Hujjat: Aholini tashqi axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq "salbiy ta’siri"dan himoyalashga doir loyiha hozirlandi

O‘zbekistonda axborot xavfsizligini ta’minlash, aholini ijtimoiy tarmoqlar ta’siridan himoyalash va davlat tizimlariga buning uchun yetarli vakolat hamda qudratni berishga qaratilgan milliy siyosatni belgilovchi hujjatlar loyihasi Ozodlikka kelib tushdi.

Hokimiyat idoralaridagi manba sizdirgan hujjatlar paketi - “O‘zbekiston Respublikasida axborot xavfsizligini tubdan mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni va unga tirkalgan “Axborot xavfsizligi konsepsiyasi” hamda “Yo‘l xaritasi” loyihalaridan iborat.

Farmon loyhasini Prezident administratsiyasi qoshidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) hozirlagani ko‘rsatilgan. Hujjat haqida Ozodlik agentlikdan hozircha rasmiy javob ololmadi, ammo prezident ma’muriyatidagi Ozodlik manbasi shunday hujjat hozirlanganini tasdiqladi.

Hujjatda asosan, bugun global axborot va kibermakonda O‘zbekiston to‘g‘risida "asoslanmagan va xolisona bo‘lmagan ma’lumotlar"ga qarshi kurashish, aholini tashqi axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar "salbiy ta’siridan himoya qilish", ayniqsa yoshlarda "vatanga sadoqatni targ‘ib qilish" kabi qator vazifalar belgilangan.

23 sahifali hujjat

Ozodlikka kelib tushgan 3 hujjatdan biri “O‘zbekiston Respublikasida axborot xavfsizligini tubdan mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” ID-25304 (V-2) raqamli Prezident Farmoni loyihasi, deya qayd etilgan.

Yana biri “Axborot xavfsizligi kontseptsiyasi” hamda shu asosda 2021-2022 - yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”dir.

Prezident farmoni loyihasidan olingan fotonusxa.

Kelgusida O‘zbekistonning axborot xavfsizligiga oid siyosatini belgilab beruvchi farmon, konsepsiya va Yo‘l xaritasi loyihasi 23 sahifadan iborat va uning ijrosi qariyb barcha vazirlik, qo‘mita, uyushma va davlat OAVlari zimmasiga yuklangan.

18 - fevral kuni Ozodlik ushbu hujjatlar loyihasini internet tarmog‘idagi ochiq manbalardan topa olmadi.

Ijtimoiy tarmoqlar - real xavf?

Hujjatda zamonaviy axborot texnologiyalari – internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va boshqa texnologiyalarning aholi o‘rtasida keng yoyilib ulgurgani “bir tomondan, rivojlanishning ijobiy omili bo‘lsa, boshqa tomondan axborot muhiti orqali xavfsizlikka tahdid amalga oshirilishi uchun real xavf” ekani urg‘ulangan.

Ushbu hujjatlar paketi loyihasiga mas’ul ko‘rsatilgan shaxs ismi aks etgan Internet tarmog‘idagi ochiq manba.

Axborotni himoya qilish mexanizmlarini “zamonaviy potensial hujum va xavfsizlik tahdidlari”ni inobatga olgan holda tubdan va tanqidiy qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlangan.

Bu o‘rinda kibermakondagi huquqbuzarliklar va jinoyatlarga qarshi tizimning shakllanmagani davlat tizimlari ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani alohida qayd etilgan.

Shuningdek, davlat tizimlarining chet elda ishlab chiqarilgan axborot xavfsizligini ta’minlash "dasturiy mahsulotlari va texnologiyalarga bog‘liqligi" tanqid qilingan.

Axborot xavfsizligiga hujjat mualliflari nazdidagi tahdidlar

“Axborot xavfsizligi kontsepsiyasi”da bugungi davlat tizimi va aholisi uchun xavf solishi aytilgan "ichki va tashqi tahdidlar" sanab o‘tiladi.

Prezident farmoni loyihasidan olingan fotonusxa.

Jumladan, quyidagilar "tashqi tahdid" sifatida qayd etilgan:

  • O‘zbekiston to‘g‘risida asoslanmagan va xolisona bo‘lmagan ma’lumotlarning tarqatilishi;
  • ma’naviy-axloqiy va an’anaviy milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan hayot tarzi va andozalarni targ‘ib qiluvchi “ommaviy madaniyat” elementlarining tarqatilishi;
  • xorijiy ommaviy axborot vositalari mahsulotlari, kontenti va media-xizmatlari hamda boshqa axborot resurslarining milliy axborot makonida ustunlik qilishi;
  • xorijiy mamlakatlar tomonidan axborot infratuzilmasiga harbiy maqsadlarda axborot-texnik ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlarining kuchaytirilishi.

"Ichki tahdidlar":

  • Axborot sohasida fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat manfaatlarining buzilishi;
  • ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, fuqarolar tinchligini barbod qilish maqsadida O‘zbekiston aholisiga buzg‘unchi axborot ta’siri ko‘rsatish;
  • Internet tarmog‘idan, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardan ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qilish maqsadida foydalanish;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturlar va axborotni himoya qilish vositalarining importiga bog‘liqlikning o‘sishi;
  • axborot xavfsizligi buzilishiga olib keluvchi favqulodda vaziyatlar (tabiiy ofatlar va halokatlar)ning yuzaga kelishi.

Konsepsiyada, jumladan: “Mamlakatda butun jahon Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni oshib bormoqda, tegishli ravishda milliy ommaviy kommunikatsiyalar vositalari faolligi, Internet-makonning ham milliy, ham chet el segmentlarida mahsulotni tarqatish hajmlari va axborot ko‘lami imkoniyatlari ham kengaymoqda”, deya qayd etilgan.

Buni inobatga olgan holda, “axborot xavfsizligiga ta’sir etuvchi tendensiya va omillarni tezkor baholash” tizimini yaratish zarurligi ham qayd etiladi.

Yo‘l xaritasi”

Ayni muammolarni hal etish uchun 2021-2022 - yillarda bajarilishi belgilangan vazifalar “Yo‘l xaritasi”da qayd etilgan.

Prezident farmoni loyihasiga tirkalgan “Yo‘l xaritasi” loyihasidan olingan fotonusxa.

Quyida ulardan ba’zilari:

  • milliy manfaatlariga zid keluvchi ma’lumotlar tarqatilishi oldini olish va qarshi kurashish;
  • bolalar va yoshlarni buzg‘unchi axborot, ekstremistik va terroristik g‘oyalardan himoya qilish;
  • axborot makonida aholi radikallashuvi oldini olish uchun ijtimoiy tarmoqlarda diniy ehtiyojni qondirishga sharoit yaratish;
  • vatanparvarlik hamda Vatanga sodiqlikni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish;
  • O‘zbekiston axborot makonining mamlakat ichki ishlariga aralashishi va tashqi axborot-ideologik salbiy ta’sirdan jamiyatni himoya qilish uchun aksiltarg‘ibotni oshirish;
  • axborot va kibermakondagi jinoyatlarni aniqlash, jazolash va bunga qarshi huquqiy normani ishlab chiqish.

Bu o‘rinda ushbu konsepsiya va unda belgilangan vazifalar O‘zbekiston “milliy xavfsizligi konsepsiyasining tarkibiy qismi” ekani alohida qayd etilgan.

Bu vazifalarni bajarishga davlat tizimidagi barcha idoralar, vazirliklar va OAV, qator jamoat tashkilotlari ham jalb qilingan:

  • DXX, Mudofaa vazirligi, IIV, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, AOKA, Kiberxavfsizlik markazi, O‘zAA, MTRK, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zaloqanazorat, boshqa vazirlik va davlat idoralari.

Bajarilishi ko‘zlangan vazifalar sirasida idoralararo ishchi guruhlar tuzish, axborot xavfsizligiga oid ijtimoiy video-rolik, maqolalarni keng tarqatish, Internet tarmog‘idagi axborot resurslarini monitoring qilish, yoshlarni zararli va buzg‘unchi axborotdan himoya qilishga oid materiallarni tayyorlash, ta’lim muassasalarida seminar va musobaqalar o‘tkazish kabi rejalar ko‘rsatib o‘tilgan.

Hujjatda kelasi 2 yil ichida bajariladigan vazifalar uchun vazirliklar va hokimiyat idoralari rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklanishi urg‘ulanadi.

Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir A.N. Aripov va Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Mahmudov zimmasiga yuklangan.

Hujjat yuzasidan AOKA izoh bermadi

Ushbu hujjatlar paketini ishlab chiqqani ko‘rsatilgan AOKA agentligi bu borada Ozodlikka hozircha biror rasmiy izoh bergani yo‘q.

17 - fevral kuni agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov ma’lumot olish uchun matbuot xizmatiga rasmiy so‘rovnoma jo‘natishni tavsiya qildi.

O‘sha kuni Ozodlik o‘zining rasmiy elektron manzilidan konkret savollar bilan maktub va kelib tushgan hujjat fotonusxasini yo‘lladi.

18 - fevral kuni agentlikdan, O‘zbekistonda qabul qilingan "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida" qonunning 6-moddasiga asosan qayta murojaat qilish haqida javob keldi.

Vaholanki, Ozodlikning rferl.org domenidan jo‘natgan elektron maktubda yuridik shaxs nomidan murojaat qilayotgan murojaatchining ism-familiyasi, telefon va faks raqamlari, lavozimi, tashkilot nomi aks etgan.

Bu orada o‘tgan vaqt davomida agentlik rahbariyati vakili va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi bu loyiha haqidagi ma’lumot hamda fotonusxani tasdiqlamadi, ayni paytda inkor ham qilmadi.

Shu bois Ozodlik, O‘zbekistonda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalarga mas’ul qilib qo‘yilgan tashkilotning jamoatchilik bilan aloqalarga mas’ul bo‘limidan bu mazmunda olingan maktubga qayta javob yo‘llamadi.

Ayni paytda, Ozodlik AOKA agentligidan mamlakat jamoatchiligi uchun ijtimoiy muhim ahamiyatga ega masalaga doir konkret savollarga hanuz javob kutmoqda.

Ozodlik manbasi ushbu loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalanmagan, deb iddao qildi. Ozodlik bu iddaoni hozircha rasmiy manbalardan tasdiqlay olgani yo‘q.

Ammo Ozodlikning prezident ma’muriyatidagi ismi oshkor qilinmayotgan manbasiga ko‘ra, shunday "jiddiy hujjat loyihasi" ishlab chiqilgan va hanuz jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani yo‘q.

Tarmoqlardagi faollikni bostirishga urinish

Hujjat loyihasi O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar faolligi ortib borayotgan, aholining qator ijtimoiy va iqtisodiy muammolardan noroziligini ifoda qilish uchun tarmoqlar va mustaqil, xorijiy axborot vositalaridan tobora faol foydalanayotgani manzarasida paydo bo‘lmoqda.

Joriy yil oktabrida o‘tishi kutilayotgan prezident saylovlariga hozirlik fonida OAV hamda blogerlarga nisbatan bosim kuchaya boshlagani ham kuzatiladi.

Jumladan, 15 - fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari OAV yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy tartibsizlik va zo‘ravonlikka chaqirgan, noqonuniy miting va namoyishga da’vat qilgan, saylov tartibini buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘radi.

“Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari deputatlari taklificha, bunday huquqbuzarlik uchun jazo taqriban 14 million so‘m (taqriban 1400 AQSh dollari) miqdoridagi jarimadan 5 yilgacha qamoq tarzida belgilanishi lozim.

Bundan tashqari deputatlar, OAV vakillari va blogerlardan ularning paltformalari orqali shu mazmundagi fikr va chaqiriqlarni qoldirgan sharh egalariga oid ma’lumotlarni ochiqlashni ham talab qilmoqda.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Saylovga tayyorgarlik". Noqonuniy namoyishga chaqirganlik uchun 5 yilgacha qamash taklif qilindi