Hisobot: Shaharlar iqlim o‘zgarishiga moslashmayotgani sababli millionlab odam xavf ostida

Toshqinlar, jazirama issiq va atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlar kuchayib borayotganiga qaramay, yuzlab shaharda iqlimga moslashish rejasi mavjud emas. Chorshanba kuni e’lon qilingan hisobotda e’tirof etilishicha, bu holat dunyo bo‘ylab 400 million odamni xavf ostiga qo‘ymoqda.

Tez sur’atlarda kengayib borayotgan shaharlarda sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi yashaydi. Shaharlar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ofatlar, iqtisodiy beqarorlik va sog‘liqni saqlash inqirozlariga tobora ko‘proq duchor bo‘lmoqda.

Shirkatlar, shaharlar, va mamlakatlar o‘zining atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risida e’lon qilgan ma’lumotlarni to‘playdigan global CDP nodavlat tashkiloti 800 dan ortiq shaharni o‘rganib chiqib, ularning 43 foizida iqlim o‘zgarishi muammolariga moslashish rejasi yo‘qligini aniqladi.

Tashkilot shaharda yashashni istaydigan odamlar soni tobora ko‘payib borayotganini e’tiborga olib, 2030 - yilga borib 400 millionga yaqin odam iqlim o‘zgarishiga hozir bo‘lmagan shaharda yashashini taxmin qildi.

CDP tashkilotining Yevropa bo‘yicha direktori Miryam Volframning so‘zlariga ko‘ra, hisobotga kiritilgan shaharlarning 93 foizini «katta tahdidlar» kutmoqda: ularning 60 foizi esa suv xavfsizligi bilan bog‘liq «mohiyatli» muammolarga duchor bo‘lganini bildirgan.

Volfram shaharlarga eng yirik tahdidlar suv toshqinlari, issiq mavsumlar, yog‘in-sochin, jazirama issiq kunlar, qurg‘oqchilik va havo ifloslanishi ekanini aytdi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi ega shaharlar daraxt ekish (20 foiz), toshqinlarni xaritalash (18 foiz) va inqirozlarni boshqarish rejalarini ishlab chiqish (14 foiz) kabi choralar ko‘rilayotganini bildirgan.

Hisobotda aytilishicha, ayrim shaharlar qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish ko‘lamini oshirish, shuningdek, yashil maydonlar, transport infratuzilmasi va chiqindilarni qayta ishlashni yaxshilash kabi chorlarni ham ko‘rib chiqmoqda.

2015 - yilda dunyo mamlakatlari Parijda joriy asr oxiriga qadar global isishni, sanoatlashuvdan oldingi davr bilan solishtirganda, Selsiy shkalasi bo‘yicha 2 daraja, risoladagiday holatda esa 1,5 daraja o‘sish bilan cheklashga kelishib olgan.

Ammo 2015 dan keyingi yillar qayd etilgan tarixdagi eng issiq yillar bo‘ldi. Qolaversa, sayyora bo‘ylab shiddatli bo‘ronlar, toshqinlar va o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi.
CDP ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim shaharlar milliy hukumatlardan ham ko‘proq chora ko‘rmoqda.

Hisobotda AQShning Santa Fe okrugi, Buyuk Britaniyaning Manchester shahri va Malayziyaning Penampang shahri bunga misol o‘laroq ko‘rsatildi.

CDP tashkilotining yillik hisobotida qatnashayotgan shaharlar soni ham sezilarli darajada ko‘paygan. 2011 - yilgi ilk tadqiqot uchun 48 shahar ma’lumot bergan bo‘lsa, 2020 - yilga kelib bu ko‘rsatkich 812 taga yetdi.

Ammo CDP hisobotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishiga adaptatsiya qilish rejasini ishlab chiqqan shaharlarda ham ularni amalga oshirishda qiyinchiliklar mavjud. Tadqiqotda qatnashgan shaharlarning qariyb 75 foizi byudjet yetishmovchiligi tufayli rejani amalga oshirish kechikayotganini aytgan.

Tadqiqotda qatnashgan shaharlar rejalashtirilgan ekologik loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 72 milliard dollar kerakligini aytgan.

Jahon bankiga ko‘ra, odamlar va mol-mulk shaharlarda qancha ko‘p to‘plansa, iqlim va tabiiy ofatlar xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, 2015 - yilda global miqyosda shaharlarda tabiiy ofatlar tufayli qayd etilgan o‘rtacha yillik yo‘qotish qiymati taxminan 314 milliard dollarni tashkil qilgan. Bank ushbu ko‘rsatkich 2030 - yilga qadar 415 milliard dollarga yetishini taxmin qilmoqda.