Rejissyor Aleksandr Sokurov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan tortishgani uchun uzr so‘rab, hayoti xavf ostida qolganini ma’lum qildi. Bu haqda rejissyor prezident huzuridagi Inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeyevga yo‘llagan maktubida yozgan, deb xabar qildi RBK agentligi.
Sokurov xatida Putin bilan bahslashgani uchun kechirim so‘raganki, mazkur tortishuv, o‘z ta’biricha, Fadeyevga “prezident ma’muriyatida talay ko‘ngilsizliklar” tug‘dirishi mumkin.
“Bu qilig‘imga prezidentning matbuot kotibi [Dmitriy Peskov] qanchalik darg‘azab munosabat bildirganini menga ko‘rsatishdi. U to‘g‘ri aytadi – men diletantman, Inson huquqlari kengashidek baobro‘ professional muhitda men kabilarga joy bo‘lmasligi kerak”, – deya maktubdan iqtibos keltirgan RBK.
Sokurov do‘stlari uning hayoti xatarda qolgani haqida ogohlantirishganini yozgan. Rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, omon qolishining yagona kafolati – Vladimir Putinning vaziyatga aralashuvidir.
“Mamlakatimizda jurnalistika xavfli kasb bo‘lsa, nega davlatning maslahat organiga a’zolik maxsus himoyalanishi kerak?”, – deyiladi maktubda.
Rejissyor xati bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. Fadeyev esa Sokurovni yupatishga harakat qilayotganini bildirdi va ortiq izoh berishni rad qildi.
9 - dekabr kuni Inson huquqlari kengashining Rossiya prezidenti bilan uchrashuvida Putin Aleksandr Sokurov bilan tortishib qolgandi. Rejissyor “ruslar bilan bir davlatda yashashni xohlamadigan barcha”ga “ruxsat berish”ni taklif qilgan. U qo‘shimcha qilishicha, Kavkaz respublikalarida ruslarni “borgan sari yomon ko‘rib qolishmoqda” va ulardan “ayrilishni xohlashadi”.
Putin o‘z javobida Sokurovning nutqini manifest deb atagan: “Bu so‘zlaganingiz nutq emas, bu – manifest. Muammolar va fuqarolarimizning muayyan qismida mavjud qo‘rquvlar to‘plami”. Prezident Rossiyaga nisbatan “ikki mingta hududiy da’vo mavjud”ligini aytgan va Sokurovga yuzlanarkan, “Rossiya hududida Yugoslaviya takrorlanishini xohlaysizmi?” deb so‘ragan.
Keyinroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Sokurovning chiqishini tanqid qilib, uni “nigilist” va “sotqin bashara” deb atagan. Checheniston parlamenti esa Tergov qo‘mitasiga murojaat qilib, Sokurovning so‘zlarini tekshirishni talab qilishini bildirgan.
Shundan so‘ng rejissyor jinoiy ta’qib qilishlaridan xavfsirayotganini ma’lum qilgan. “Hadigim bor, ammo prezident bunga izn bermaydi deb umid qilaman. Chunki Inson huquqlari kengashi u yerda turli-tuman, jumladan siyosiy masalalarga oid fikrlar aytilishi uchun ham tuzilgan”, degan Sokurov.
Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Sokurovning hibs qilinishi xususida “gap ham bo‘lishi mumkin emas”ligini, Putin “u bilan juda yaxshi munosabatda” ekanligini aytgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди