Ko‘plab tojiklarni hayratga solgan misli ko‘rilmagan mahkama ishida 32 yildan beri hokimiyat tepasida turgan avtoritar prezident Emomali Rahmonni ag‘darib tashlashga uringanlikda ayblanib sakkiz nafar jamoat arbobi yashirin tarzda sud qilinmoqda.
Ayblanuvchilar orasida sobiq tashqi ishlar vaziri, taniqli deputat va prokuratura da’vosiga ko‘ra, Tojikistonda siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish maqsadida taqiqlangan muxolifat partiyalari bilan hamkorlik qilgan ikki nafar xavfsizlik xizmati polkovnigi bor.
Bosh prokuror Yusuf Rahmon (Prezident Rahmon bilan qarindoshligi yo‘q) "xorijiy hukumat"dan 10 million dollar olishni ko‘zlagan, deb da’vo qilmoqda. Shuningdek, taqiqlangan islomiy ekstremistik guruh Jamoati Ansorulloh hokimiyatni egallab olishda yordam berish uchun, iddao qilinishicha, 3000 ga yaqin jangari berishi kerak bo‘lgan. Bu aybnoma ko‘pchilikni hayratga soldi, chunki ayblanayotganlar qat’iy dunyoviy qarashga ega ekanligi ma’lum edi.
14-noyabr kuni Dushanbe hibsxonasida yoki hukumat rasmiylarining e’lonisiz yopiq eshiklar ortida sud jarayoni boshlandi. Sudlanuvchilarning oila a’zolari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishiga ruxsat berilmadi.
Ayblanuvchilarga qo‘yilgan aniq ayblovlar ma’lum emas, ularning qarindoshlari va himoyachilari OAV bilan muloqot qilmayapti. Ammo "Ozodlik" radiosining ushbu masalaga yaqin manbalariga ko‘ra, ayblovlar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinish, davlatga xiyonat, nafrat qo‘zg‘atish va hujjatlarni qalbakilashtirishdan iborat.
Manbalarning ta’kidlashicha, ayblanuvchilarning ba’zilari o‘z aybiga iqror bo‘lmagan, qolganlarining ko‘pchiligi esa ishlarning maxfiyligi tufayli noma’lum.
Voqealar bosh prokurorning 14-iyun kuni parlamentdan o‘shandan ikki kun avval hibsga olingan deputat Saidjafar Usmonzodaning qonunchilik daxlsizligini bekor qilishni so‘ragan kutilmagan bayonoti bilan boshlandi.
Tojikiston bosh prokurori ta’kidlashicha, Demokratik partiyaning sobiq raisi Usmonzoda taqiqlangan Tojikiston Milliy Alyansi – Tojikistonning bir nechta muxolifat harakatlarini birlashtirgan Yevropadagi tashkilot bilan "siyosiy hokimiyatni kuch bilan qo‘lga olish" rejasini muhokama qilgan.
Yusuf Rahmonning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yil sentyabr oyida Usmonzoda bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Milliy alyans rahbarining o‘sha paytdagi o‘rinbosari Sharofiddin Gadoyev taqiqlangan muxolifatchi Islomiy uyg‘onish partiyasi moliyaviy yordam ko‘rsatishini va fitnani amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Afg‘onistondan Jamoat Ansorulloh jangarilarining Tojikistonga kirishini tashkillashtirishini va’da qilgan. Gadoyev bu da’voni rad etgan.
Bosh prokurorning parlamentga ma’lum qilishicha, fitnada jangarilar mamlakatning turli qismlarida vaziyatni beqarorlashtirish va oxir-oqibat hukumatni "qisqa vaqt ichida" ag‘darish uchun harbiy va politsiya shtablarini egallab, qurollarni qo‘lga kiritishlari kerak edi.
Bosh prokurorning ta’kidlashicha, Usmonzoda o‘ziga qarshi barcha ayblovlarni, jumladan, "nufuzli shaxslarni ishontirish va namoyishlar uyushtirish uchun" noma’lum xorijiy davlat "vakilidan" 10 million dollar so‘raganini tan olgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘zgarishlar uchun yetilgan vaziyat
Bir necha kun ichida taniqli jamoat arboblari – sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy, parlamentning sobiq raisi Akbarshoh Iskandarov, Demokratik partiya rahbari o‘rinbosari Ahmadshoh Komilzoda va Sotsial-demokratik partiya rahbari o‘rinbosari Shokirjon Hakimov Dushanbeda qamoqqa olindi.
Hokimiyat vakillari, shuningdek, yana uchta kamroq tanilgan amaldorni – Tashqi ishlar vazirligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Abdulfayz Atoi va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining iste’fodagi ikki polkovnigi Nuramin G‘anizoda va Jamshed Boyevni ham hibsga oldi.
Prokurorlar avgust oyida jurnalistlarga tekshirilayotgan barcha ishlar "bir-biriga chambarchas bog‘liq" ekanligini aytishgan, ammo boshqa tafsilotlarni berishmagan.
O‘shandan beri hokimiyat vakillari, sud rasmiylari yoki himoyachilardan bu holatlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari bu jarayonni asosan e’tiborsiz qoldirdi.
So‘z erkinligi va hukumatni tanqid qilish qat’iyan man etilgan mamlakatda, ko‘pchilik tojiklar ommaviy axborot vositalari bilan gaplashishdan cho‘chiydi.
Ismi sir qolishi sharti bilan, Dushanbedagi universitet professori "biz ayblanuvchilarning aybi bor-yo‘qligini bilmasak-da, Tojikistonda erta yoki kech rejimni o‘zgartirishga urinish muqarrar tarzda sodir bo‘ladi," dedi.
O‘qituvchining ta’kidlashicha, Prezident Rahmon o‘zining 36 yoshli o‘g‘li Rustamni o‘z o‘rniga tayyorlayotgani haqidagi keng tarqalgan mish-mishlar tufayli ko‘plab tojiklar Tojikistondagi vaziyatdan norozi.
"Barcha qatlamdagi tojik xalqi prezident va uning yaqin doiralari hamma narsani nazorat qilayotgani, mamlakatga o‘z xususiy mulki sifatida munosabatda bo‘layotgani, boshqalarga hech qanday imkoniyat bermayotganidan norozi," deydi professor. "Odamlar bu oila bilan yana 30 yil yashashni istamaydi."
Demokratiya va erkin hamda adolatli saylovlar yo‘qligida, ba’zi odamlar "avtoritar rejimdan qutulishning boshqa yo‘llarini ko‘rib chiqishlari yoki qo‘llashlari mumkin," dedi professor.
"Biroq bu jinoyat ishlari hukumatning hokimiyatni otadan o‘g‘ilga o‘tkazish rejasidan oldingi ishonchsizligi va vahimasini aks ettirishi ham mumkin," deb qo‘shimcha qildi u.
Ba’zi tojik tahlilchilarining fikricha, sakkiz kishiga qo‘yilgan ayblovlar asossiz, chunki aksariyati 60 va 70 yoshlarda bo‘lgan ayblanuvchilarning raqiblariga nisbatan shafqatsiz jazo choralari qo‘llashi bilan tanilgan hukumatga qarshi chiqish ehtimoli kam.
"Bu ayblanuvchilar hokimiyat, ta’sir va siyosiy mavqega ega bo‘lgan paytlarida, ya’ni faoliyatlarining eng yuqori cho‘qqisida ham rejimga qarshilik ko‘rsata olmaganlar, endi esa buni sinab ko‘rishlari deyarli ehtimoldan yiroq," deydi AQSHda istiqomat qiluvchi tojikistonlik siyosiy tahlilchi Aziz Nurulloyev.
Biroq Nurulloyevning ta’kidlashicha, 10 million aholisi bo‘lgan qashshoq mamlakat - Tojikistonda vaziyat "yetilgan", chunki millionlab odamlar ish izlab chet elga ketishga majbur bo‘lmoqda va siyosiy o‘zgarishlarni talab qilishi mumkin.