“Hisorak”dagi avariya haqida “feyk” tarqatganlar jazolanmoqda

"Hisorak" suv omboridan kelayotgan suv

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi “Hisorak” suv omboridagi avariya haqida ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 10-iyun kuni Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv ombori haqida internet tarmog‘ida “ba’zi fuqarolar yolg‘on axborot tarqatib, odamlarning tinchini buzib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan”.

Viloyat IIB mazkur holat bo‘yicha Shahrisabz tumanida yashovchi D.U., N.A. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244/6-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan.

“Hisorak”dagi vaziyat bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tarqatilgan dastlabki rasmiy ma’lumotda suv ombori to‘g‘onida avariya sodir bo‘lgani, biroq suv omboriga aytarli shikast yetmagani, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘qligi, vaziyat to‘liq nazoratga olingani urg‘ulangan.

Bu ma’lumot mahalliy turg‘unlarga yetarlicha taskin bermagan chog‘i - suv ombori atrofida yashovchi aholi tunda boshqa hududlarga keta boshlagan. Buning ortidan mahalliy rasmiylar ketma-ketiga suv ombori yorilmagani va favqulodda vaziyat yuzaga kelmagani, hamma narsa nazorat ostida ekani haqidagi qayta va qayta bayonotlar bilan chiqa boshlagan.

To‘g‘ondagi vaziyat haqida 11-iyun kuni O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev ham “Hisorak” suv ombori yaqinida turib bayonot bergan. Mulozimga ko‘ra, suv omborida hech qanday texnogen hodisa yuz bermagan, suv ombori esa odatiy tartibda ishlamoqda. Biroq vazirning bu bayonoti FVV tomonidan avvalroq tarqatilgan “to‘g‘onning chap tarafidan qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgan”iga oid ma’lumotiga zid edi.

O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, Hisorak suv ombori "shtatniy" rejimda ishlayapti. Bu yil ob-havoning seryog‘in kelganligi va kunlarning isib ketib, tog‘lardagi qorlarning erishi tezlashganligi Hisorak suv omborining yon bag‘irlarida joylashgan, o‘zining yo‘li bilan kelayotgan suvlarning birmuncha ko‘payishi holati sezilgan. Lekin suv omborining birorta parametri o‘zgarmagan”, degan vazir Abdulla Qo‘ldoshev.

Ayni paytda Qashqadaryo viloyati hokimiyatiga yaqin, bir-biridan mustaqil ikki manbaning Ozodlikka bildirishlaricha, ombor to‘g‘onida texnogen hodisa yuz bergan.

Kecha tuman hokimi paxtaga suv haydayapmiz, deb yolg‘on aytdi. Hech qachon Qamashidagi suv omboriga bu ombordan suv haydalmaydi. Bu - xalq vahimaga tushmasligi uchun o‘ylab topilgan gap. Xitoyliklar suv omboridan suv tushadigan yana bir tunnel qurishayotgan edi. Qurilish ishlari uchun ular tog‘ jinslarini bir necha marta portlatgan. O‘sha portlashlardan to‘g‘onning betoni darz ketgan va suv o‘sha yerdan oqib chiqqan. Aytishlaricha, hozir o‘sha suv chiqayotgan joy vaqtinchalik yopilgan, lekin uni butunlay mustahkam yopish uchun uch-to‘rt kun vaqt kerak ekan. Hozir, hamma kattalar-u mutaxassislar shu yerda”, degan jumladan ismi sir qolishini so‘ragan mahalliy mulozimlardan biri.

“Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv ombori joylashgan Miraki qo‘rg‘onchasining ismi sir qolishini so‘ragan yashovchisi esa to‘g‘on tarafga tuni bilan qorishtirilgan sement ortilgan mashinalarning qatnovi to‘xtamaganini aytgan.

Men o‘zim shu mahallada yashayman. Tuni bilan tayyor sement qorishmasi bor, sisternasi aylanib turadigan moshinalar oqimi tinmadi. Mening o‘zim yuztadan ortig‘ini sanadim. Bilmadim, ichkarida nima qilishdi, lekin bugun vaziyat tinchidi”, degan mahalliy turg‘un.