Hokimlarni jilovlashdan lotin alifbosigacha. Partiyalarning saylovoldi dasturi

O‘zbekiston, saylov.

27-oktyabr kuni O‘zbekistonda parlament va mahalliy kengashlar deputatligi uchun saylov bo‘lib o‘tadi. Saylovga sanoqli haftalar qolganda mamlakatdagi siyosiy partiyalar OAV orqali 2025−2029-yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturini e’lon qila boshladi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bosh g‘oya o‘laroq “Teng imkoniyatlar va adolatli jamiyat sari” shiorini ilgari surgan. 1,1 mln a’zoga ega siyosiy partiya 2019-yilgi saylovda parlamentdagi 24 ta deputatlik o‘rnini egallagan edi.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda ijroiya tizimi qonunchilik va sud hokimiyatlari ustidan norasmiy ta’sirga ega ekanini tanqid qilib keladi. Ayniqsa, mahalliy kengashlardagi “ob-havo” hokimlar tomonidan belgilanishi aytiladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Сайлов-2024: "Янгича", аммо мухолифатсиз сайлов

“Adolat” partiyasi saylovoldi dasturida hududlarda deputatlar vakolatini kuchaytirish va o‘zaro tiyib turish mexanizmini takomillashtirish maqsadida mahalliy kengash deputatlariga tegishli hokimlarga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish huquqini berishni taklif etgan.

Partiya, shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar jazoni kuchaytirish, yetkazilgan zararni o‘n barobar miqdorda undirishni nazarda tutuvchi normalarni joriy etish tashabbusini ilgari surgan.

Partiya dasturida, garchi aniq mexanizmlari ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, jinoiy yo‘l bilan xorijga olib chiqib ketilgan aktivlarni qaytarish masalasi ham ko‘tarilgan.

Surishtiruv-tergov payti fuqarolarning kaltaklanishi, tergov izolatorlaridan gumonlanuvchilarning jasadi chiqishi jamoatchilikning xavotiriga sabab bo‘lib kelmoqda. Shunga ko‘ra, “Adolat” partiyasi fuqarolar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar binosida vafot etgan taqdirda har bir holat yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bunday turdagi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif etgan.

Partiyaga ko‘ra, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari ichki ishlar organlaridan Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazilishi kerak.

“Adolat” partiyasi saylovoldi dasturidan sudyalarning ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, jumladan, mehnat, soliq, moliya, intellektual mulk, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilishga oid nizolar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sudyalar korpusini yaratish, jarimalar miqdori va boshqa huquqiy ta’sir choralarni fuqarolarning daromadlariga mutanosib ravishda belgilash, istirohat bog‘lari, bolalar oromgohlari, sayilgohlar, ta’lim va tibbiyotga oid davlat obyektlarini xususiylashtirishni taqiqlash kabi takliflar ham o‘rin olgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodNazar: Алишер Қодиров кўпроқ овоз олади деб ўйлагандим

O‘zini konservatizm mafkurasidagi siyosiy partiya deya taqdim etib kelayotgan “Milliy tiklanish”ning saylovoldi dasturida oilaviy qadriyatlar, til, tarixiy meros kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

“Milliy tiklanish” a’zolari soni 762 mingni tashkil qiladi. Besh yil avvalgi saylovda partiya Qonunchilik palatasidan 36 o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgan.
Mamlakat ziyolilari o‘zbek tili mustaqillikdan keyingi yillarda ham haqiqiy ma’noda davlat tili maqomiga ko‘tarilmaganidan nadomat chekib keladi.

“Milliy tiklanish” bu borada qonun hujjatlari, idoraviy yozishmalar, tashqi reklamalar, mobil operatorlar xabarlarining davlat tilida bo‘lishini ta’minlash, chet tillardagi kinofilmlarni mamlakat kinoteatrlarida namoyish etishda ularni o‘zbek tiliga majburiy tarjima qilishga qaratilgan huquqiy normani belgilash, davlat tilida ish yuritmagan tashkilot rahbarlariga keskin choralar ko‘rish kabilarni taklif etgan.

Partiya ko‘pdan buyon paysalga solib kelinayotgan masala – lotin alifbosiga o‘tish ham yakuniga yetkazilishi lozim degan pozitsiyada.

Muhofazakorlik yo‘lini tanlagan partiya taklifiga ko‘ra, oilalarning buzilishini kamaytirish maqsadida ajrimlar uchun davlat bojini oshirish kerak.

Gender huquqlari yo‘nalishida esa ayollarga moslashuvchan ish vaqtini joriy qilish, ular oilada ko‘proq bo‘lishi uchun shart-sharoit yaratish, farzand ko‘rgan ayollarga bola uch yoshga to‘lguniga qadar haq to‘lanadigan “Onalik ta’tili” berish tizimini joriy qilish taklif etilgan.

“Milliy tiklanish”, bundan tashqari, ro‘yxatga olinmagan madaniy meros obyektlarini aniqlash va davlat muhofazasiga olish, madaniy meros obyektlarini ijaraga berish tizimini bekor qilish talabini ham ilgari surgan.

O‘zini markaz, o‘ng-markaz pozitsiyadagi partiya sifatida taqdim etib kelayotgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 2019-yilgi saylovda parlament quyi palatasidagi 53 ta mandatni qo‘lga kiritgan. Hozirda partiya a’zolari 1,6 mln nafarga yetgani aytiladi.

Ishbilarmon toifaning himoyachisi bo‘lgan partiya mansabdorlarning tadbirkorlar, fermerlar faoliyatiga aralashuvini qat’iy taqiqlash, ular faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuv uchun javobgarlikni kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turlarini kamaytirish kabi takliflarni ilgari surgan.

Iqtisodiy jinoyatlar uchun qamoqqa olib tergov qilish amaliyotiga chek qo‘yish, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish zarurligi ta’kidlangan.
Partiya davlat xizmatchilarining byudjet hisobidan qimmatbaho narsalardan foydalanishini cheklash, avtomobillar va telefonlarni davlat hisobidan sotib olishni tartibga solish lozim deb hisoblaydi.

O‘zLiDeP hokimlarning kengash oldida hisobdor bo‘lishi, hokim va mahalliy kengashning javobgarlik doirasi va vazifalarini aniq belgilash uchun 500 dan ortiq qonunchilik hujjatini tizimlashtirishni taklif qilgan.

So‘l pozitsiyada ekanini aytib kelayotgan Xalq demokratik partiyasi parlamentda 22 vakilga ega. A’zolari soni 704 ming kishini tashkil etadi.
XDPning saylovoldi dasturi 10 ta maqsad va 15 ta strategik qadamni o‘z ichiga oladi.

Partiya, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam – nogironlar huquqlarini himoya qilishga jiddiyroq e’tibor qaratish, milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha standart qoidalariga to‘liq muvofiqlashtirish lozim deb hisoblaydi. Bu borada nogironlar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqish hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunining alohida qismi sifatida qonun darajasida mustahkamlash, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxatini kengaytirish orqali davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, shu jumladan, temir yo‘l vokzallari, aeroport va shohbekatlarda ko‘zi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalari, svetofor va maxsus yo‘laklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlarni o‘rnatish taklif qilingan.

XDPga ko‘ra, “barcha fuqarolar uchun pensiya va ijtimoiy nafaqalar hayotiy ehtiyojlarni to‘laqonli qondirishga yetarli bo‘lishiga erishish” lozim. Bu yo‘nalishda ayollarga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga bolasi 3 yoshga to‘lguncha parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini to‘liq qo‘shib hisoblash, er yoki xotin vafot etganda hamda vafot etgan shaxs ko‘proq pensiya olgan taqdirda, ushbu pensiyani uning hayot bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib berish (pensiyani almashtirish) tartibini joriy etish, pensiyaga chiqqach, kamida besh yil ishlab, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni to‘lagan pensionerlar uchun muqaddam tayinlangan pensiyani qayta hisoblab, oshirilgan miqdorda tayinlash imkoniyatini berish, pensiyani yoshini o‘zgartirmasdan saqlab qolish bo‘yicha siyosatni davom ettirish kabi talablar ilgari surilgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Аллақулов- “Мирзиёевнинг лойиҳаси”ми?

Muxolifatsiz saylov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 27-oktyabrda o‘tkaziladi. Saylov kampaniyasiga 26-iyuldan rasman start berilgan.

25-sentyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) O‘zbekistonda parlament saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasini boshladi.

Rasmiy bildirgiga ko‘ra, Duglas Veyk boshchiligidagi missiya Toshkentda faoliyat olib boradigan 14 nafar xalqaro ekspert va 2-oktyabrdan butun mamlakat bo‘ylab joylashtiriladigan 26 nafar uzoq muddatli kuzatuvchidan iborat.

Shuningdek, saylov arafasida 300 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi ham keladi.

“Missiya saylovlarning YXHT va boshqa xalqaro majburiyatlarga va demokratik saylovlar standartlariga, shuningdek, milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi”, deyiladi xabarda.

YXHT missiyasi prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach o‘tkazilgan ikkita parlament hamda uchta prezident saylovlarida saylov qonunchiligi takomillashtirilgani, ammo ovoz berish jarayonlarida siyosiy raqobat kuzatilmaganini aytgan.

Tashkilot O‘zbekiston Adliya vazirligi yangi, muxolif qarashdagi faollarning siyosiy partiyaga birlashish urinishlari qarshiliklarga uchraganini tanqid qilgan.

2019-yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YXHT missiyasi O‘zbekistonda saylov qonunchiligi takomillashgani va so‘z erkinligiga hurmat oshgani, biroq bu muxolif siyosiy partiyalarning mavjud emasligining o‘rnini qoplay olmaganini aytgan.