi Mayk Pompeoni mudofaa vaziri lavozimiga va sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Robert O'Brayenni davlat kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Ikkalasi ham Bayden ma’muriyatini AQSH qurollaridan foydalanishni cheklagani uchun tanqid qilib, Rossiyaga qarshi ko‘proq sanksiyalar kiritishga chaqirgandi.

Iyul oyida "The Wall Street Journal" gazetasida e’lon qilingan maqolasida Pompeo mamlakat o‘zini himoya qilishiga yordam berish uchun 500 milliard dollarlik lend-liz dasturi yaratishga chaqirdi. U, shuningdek, Ukrainaga NATO a’zoligini berishga chaqirdi, OBrayen esa bu hafta buni "hozirgi paytda juda provokatsion" deb baholadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Трамп тарафдорлари Конгрессга бостириб кирди. Вашингтонда комендантлик соати жорий қилинди

"Diplomatiya yili"

Yana bir omil: Kongress. Prezidentlar tashqi siyosatda ko‘proq ta’sirga ega bo‘lsalar-da, qonun chiqaruvchi hokimiyat davlat mablag‘larini nazorat qiladi va Oq uyni Ukrainani harbiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qilishi mumkin.

5-noyabrdagi saylovlarda Vakillar palatasi va Senat ustidan nazorat o‘zgarishi mumkin, demokratlar quyi palatada, respublikachilar esa yuqori palatada ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritishlari mumkin.

Bu Ukraina uchun yanada qulay vaziyat bo‘ladi, chunki respublikachilar nazorati ostidagi Senat Ukrainaga yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, dedi o‘tgan oyda "Ozodlik" radiosiga Trampning 2017-19-yillardagi Ukraina muzokaralari bo‘yicha maxsus vakili Kurt Volker. U lend-liz dasturini Kongressdan o‘tkazish osonroq bo‘lishini ta’kidladi.

"Mening fikrimcha, AQSH soliq to‘lovchilarining haqiqiy pullarini Ukrainaga sarflash masalasini hal qilish tobora qiyinlashmoqda, ammo ularga AQSH qurollarini sotib olish va urushda qatnashish uchun zarur bo‘lgan miqdorda qarz olishga ruxsat berish umuman bahsli bo‘lmasligi va ikki partiyaning keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashiga erishishi kerak," dedi u.

Ammo Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchan "Ozodlik" radiosiga aytishicha, Qo‘shma Shtatlar kim g‘olib bo‘lishidan qat’i nazar, urush G‘arb resurslarini zo‘riqtirayotgani sababli Ukrainani muzokaralarga undashi mumkin.

"Men 2025-yil diplomatiya yili bo‘lishini kutgan bo‘lardim, – dedi Kupchan. – Bugungi vaziyatimiz barqaror ekaniga ishonmayman."

Shu bilan birga, u Ukrainaga yordamni to‘xtatish ikki tomonni muzokaralar stoliga o‘tqazishning yo‘li emasligini ta’kidladi.

"Bu Putinga hujumni davom ettirish uchun taklifnoma bo‘ladi," dedi Kupchan.