Sirdaryo viloyat, Guliston shahridan OzodMikrofonga qo‘ng‘iroq qilgan tadbirkor, 46 yashar Shavkat Muhammadiyevning arz qilishicha, hokimlikka yaqin bitta tadbirkor qariyb besh yuz nafar tadbirkor savdo qiladigan ko‘chani yopib qo‘yib, ularning savdosiga sun’iy to‘siq qo‘ymoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Guliston shahar, Taraqqiyot mahallasidagi Bunyodkor ko‘chasidagi tadbirkorlarmiz. 2013 - yilda bir qavatli do‘konlarimiz buzilib, zamonaviy, ikki qavatli qilib qurgan edik. Uch yilcha yaxshi ishladik, keyin yana boshlandi. Bu noto‘g‘ri qurilgan, buziladi, har yili bir syurpriz qilib turishadi. Ikki yil oldin Guliston shahar hokimi Dadaboyev kelib hammaga xatlar berib, bu yerda “Guliston siti” quriladi, do‘konlaring buziladi, dedi. Viloyat hokimiga chiqdik, u kelib ko‘rib, yaxshi, baquvvat qurilgan ekan, bu proyektga kiradi, lekin buzilmaydi, deb aytgandan so‘ng, tinchidik.
Guliston markaziy dehqon bozori boshqa joyga ko‘chirilgandan keyin, bir Dantes degan tadbirkor chiqdi-da o‘sha yerda Humo savdo kompleksini qurdi. Bu kompleks qurildiyu, bizning ko‘chamiz baloga qoldi. Noqulay yo‘l bo‘lgani uchun hech kim u yoqqa bormadi. O‘tgan yilgi karantinda bizning ko‘cha ikki tomondan taqa-taq yopildi, moshin, avtobus kirmagandan keyin odamlar ham kelmaydi, savdo ham o‘ldi. Humo esa karantinda ham ishlayverdi. Bundan maqsad bizni sindirish va odamlarni o‘sha bozorga borishga majbur qilish. Karantin tugagandan keyin, hamma Humoni tashlab yana bizning ko‘chaga qaytib keldi”.
Shavkat Muhammadiyevning aytishicha, shundan so‘ng katta tadbirkor Dantes Ustajalilov, “Guliston siti” qurilishi bahonasida yo‘lni kavlab yopib qo‘ygan:
“Biz ko‘chaning o‘ng tomonida bo‘lsak, chap tomonida “Guliston siti” qurilishi belgilangan. O‘tgan yilning 30 - noyabrida kelyaptida, bir kechada kanalizatsiya o‘tadi deb, butun ko‘chani kavlab tashlayapti. Hamma joy loy, yo‘l qolmadi. Ikki oy shunday kavlanganicha yotdi. Bir qarich ham truba qo‘yilmadi. Mana yaqinda prezidentimiz viloyatlarga boradigan bo‘lib qolganidan so‘ng, boyagi kavlangan joyni ko‘mib tekislab, asfaltlab qo‘yishdi. Bunga qancha mablag‘ ketdi, qancha mehnat. Buning hammasi shu bitta tadbirkor va shahar hokimligining ishi bilan bo‘lyapti”.
Tadbirkorga ko‘ra, bu hiylalari ham ish bermagach boshqacha yo‘l tutilgan:
“Bizning to‘g‘rimizda 50x50 maydonga qurilish qila boshladi. Qurilishning orqa tomonini banner bilan to‘sib oldi, lekin biz tomonga bannerini yo‘lning yarmigacha olib kelib, loy to‘kib o‘rnatdi. Yo‘l yana yopildi. Vaholanki bu qurilishiga orqa tomondagi ko‘chadan bemalol kirib chiqsa bo‘ladi. Xuddi shunday boshqa bir tadbirkor ham yo‘lning bo‘yida qurilish qilyapti, lekin yo‘lning biror qarichi ham yopilmagan”.
Shavkat Muhammadiyevga ko‘ra, bunday sun’iy to‘siqlar sabab, besh yuzdan ortiq tadbirkorning savdosi o‘lyapti:
“Avtobuslar kirolmaydi, ko‘cha bardak qilib tashlangan. Odamlar sarson, to‘rtta ko‘cha naryoqqa borib, avtobuslarga minib ketishyapti. Ikki oydan buyon xalq sarson, tadbirkorlar mushkul ahvolda. Bitta tadbirkor qurgan savdo markaziga odamlar bormagani uchun mana shunday to‘siqlar yaratib, hammaning yengilini og‘ir qilishmoqda!”
****************************************************************
Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.
SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.
OzodMikrofon sizga muntazir!
OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!